O‘zbekiston – Xitoy munosabatlaridagi oxirgi vaziyat

Yevroosiyo kun tartibi - 5 (2024)

2096261
O‘zbekiston – Xitoy munosabatlaridagi oxirgi vaziyat

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2024-yildagi ilk xorijiy tashrifini 23-25-yanvar kunlari Xitoy Xalq Respublikasiga amalga oshirdi. Prezident Mirziyoyev Xitoyga bo‘lgan davlat tashrifi chog‘ida poytaxt Pekinda Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin, Xalq siyosiy maslahat kengashi Butunxitoy qo‘mitasi Raisi Chjao Letszi va XXR Davlat kengashi Bosh vaziri Li Syan  bilan uchrashuvlar o‘tkazdi. Yig‘ilishda Toshkent shahrida Xitoy Eksim-bankining Markaziy Osiyo filialini (eksport-import) ochish to‘g‘risida qaror qabul qilindi. Davlat rahbarlari Si Szinpin va Shavkat Mirziyoyev ikki davlat oʻrtasida har tomonlama strategik hamkorlikni yoʻlga qoʻyishga kelishib oldilar. Muzokaralar natijasida O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida 15 ta shartnoma imzolandi. Eslatib oʻtamiz, Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning oʻtgan yilning may oyida Xitoy Xalq Respublikasiga tashrifi chogʻida ikki davlat oʻrtasida 41 ta shartnoma imzolangan edi.

Prezident Mirziyoyev keyin esa Shenchjenshahriga borib u yerda Xitoy - Oʻzbekiston sarmoyaviy forumida ishtirok etdi. Tashrif doirasida Shavkat Mirziyoyev Xitoyning yetakchi kompaniyalari rahbarlari bilan alohida - alohida uchrashuvlar o‘tkazdi. Prezident Mirziyoyev ishtirokida Oʻzbekistonning Jizzax viloyatida Xitoyning BYD kompaniyasi tomonidan gibrid va elektromobillar ishlab chiqariladigan zavodning ochilish marosimi boʻlib oʻtdi. O‘tgan yilning dekabr oyida O‘zbekiston Xitoyning “Henan Suda” kompaniyasi bilan 2033-yilgacha butun mamlakat bo‘ylab 50 mingta elektr zaryadlovchi stansiya qurish bo‘yicha shartnoma imzolagan edi. Xitoyning O‘zbekistonga kiritgan sarmoyasi 14 milliard dollardan oshdi.

2023-yildan e’tiboran Xitoy O‘zbekistonning eng yirik tashqi savdo sherigi bo‘lishga muvaffaq bo‘ldi. Tomonlar 14 milliard dollarga yetgan mushtarak savdo hajmini kelgusi yillarda 20 milliard dollarga chiqarishni rejalashtirmoqda.

***

Xitoy va O‘zbekiston o‘rtasidagi mintaqalararo hamkorlik jadal tus ola boshladi. So‘nggi yillarda mintaqalararo forumlar, o‘zaro hay’at tashriflari va tajriba almashish masalalari muntazam ravishda yo‘lga qo‘yilib kelinmoqda. Masalan, 2024-yil 22-yanvar kuni Urumchi shahrida Xitoy-O‘zbekiston mahalliy boshqaruvlararo hamkorlik forumi bo‘lib o‘tdi. Mamlakatning turli mintaqalaridan Xitoyning O‘zbekistonga kiritayotgan sarmoyalarini ko‘rish mumkin. O‘zbekiston Xitoy fuqarolari sayohatini ko‘paytirish uchun ularning 10 kun davomida vizasiz kirishiga ruxsat berdi.

Hozirgacha Oʻzbekiston bilan Xitoy oʻrtasidagi 7 ta shaharga havo yo‘li qatnovi yoʻlga qoʻyilgan. Yangi kelishuvga koʻra, ikki davlat oʻrtasida shahar cheklovlarisiz 50 ta oʻzaro qatnov tashkil etishga ruxsat berildi.

Prezident Mirziyoyevning Xitoyga bo‘lgan tashrifi doirasida 2024-yil 22-23-yanvar kunlari Pekin shahrida Xitoy-O‘zbekiston ta’lim forumi bo‘lib o‘tdi. Forumda ikki davlatdan 147 ta universitet rektorlari ishtirok etdi. Forumda Xitoy-O‘zbekiston universitetlari uyushmasini tashkil etish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.

Xulosa qilib aytganda, O‘zbekiston - Xitoy munosabatlari eng yuqori darajada. Ikki tomonlama aloqalar energetika, sanoat, transport, savdo, qishloq xo‘jaligi, ta’lim kabi turli sohalarda jadal rivojlanmoqda. Voqealar rivojiga nazar tashlaydigan bo‘lsak O‘zbekiston-Xitoy munosabatlarining yanada rivojlanishini, Prezident Mirziyoyevning Xitoyga bo‘lgan davlat tashrifining samarali o‘tganini aytish mumkin.

 



Aloqador xabarlar