Parijdagi “Muqaddas ona” cherkovi Notr-Damda kuchli yong‘in sodir bo’ldi

Yong’inni “dahshatli fojia” deb atagan Fransiya prezidenti Emmanyuel Makron fransiyaliklarga ushbu cherkovni qayta tiklashga va'da bergan.

1184072
Parijdagi “Muqaddas ona” cherkovi Notr-Damda kuchli yong‘in sodir bo’ldi

 

Fransiya poytaxti Parijda shahar ramziga aylangan “Muqaddas ona” cherkovi– Notr-Damda kuchli yong‘in sodir bo’ldi.

Kecha, 15 aprel oqshom ro’y bergan yong’in o’t o’chirish xizmati xodimlarining 8 soatlik urinishlari natijasida o’chirildi.

Yong‘in oqibatida cherkovning (XIX asrda) 93 metr balandlikdagi minoralaridan biri va tom qismi, shuningdek soatlar o‘rnatilgan bo’lagi qulab tushgan.

Voqea joyiga taxminan 500dan ortiq o‘t o‘chiruvchi va favqulodda xizmatlar boshqarmasi xodimlari yetib kelgan. Cherkov ichidagi odamlarning barchasi evakuatsiya qilingan.

Parij prokuraturasi ayni paytda hodisa sabablarini tekshirmoqda.

Fransiyada tarixiy asarlar bilan shug’ullangan “Meros” fondi cherkovning yong‘indan keyingi rekonstruksiyasi uchun milliy yordam kampaniyasini tashkil qilishini ma’lum qildi.

Shu bilan birga, Fransiyaning eng badavlat odamlaridan biri bo’lgan milliarder Fransua Pino Parijdagi “Muqaddas ona” cherkovini qayta tiklash uchun 100 mln yevro mablag’ o’tkazishini ma’lum qildi.

Fransiya matbuotida tarqatilgan xabarlarga ko’ra, hodisaning tvitterda joylangan ko‘plab videolarida cherkovdan chiqayotgan quyuq qora tutun va olovni ko‘rish mumkin. Insonlar bir necha soat ichida Tvitterdan hodisaning 1 mln 600 mingdan ortiq tasvirini e’lon qilgan.

Yong’inni “dahshatli fojia” deb atagan Fransiya prezidenti Emmanyuel Makron fransiyaliklarga ushbu cherkovni qayta tiklashga va'da bergan.

“Faxrlanishimiz kerakki, 800 yildan ko‘proq tarixga ega bo’lgan bu asarni biz bunyod etdik va yillar mobaynida yana-da kengaytirdik, rivojlantirdik. Bugun shuni qat’iy aytmoqchimanki, biz birgalikda cherkovni tiklaymiz va qaytatdan insho etamiz”,-dedi Fransiya prezidenti Emmanyuel Makron.

Dastlabki ma'lumotlarga ko‘ra, yong‘in cherkovdagi restavratsiya ishlari vaqtida yuz bergan. 

Fransiyaning ramzi bo’lgan va bir qancha urushlarga qaramay o’zini saqlab qolgan dunyo bo’ylab mashhur bo’lgan ushbu tarixiy asarning zarar ko’rishi nafaqat fransuzlarni, balki barcha yevropaliklarni chuqur qayg’uga soldi.

Ta’kidlash joizki, Notr-Dam cherkovi 850 yildan ortiq tarixga ega bo’lib, xristianlarning mamlakatdagi ramzi bo’lib hisoblanadi. Unda Fransiya tarixidagi eng muhim voqealar yuz bergan.

2013 yilda cherkov o‘zining 850 yilligini nishonlagan.

Cherkovda 1302 yil Fransiya qirolligining ilk general shtatlari – hozirgi parlamentning timsoli ochilgan. Unda Fransiya haloskori Janna d’Ark sud qilingan.   

Aynan shu yerda 1804 yilda Rim papasi Piy VII Napoleon Bonapartga toj kiydirgan va u Fransiya imperatoriga aylangan edi.



Aloqador xabarlar