Jo Bayden Turkiyaning Shvetsiya bo'yicha qarorini olqishladi

“Yevro-Atlantika mintaqasining mudofaa talablarini qondirish uchun Prezident Erdo‘g‘an va Turkiya bilan hamkorlik qilishga tayyorman”, -dedi Jo Bayden.

2009585
Jo Bayden Turkiyaning Shvetsiya bo'yicha qarorini olqishladi

 

Amerika Qo'shma Shtatlari Prezidenti Jo Bayden Turkiya Shvetsiyaning NATOga a'zolik uchun qo’ygan vetosini bekor qilishga rozi bo’lganini olqishladi.

Bayden yozma bayonotida, Prezident Rajap Tayyip Erdog'anning Turkiya, Shvetsiya va NATO Bosh kotibi Yens Stoltenberg tomonidan e'lon qilingan bayonotni, jumladan Shvetsiyaning NATOga a’zo bo’lish bo’yicha protokolini Turkiya parlamentiga topshirish qarorini mamnuniyat bilan qabul qilganini bildirdi.

“Yevro-Atlantika mintaqasining mudofaa talablarini qondirish uchun Prezident Erdo‘g‘an va Turkiya bilan hamkorlik qilishga tayyorman”, -dedi Jo Bayden.

Shvetsiyani NATOning 32-ittifoqchisi sifatida tan olishni intiqlik bilan kutayotganini ifoda etgan Bayden, NATO Bosh kotibi Stoltenbergga faol sa’y-harakati uchun minnatdorlik bildirdi.

Amerikalik ba'zi senatorlar ham o'z bayonotlarida Turkiya Shvetsiyaning NATOga a'zo bo'lish protokolini parlamentga yuborishini e'lon qilganidan mamnunligini bildirgan.

Kecha Litva poytaxti Vilnyusda Prezident Rajap Tayyip Erdog'an, Shvetsiya Bosh vaziri Ulf Kristersson va NATO Bosh kotibi Yens Stoltenberg NATO sammiti oldidan uchrashib, o’zaro kelishuvga erishdi.

Kelishuv doirasida Turkiya Shvetsiyaning NATOga kirish protokollarini parlamentga taqdim etishi, Shvetsiya esa Turkiyaning Yevropa Ittifoqiga a'zolik jarayonini, jumladan Bojxona ittifoqini yangilash va vizani liberallashtirishni faol qo'llab-quvvatlashi bildirildi.


Tanlangan kalimalar: #Shvetsiya , #Turkiya , #Jo Bayden

Aloqador xabarlar