Kuleba:"Erdo‘g‘an Putinga don kelishuvini tiklash uchun bosim o‘tkazishi mumkin"

Bu haqda Ukraina Tashqi ishlar vaziri Dmitriy Kuleba “Corriere della Sera” nashriga bergan intervyusida so‘z ochdi.

2023107
Kuleba:"Erdo‘g‘an Putinga don kelishuvini tiklash uchun bosim o‘tkazishi mumkin"

 

Turkiya Prezidenti Rajab Tayyip Erdo‘g‘an Rossiya rahbari Vladimir Putinga don kelishuvini tiklash uchun bosim o‘tkazishi mumkin.

Bu haqda Ukraina Tashqi ishlar vaziri Dmitriy Kuleba “Corriere della Sera” nashriga bergan intervyusida so‘z ochdi.

Uning aytishicha, Ukraina vaqtni behuda o‘tkazmayapti va mahsulotlarni Qora dengizdan o‘tmasdan eksport qilishning muqobil yo‘llarini qidirmoqda.

“Ha, menimcha, bu Prezident Erdo‘g‘anning qo‘lidan keladi. Turk diplomatiyasi Rossiya bilan hamkorlik qilayotganini bilamiz. Ayni paytda biz bug‘doy va boshqa mahsulotlarni Qora dengizdan o‘tmasdan eksport qilish uchun muqobil yo‘nalishlar qurmoqdamiz”, degan Kuleba.

Aytish joizki, Erdo‘g‘an don kelishuvini kengaytirilgan formatda qayta tiklash niyatida ekanini bildirgan hamda G‘arb davlatlarini ushbu tashabbusni Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi tinchlik asosiga aylantirishda yordam berishga chaqirgan. AQSH Davlat kotibi Blinken esa Rossiyani don kelishuviga qaytarishi mumkin bo‘lgan davlat sifatida Braziliyani keltirgan.

“Menimcha, Braziliya Prezidenti Lulaning ovozi hal qiluvchi ahamiyatga ega. Rossiyani kelishuvga qaytishga ko‘ndirish uchun bu ovozdan foydalanish juda ijobiy harakat bo‘lardi”, degan Blinken.

Ma’lumot uchun, don kelishuvi 2022 yil 22 iyulda Istanbulda tuzilgan. U yerda Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Rossiya, Turkiya va Ukraina ishtirokida ikkita hujjat imzolangan. Unga ko‘ra, Ukrainaning uchta portidan (Chernomorsk, Odessa va Yujniy) g‘alla eksporti uchun yo‘lak yaratish hamda Rossiya oziq-ovqat va o‘g‘itlarni eksport qilish yo‘lidagi to‘siqlarni bartaraf qilishga kelishildi. Tashabbus 2022 yil noyabrida 120 kunga, keyin yana ikki marta – ikki oyga uzaytirilgan. Kelishuv joriy yilning 17 iyul kuni tugadi. Shundan so‘ng Rossiya shartnomaning ikkinchi qismi bajarilmagani vaji bilan kelishuvdan chiqdi va Ukraina portlariga zarba berdi.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 2 avgust kuni Turkiya Prezidenti Rajab Tayyip Erdo‘g‘an rossiyalik mavqedoshi Vladimir Putin bilan telefonda suhbatlashgan va unga Anqara g‘alla bitimini qayta boshlash uchun jadal harakatlarni davom ettirishini aytgan edi. Suhbat chog‘ida yetakchilar Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning Turkiyaga tashrifi bo‘yicha kelishuvga erishgan.


Tanlangan kalimalar: #Turkiya , #Ukraina , #Erdo'g'an

Aloqador xabarlar