Turk dunyosiga bagʻishlangan umr - 9

«Turk dunyosiga bagʻishlangan umr» dasturining bugungi sonida turk madaniyati va tilining muhim jarayonini oʻz ichiga olgan qipchoq davri va asarlari haqida soʻz qilamiz.

2108597
Turk dunyosiga bagʻishlangan umr - 9

Bir tilning qay darajada rivojlangani va oʻzgarganini tushunib yetish uchun u tilning tarixiy jarayoni bilan bir qatorda ana shu tilda gapirgan xalqning e’tiqodi va ijtimoiy - madaniy tarixini chuqur o‘rganish orqali oʻrtaga qoʻyiluvchi xronologiyaga ehtiyojimiz bor. Bugungi turk dunyosi tadqiqotlari bu borada muvaffaqiyatli yoʻlni bosib oʻtmoqda desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Turkologiya fanining vujudga kelishi bilan shu doirada turk tilining tarixiy davrlarining chegaralari aniqlanib, batafsil oʻrganishga kirishildi. Turk tilining tarixiy jarayonlaridan biri, shu tilning qipchoq guruhiga mansub asarlar qalamga olingan davridir.  Qadimgi qipchoq yoki kuman tili deb ham atalgan turk tilining ushbu guruhi davri 13 - 15 asrlarga to‘g‘ri keladi. U bir tomondan Qora dengiz shimolidagi bugungi Rossiya, Ukraina va Kavkazlarda ikkinchi tomondan esa janubda Misr va Suriyada yozma adabiy til sifatida ishlatilgan. Uning ildizi turklarning qipchoq qo‘liga borib taqaladi va tarixda migratsiya, qul savdosi va yollanma askarlar tufayli keng va ulkan hududga tarqaldi.

Turkologlar tarixiy turk tilining qipchoq unsurini o‘z ichiga olgan davrni turli manbalar, zamonlar va muhitlarga ko‘ra bo‘zqir yoki sof - qiphoq, mamluk – qipchoq va arman - qipchoq guruhchasi deb uchta kategoriyada tadqiq qiladilar. Bu davrning turk tiliga salmoqli hissa qo‘shgan eng muhim yozma manbaalardan biri Codex Cumanicus lug‘atidir. Mazkur asar 14 - asrda italyanlar va nemislar tomonidan yig‘ilib, tuzilgan va ikki qismdan iborat lugʻatdir. Codex Cumanicus turk tili tarixida birinchi marotaba lotin harflarida qalamga olingan asar bo‘lishi jihatidan ham alohida o‘ringa ega. Kumanlar orasida nasroniylikni targ‘ib qilish maqsadida missionerlar tomonidan tayyorlangan va shu maqsadda turk tilini tushunish uchun yozilgan qoʻllanma kitobdir. Turk tilining 14 – asrdagi holatiga oydinlik kiritgan bu asarning yagona qoʻlyozma nusxasi Italiyada, Venetsiyadagi Avliyo Mark kutubxonasida saqlanmoqda. Keyinchalik, boshqacha qilib aytganda 14 - 16 asrlarda mamluk - qipchoq davriga oid asarlarni yana  - da ko‘proq uchrata boshlaymiz. Turkologlar bu asarlarni lug‘at va grammatika, fiqhiy asarlar, o‘qchilik va chavandozlik hamda adabiy asarlar sifatida tasniflamoqda. Eski qipchoq davri asarlarining eng muhim jihati shundaki, ular, arablarga turk tilini o‘rgatish maqsadida grammatika va lug‘at asosida yozilgan. Abu Hayyon Muhammad ibn Yusuf qalamiga mansub «Kitobu ul – idrok li - lison il - atrok» (Turk tilini bilish kitobi) eng avvalo lugʻat, grammatika va jumla bilimlari kitobidir. Mamluk - qipchoq davridan bugungi kungacha yetib kelgan yagona adabiy asar esa «Guliston tarjimasi»dir. «Guliston tarjimasi» — eronlik shoir Sadiy asarining erkin tarjimasi boʻlib, Sayfiy Saroyi tomonidan 1391 – yili tamomlangan. Bu davrning yana bir xususiyati shundaki, qipchoqlar armanlar bilan qoʻshni boʻlgan va ularning alifbosini qabul qilib, asarlar qoldirganlar. Arman - qipchoq matnlari 16 - 17 asrlarda ayniqsa Lvov va Kamenets – Podilskiy shaharlari bosh boʻlish bilan birga Ukraina, Ruminiya, Moldova, Qrim va Turkiya kabi keng hududda arman alifbosida ammo turk tilining qipchoq guruhida tayyorlangan. Bugungi kungacha yetib kelgan 112 ta yozma asar taxminan 25 - 30 ming sahifadan iborat buyuk xazinadir.

Tarixda o‘z nomlarini qoldirgan qipchoq turklarining bugungi kundagi meroschilari qozoq, qirg‘iz, qozon va qrim tatarlari, qumuqlar, qorachay - bolqorlar, no‘g‘aylar, qariyimlar va urum turklaridir. Hozirgacha tadqiq qilinayotgan bu davr asarlari, qiyosiy jihatdan ham tadqiq qilinib, turk dunyosi va turk madaniyatiga katta hissa qo‘shmoqda.



Aloqador xabarlar