Ukrainada g'alla ortilgan birinchi kema Istanbulga yetib keldi

Kema bugun Qo‘shma muvofiqlashtirish markaziga a’zo bo‘lgan Turkiya, Rossiya, Ukraina va Birlashgan Millatlar Tashkiloti vakillari tomonidan ko‘zdan kechiriladi.

1862989
Ukrainada g'alla ortilgan birinchi kema Istanbulga yetib keldi

 

Kecha, 2 avgust kuni kechqurun Ukraina donini eksport qiluvchi birinchi “Razoni” yuk kemasi Istanbulga yetib keldi va langar tashladi. U Odessa portidan yo‘lga chiqqandi. 

Bir kun avval Odessa portidan jo‘nab ketgan “Razoni” yuk kemasi Istanbuldagi Bosfor bo‘g‘ozining Qora dengizga kirish qismida tekshiruvdan o‘tkaziladi.

Qayd etilishicha, kema bugun, 3 avgust kuni Qo‘shma muvofiqlashtirish markaziga a’zo bo‘lgan Turkiya, Rossiya, Ukraina va Birlashgan Millatlar Tashkiloti vakillari tomonidan ko‘zdan kechiriladi. Ular kemadagi ekipajning hujjatlarini va yukni, kemani sinchiklab tekshiradi hamda  yakuniy bayonnomani imzolaydi.

Shundan so‘ng, “Razoni” kemasi Bosfordan o‘tib, Tripoli portiga yo‘l oladi. Kema u yerga Ukrainadan 26 ming tonna makkajo‘xori olib ketmoqda. Undan keyin 600 ming tonnaga yaqin don va neft olib ketuvchi yana o‘n beshta kema Ukrainaning uchta portini tark etishi rejalangan.

Ma’lumotga ko’ra, Ukraina urush tufayli haligacha 20 million tonnadan ortiq qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini eksport qila olmagan. Ular hamon eksport qilinishni kutmoqda.

Eslatma: Joriy yilning 22 iyul kuni Turkiyaning Istanbul shahrida Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Tayyip Erdo‘g‘an, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrish, Turkiya Milliy Mudofaa vaziri Hulusi Akar, Rossiya Milliy Mudofaa vaziri Sergey Shoygu va Ukraina Infratuzilma vaziri Aleksandr Kubrakov ishtirokida “Don yo‘lagi” hujjati imzolangandi.


Tanlangan kalimalar: #Razoni , #Ukraina

Aloqador xabarlar