Rossiya armiyasi Donetsk viloyatidagi ko‘p qavatli uyga zarba berdi
Ma’lumotga ko’ra, voqea joyiga yuborilgan qidiruv-qutqaruv guruhlari vayronalar ostidan 3 kishining jasadini olib chiqqan, 2 kishini qutqarib olgan.

Ukrainaning Donetsk viloyatida Rossiya armiyasi tomonidan uchirilgan raketaning ko‘p qavatli uyga kelib tushishi oqibatida 3 kishi halok bo‘ldi, 8 kishi tan jarohati oldi.
Ukraina Davlat Favqulodda Xizmatlar boshqarmasi ma’lum qilishicha, Donetsk viloyatining Kramatorsk shahrida sodir etilgan raketa zarbasi natijasida 4 qavatli turar joy binosi vayron bo'lgan.
Ma’lumotga ko’ra, voqea joyiga yuborilgan qidiruv-qutqaruv guruhlari vayronalar ostidan 3 kishining jasadini olib chiqqan, 2 kishini qutqarib olgan.
Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy hujum oqibatida binoda yashovchi tinch aholi vakillari halok bo‘lgani va vayronalar ostida hamon insonlarning borligini ma’lum qildi.
"Bunday fojialarning takrorlanish ehtimolini kamaytirish uchun bu kabi huyovuzliklarni yengish kerak" deydi Vladimir Zelenskiy.
Prezident shuningdek, halok bo‘lganlarning oila a’zolari va yaqinlariga hamdardlik bildirib, aybdorlarga albatta jazo choralari ko’rilishini qo‘shimcha qildi.
Ukraina Bosh shtab boshqarmasi tomonidan berilgan bayonotda, Rossiya armiyasi so’nggi bir sutkada Donetsk viloyatidagi Slavyansk, Kramatorsk va Drujkivka aholi punktlariga 6 marta raketa hujumi va 4 marta havo hujumi sodir etilgani bildirildi.
“Dushman hujumlarida aksariyati tinch aholi vakillari halok bo‘lgan”, — deyiladi bayonotda.
Ukraina askarlari Lugansk va Donetsk viloyatlaridagi aholi punktlarida Rossiya hujumlarini qaytarishga muvaffaq bo’lishgan. Lugansk viloyatidagi Novogorovka, Nevskoye va Dibrova hamda Donetsk viloyatidagi Terniy va Serebryanka hududlari ruslar tomonidan o'qqa tutilgan.
Bahmut va Avdiyiv yo'nalishidagi ba'zi aholi punktlari Rossiya kuchlarining hujumlaridan zarar ko’rgan.