Lavrov Rossiya-Ukraina mojarosiga diplomatiya yo‘li bilan yechim topishni taklif qildi

Kecha, 14-fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin va mamlakat Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov tobora jiddiy tus ola boshlagan Rossiya-Ukraina atrofidagi vaziyatni muhokama qildi.

1778505
Lavrov Rossiya-Ukraina mojarosiga diplomatiya yo‘li bilan yechim topishni taklif qildi

 

Kecha, 14-fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin va mamlakat Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov tobora jiddiy tus ola boshlagan Rossiya-Ukraina atrofidagi vaziyatni muhokama qildi.

Uchrashuv chog‘ida Lavrov Putinga mintaqa xavfsizligi masalasida G‘arb bilan muzokaralarni davom ettirish va masalaga diplomatiya yo‘li bilan yechim topishni taklif qilgan. 

Lavrovga ko‘ra, “AQSH va G‘arb Moskvaning mintaqada tinchlikni saqlash borasidagi talablarini rad etgan bo‘lsa-da, Kreml tomonlar o‘rtasida muzokaralarni davom ettirishni ma’qullaydi”. 

AQSH va NATO Rossiyaning eng asosiy talabi, Ukrainaning alyansga a’zo bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslik talabini rad etib, mamlakat tashqi ishlar vazirligiga yozma bayonot yo‘llagan edi. 

Rossiya Tashqi ishlar vazirining ma'lum qilishicha, AQSHning javobi Rossiyani qoniqtirmaydi.
 
"AQSHning javobi ikki qismdan iborat. Birinchi qism biz tilga olgan uchta asosiy muammoga javob beradi: NATOning Sharqqa tomon kengaymasligi, bizga tahdid soluvchi qurollarni chegaramiz yaqiniga joylashtirmaslik, chegaramiz yaqinida joylashtirligan qo‘shinlarni 1997 yilda imzolangan mintaqada xavfsizlikni ta’minlash doirasidagi Rossiya–NATO aktiga muvofiq chegara yaqinidan olib chiqib ketish. Afsuski, bu masalalar bo‘yicha albatta, qoniqarsiz va salbiy javoblar oldik. Tabiiyki, bu bizni qoniqtirmaydi”, deydi Lavrov. 

Uning ta’kidlashicha, qaysidir davlatning biror bir tashkilot, harbiy blokka qo‘shilishi bu o‘zining tanlovi va xohishi, bunga to‘sqinlik qilishga hech kimning haqqi yo‘q. Ammo bir davlatning o‘z xavfsizligini boshqa bir davlatga xavf tug‘dirish hisobidan ta’minlashi noto‘g‘ri.

“Ikkinchi, eng muhim qism shundan iboratki, hech qaysi davlat, hech bir davlatlar ittifoqi yoki tashkilot YeXHT doirasida dominantlik qila olmaydi. Afsuski, biz NATO va o‘z o‘rnini qidirayotgan Yevropa Ittifoqi qandaydir yo‘llar bilan qit’amizning kelajagini belgilab berishga urinayotganiga guvoh bo‘lmoqdamiz”, degan Lavrov.

Vazirga ko‘ra, Rossiya xavfsizlik kafolatlari bo‘yicha Moskva takliflariga AQSH va NATO yo‘llagan javoblarni sinchiklab tahlil qilgan.

"25 yanvar kuni AQSH va Shimoliy Atlantika alyansi bizga javob yubordi. Biz ularni hamkasblarimiz bilan idoralararo formatda sinchiklab o‘rganib chiqdik. Bizda birinchi navbatda AQSHning javobi qiziqish uyg‘otdi. Chunki unda G‘arb lageridagi bu masalalarni hal qilishda kim asosiy rol o‘ynashi ma’lum bo‘lgan”, degan TIV rahbari.

Lavrovning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya G‘arbdan xavfsizlik kafolatlari bo‘yicha Moskva tomonidan berilgan savollarga ijobiy javob kutishda davom etadi va shu bilan birga ushbu mavzuning boshqa jihatlari bo‘yicha muloqotni rivojlantiradi.


Tanlangan kalimalar: #Sergey Lavrov , #Ukraina , #Rossiya

Aloqador xabarlar