Yevroosiyo kun tartibi - 62

Dasturimizning bugungi sonida Turk Respublikalari kun tartibidagi muhim voqealar haqida so‘z qilamiz.

2059405
Yevroosiyo kun tartibi - 62

2023 - yilning 23 - oktabri kuni Qozog‘istonda Jahon Birinchi yordam xizmati konferensiyasi bo‘lib o‘tdi. Konferensiyada Qozog‘iston Prezidenti Qasim - Jo‘mart Toqayev ishtirok etdi. Bundan tashqari Prezident Toqayev, Jahon Sog‘liqni saqlash tashkiloti Bosh direktori Tedros Adhonam Gebreyesusni qabul qildi.

2023 - yilning 23 - oktabri kuni Lyuksemburgda Markaziy Osiyo - Yevropa ittifoqi Tashqi Ishlar vazirlarining o‘n to‘qqizinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Oʻzbekiston, Tojikiston va Turkmaniston Tashqi Ishlar vazirlari hamda Yevropa ittifoqining yuqori martabali rahbarlari ishtirok etdi. Yig‘ilishda Markaziy Osiyo - Yevropa ittifoqi hamkorligini chuqurlashtirish bo‘yicha yo‘l xaritasi tasdiqlandi va Rossiyaga qarshi sanksiyalarni amalga oshirishga qaratilgan sa’y - harakatlar davom etishi tasdiqlandi.

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2023 - yilning 23 - oktabri kuni AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) rahbari Samanta Pauerni qabul qildi. 24 - oktabr kuni Samarqandda Markaziy Osiyo – AQSh iqtisodiyot va savdo vazirlarining birinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda, mintaqaviy integratsiya va mintaqa davlatlarining AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi bilan hamkorligi samaradorligini oshirish masalalari muhokama qilindi. Yig‘ilish yakunida AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi va mintaqa davlatlari oʻrtasida bojxona tartib -qoidalarini raqamlashtirish va mintaqani karbonsizlantirish boʻyicha oʻzaro anglashuv memorandumi imzolandi.

2023 - yilning 26 - oktabri kuni Bishkek shahrida Shanxay hamkorlik tashkiloti tarkibidagi davlatlar Hukumat rahbarlarining yigirma ikkinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Yigʻilishda tashkilotga aʼzo va kuzatuvchi davlatlarning hukumat rahbarlari ishtirok etdi. Yig‘ilish yakunida bir qator shartnomalar imzolandi. Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov, yig‘ilishda ishtirok etayotgan hukumat rahbarlarini qabul qildi.

Shu kuni Bishkek shahrida Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi Hukumat rahbarlarining uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Unda, tashkilotga a’zo davlatlarning hukumat rahbarlari ishtirok etdi. Uchrashuv yakunida 12 ta hujjat imzolandi.

2023 - yilning 26 - oktabri kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston - Qozog‘iston parlamentlararo kengashining birinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qozog‘iston Respublikasi majlisi raisi Yerlan Koshanovni qabul qildi.

Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov, 2023 - yilning 25 – 26 oktabri kunlari Turkiyaga ilk rasmiy tashrifini amalga oshirdi. Prezident Berdimuhamedov poytaxt Anqarada Prezident Rejep Tayyip Erdo‘g‘an bilan uchrashdi. Uchrashuv yakunida ikki davlat oʻrtasida 13 ta shartnoma imzolandi. Turkiya - Turkmaniston biznes forumining ochilishida Prezident Berdimuhamedov ham ishtirok etdi.

2023 - yilning 23 - oktabri kuni Tehron shahrida Rossiya, Turkiya, Ozarbayjon, Eron va Armaniston Tashqi Ishlar vazirlarining 3+3 formatidagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Ushbu yig‘ilishda Janubiy Kavkazdan tashqari Yaqin Sharqdagi oxirgi vaziyatlar ham muhokama qilindi. Gruziya hozircha bu yig‘ilishlarda ishtirok etmadi ammo navbatdagi 3+3 formatidagi Tashqi Ishlar vazirlari yig‘ilishi Turkiyada bo‘lib o‘tadi.

Ozarbayjon Prezidenti Ilham Aliyev, 2023 - yilning 24 - oktabri kuni Turkiya Respublikasi Mudofaa vaziri Yashar Gulerni qabul qildi. Mudofaa vaziri Guler, “Mustafa Kemal Ataturk - 2023” mushtarak harbiy mashg‘ulotini tomosha qilish uchun Ozarbayjonda edi.

Ozarbayjon Milliy majlisi raisi Sohiba Gafarova, 2023 - yilning 25 – 26 oktabri kunlari rasmiy tashrif bilan Turkiyada bo‘ldi. Sohiba Gafarova mazkur tashrifi doirasida, Turkiya Buyuk Millat Majlisi raisi Numan Kurtulmush bilan uchrashdi.

Gruziya poytaxti Tbilisida, 2023 - yilning 26 - oktabri kuni «Ipak yo‘li» xalqaro forumi bo‘lib o‘tdi. Forumda, Ozarbayjon va Armaniston Bosh vazirlari ishtirok etdi.

 



Aloqador xabarlar