Kiyevda rossiyalik jurnalist Arkadiy Babchenko o’z uyida o'ldirib ketilgan

Rossiyalik jurnalist Arkadiy Babchenko 2017 yilning 21 fevral kuni Rossiyani tark etib, Kiyevga joylashgan edi.

981958
Kiyevda rossiyalik jurnalist Arkadiy Babchenko o’z uyida o'ldirib ketilgan

Ukraina poytaxti Kiyevda 29 may seshanba kuni rossiyalik jurnalist Arkadiy Babchenko o’z uyida o'ldirib ketilgan.

Ukraina ichki ishlar vazirligi Kiyevda bir telekanalda ko’rsatuv olib borayotgan Arkadiy Babchenko suiqasd qurboni bo’lganligini ma’lum qildi.

Ma’lum bo’lishicha, Babchenko tez yordam mashinasida shifoxonaga olib ketilayotgan paytda yo’lda olamdan o’tgan.

“Bu jinoyat poytaxt Kiyevning Dnepropetrovsk tumanidagi Nikolsko- Slobodskaya ko’chasida ro’y bergan. 102 shoshilinch raqamiga doktorlardan ma’lumot kelgan: Ularga bir ayol qo’ng’iroq qilib, uyda turmush o’rtog’i qonga bulanib yotganligini aytgan. Jabrlanuvchi dastlabki ma’lumotlarga ko’ra, orqasidan o’q uzilganligi tufayli hayotdan ko’z yumgan. Jabrlanuvchi telekanallardan birida ko’rsatuv olib borardi. U 1977 yilda tug’ilgan Rossiya Federatsiyasi fuqarosi”,-deyiladi bayonotda.

Babchenko 2017 yilning 21 fevral kuni Rossiyani tark etib, Kiyevga joylashgan edi.

U bunga o'ziga to'xtovsiz tahdid qilishayotganini sabab qilib ko’rsatgan.

Arkadiy Babchenko 2017 yilning oktyabr oyidan buyon Kiyevda Qrim tatar televideniyesi ATR telekanalida “Prime: Babchenko” dasturini olib borayotgan edi.



Aloqador xabarlar