O'zbekistondan xabarlar 62- qism

Senatning navbatdagi yalpi majlisi doirasida “O‘zbekiston Respublikasi bilan Qozog‘iston Respublikasi o‘rtasida ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi Shartnomani ratifikatsiya qilish haqida”gi Qonun ko‘rib chiqildi.

2078914
O'zbekistondan xabarlar 62- qism

Senat xalqaro hamkorlik yo‘nalishida

Senatning navbatdagi yalpi majlisi doirasida “O‘zbekiston Respublikasi bilan Qozog‘iston Respublikasi o‘rtasida ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi Shartnomani ratifikatsiya qilish haqida”gi Qonun ko‘rib chiqildi.

Muhokama chog‘ida senatorlar O‘zbekiston va Qozog‘iston eng yaqin qo‘shnilar hamda vaqt sinovidan o‘tgan strategik hamkorlar ekanini alohida taʼkidladi. Keyingi yillarda ikki mamlakat o‘rtasida hamkorlikning yangi davri boshlandi, siyosiy, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi munosabatlar jadal rivojlanmoqda.

Shartnomaning asosiy maqsadi ikki mamlakat mustaqilligi, suvereniteti, hududiy yaxlitligini va barqaror iqtisodiy rivojlanishini yana-da mustahkamlashga qaratilgan davlatlararo munosabatlarning yangi bosqichini shartnoma-huquqiy jihatdan mustahkamlashdan iborat ekani qayd etildi.

Shartnoma tashqi siyosat, mudofaa va xavfsizlik, migratsiya, sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish, transchegaraviy suv resurslaridan oqilona foydalanish bo‘yicha qo‘shma chora-tadbirlarni qabul qilish, parlamentlar, siyosiy partiyalar va jamoat tashkilotlari o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash kabi sohalarda yaqin hamkorlikni nazarda tutadi.

Senatorlar Shartnomaning ratifikatsiya qilinishi ikki xalqning maʼnaviy-madaniy yaqinligini qo‘llab-quvvatlashga, madaniyat, ilm-fan, taʼlim va sport sohasidagi o‘zaro aloqalarni mustahkamlashga xizmat qiladi, degan fikr bildirdi.

Shartnoma ilovasida davlat rahbarlari boshchilik qiladigan O‘zbekiston Respublikasi va Qozog‘iston Respublikasi Oliy davlatlararo kengashi to‘g‘risidagi Nizom keltirilgani alohida taʼkidlandi.

Muhokama yakunlari bo‘yicha Senat Shartnomani ratifikatsiya qilishga doir Qonunni maʼqulladi.

Shuningdek Parlament yuqori palatasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi bilan Italiya Respublikasi o‘rtasida ushlab berish, mahkumlarni topshirish, jinoiy ishlar bo‘yicha o‘zaro huquqiy yordam to‘g‘risidagi shartnomalarni ratifikatsiya qilish haqidagi qonunlar ko‘rib chiqildi.

Muhokamalar chog‘ida globallashuv, tobora kuchayib borayotgan migratsiya jarayonlari hamda terrorizm, ekstremizm, uyushgan jinoyatchilik xavfi ortib borayotgan sharoitda xalqaro hamkorlikning ishonchli huquqiy asoslarini shakllantirish masalalari nihoyatda dolzarb ahamiyat kasb etishi taʼkidlandi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 8-9-iyun kunlari Italiya Respublikasiga davlat tashrifi chog‘ida qator ikki tomonlama shartnomalarning imzolangani ikki mamlakat huquqni muhofaza qilish organlari o‘rtasida hamkorlikni chuqurlashtirish yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi.

Senatorlar tomonidan ko‘rib chiqilgan “O‘zbekiston Respublikasi bilan Italiya Respublikasi o‘rtasida jinoiy ishlar bo‘yicha o‘zaro huquqiy yordam to‘g‘risidagi Shartnomani (Rim, 2023-yil 8-iyun) ratifikatsiya qilish haqida”gi Qonunda jinoyat ishlarini tergov qilish va boshqa protsessual harakatlarni amalga oshirish bilan bog‘liq holda yuridik yordam ko‘rsatish asoslari va shart-sharoitlari nazarda tutilmoqda. Xususan, so‘rovlarning shakli va mazmuni, yordam ko‘rsatishni rad etish yoki kechiktirish asoslari, so‘rovlarni bajarish, himoya choralari, xavfsizlik kafolatlari, shuningdek, jinoyat ishlarini taʼqibni davom ettirish uchun o‘tkazish kabi muhim masalalar bo‘yicha qoidalar belgilanmoqda.

Senatorlarning fikricha, jinoyat ishlari bo‘yicha o‘zaro huquqiy yordam to‘g‘risidagi Shartnomaning ratifikatsiya qilinishi ikki mamlakat huquqni muhofaza qilish organlarining jinoyat ishlarini tergov qilish va sud muhokamasi jarayonining samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.

O‘zbekiston Respublikasi bilan Italiya Respublikasi o‘rtasida mahkumlarni topshirish to‘g‘risidagi Shartnoma (Rim, 2023-yil 8-iyun) ratifikatsiya qilinishi O‘zbekiston va Italiya fuqarolariga sud tomonidan tayinlangan jazoni o‘z mamlakatida o‘tashlari uchun huquqiy asos va imkoniyat yaratadi.

Hujjatga ko‘ra mahkumlarni topshirish Qonunda belgilangan tartib-taomillarga muvofiq shartnoma tuzuvchi tomonlarning murojaatlari asosida amalga oshiriladi.

Muhokamalar doirasida mahkumlarning jazoni o‘z mamlakatida o‘tashi ularga yaqin qarindoshlari bilan muntazam uchrashish imkonini yaratishi taʼkidlandi. Bu oilaviy munosabatlarga ijobiy taʼsir qiladi, shuningdek, mahkumlarning jamiyat ijtimoiy hayotiga moslashishiga yordam beradi.

O‘zbekiston Respublikasi bilan Italiya Respublikasi o‘rtasida ushlab berish to‘g‘risidagi Shartnomada (Rim, 2023-yil 8-iyun) har bir tomon boshqa tomonning so‘roviga ko‘ra o‘z hududida aniqlangan va boshqa tomon tarafidan qidirilayotgan shaxslarni jinoiy javobgarlikka tortish yoki bunday shaxslarga nisbatan chiqarilgan hukmni ijro etish uchun bir-birlariga ushlab berishi asoslari va shartlari ko‘rsatilgan.

Mazkur Shartnomaning ratifikatsiya qilinishi sud muhokamasi samaradorligini oshirishga va jinoyat sodir etgan shaxslarga nisbatan jazoning muqarrarligi tamoyilini taʼminlashga xizmat qiladi.

Muhokama yakunlari bo‘yicha senatorlar shartnomalar ratifikatsiya qilinishiga doir qonunlarni qo‘llab-quvvatladi.

 



Aloqador xabarlar