Isroil hujumlariga xalqaro hamjamiyatning munosabati kuchaymoqda

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrish Isroil hujumlarida tinch aholini himoya qilish birinchi o'rinda turishi kerakligini aytdi.

2061188
Isroil hujumlariga xalqaro hamjamiyatning munosabati kuchaymoqda

 

Isroilning G’azoga uyushtirgan hujumlariga xalqaro hamjamiyatning munosabati kuchaymoqda.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrish Isroil hujumlarida tinch aholini himoya qilish birinchi o'rinda turishi kerakligini aytdi.

Antoniu Guterrish jurnalistlar uchun o‘tkazilgan brifingda “G‘azo bolalar qabristoniga aylanib borayotgani”ni ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Falastinda har kuni yuzlab bolalar halok bo‘lmoqda va yaralanmoqda.

“Biz Gʻazoda guvoh boʻlgan xalqaro gumanitar huquqning ochiq-oydin buzilishidan xavotirdamiz”, dedi Guterrish.

Hududda zudlik bilan otashkesimga ehtiyoj borligini ifoda etgan Guterrish, BMT va hamkorlari 2 million 700 ming kishiga – G‘azoning butun aholisi va G‘arbiy sohildagi yarim million falastinlikka, jumladan Sharqiy Quddusga yordam berish uchun 1 milliard dollardan ortiq gumanitar yordam zarurligi to‘g‘risidagi murojaat bilan chiqqanini ma’lum qildi.

Yevropa Ittifoqi Kengashi rahbari Charlz Mishel Isroil har doim Yevropa Ittifoqining doʻsti va ittifoqchisi boʻlganiga urgʻu bergan boʻlsa-da, tinch aholi nishonga olinishini oldini olish uchun barcha choralarni koʻrishga chaqirdi.

O'tgan hafta bo'lib o'tgan Yevropa Ittifoqi yetakchilari sammitida gumanitar sulh chaqirig'ini takrorlagan Mishel, kelajakda doimiy tinchlik faqat ikki davlat yechimi asosidagi muzokaralar orqali bo'lishini ta'kidladi.

NATO Bosh kotibi Yens Stoltenberg ham G'azodagi vaziyatdan chuqur xavotirda ekanligini aytdi. Stoltenberg mintaqadagi hujumlarda tinch aholini himoya qilish muhim ekanini ta’kidladi.

Jazoir Prezidenti Abdulmejid Tebbun, "Isroil Xalqaro Jinoiy Sudda sudlanishi kerak" dedi. U shuningdek, Falastin xalqiga qarshi o'nlab yillar davom etgan jinoyatlarning jazosiz qolishiga chek qo’yish kerakligini ta'kidladi.

Birlashgan Arab Amirliklari ham G'azo sektorida keng qamrovli ko’chma shifoxona tashkil etishini e'lon qildi.

Boshqa tomondan, Isroilning G'azoga uyushtirgan hujumlari ortidan 7-oktyabrdan beri 6 marta to’plangan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xavfsizlik Kengashi yana kelishuvga erisha olmadi.

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Nyu-Yorkdagi shtab-kvartirasida matbuotga yopiq eshiklar ortida yig'ilish bo'lib o'tdi.

Yig'ilishdan keyin matbuotga bayonot bergan AQShning BMTdagi doimiy vakili o'rinbosari Robert Vud, "Hali kelishuvga erishilgani yo'q" dedi.

Uning ta'kidlashicha, yig'ilishda mojaroda gumanitar inqiroz masalasi ko'tarilgan, ammo bu masala bo'yicha Kengash oldida hamon turli qarashlar mavjud.


Tanlangan kalimalar: #Falastin , #G'azo , #Isroil

Aloqador xabarlar