Yevroosiyo kun tartibi-49

Dasturimizning bugungi sonida Yevroosiyo respublikalari kun tartibidagi muhim voqealar haqida so‘z qilamiz.

2019972
Yevroosiyo kun tartibi-49

O‘tgan hafta Rossiya Federatsiyasida muhim sammit bo‘lib o‘tdi va Yevroosiyo davlatlariga e’tiborga molik tashriflar amalga oshirildi. Shunday ekan keling, navbat bilan voqealarga nazar tashlaylik.

Gruziya Bosh vaziri Irakliy Garibashvili 2023-yilning 23-24-iyuli kunlari rasmiy tashrif bilan Xorvatiya Respublikasida bo‘ldi. Bosh vazir Irakli Garibashvili poytaxt Zagrebda Xorvatiya Bosh vaziri Andrey Plenkovich bilan uchrashdi. Bosh vazir Plenkovich Gruziyani, Yevropa ittifoqi tarkibiga kirish jarayonida qo‘llab-quvvatlaganliklarini bildirdi. Gruziya Bosh vaziri ushbu tashrifi doirasida Gruziyaning Zagrebdagi elchixonasi binosini ochib berdi.

Gruziya Bosh vaziri Irakliy Garibashvili 2023-yilning 27-iyuli kuni Xitoy Xalq Respublikasiga amaliy tashrif uyushtirdi. 28-iyul kuni Garibashvili Xitoy Prezidenti Si Szinping bilan uchrashdi. Uchrashuvda ikki davlat oʻrtasidagi munosabatlar strategik darajaga koʻtarilgani alohida taʼkidlandi. Bosh vazir Garibashvili Chengdu shahrida o‘tkazilgan XXXI Jahon yozgi universitet o‘yinlarining ochilish marosimida ishtirok etdi.

2023-yilning 25-iyuli kuni Moskvada Rossiya, Ozarbayjon va Armaniston Tashqi Ishlar vazirlari Qorabog‘ bo‘yicha uch tomonlama uchrashuv o‘tkazdi. Ozarbayjon va Armaniston Tashqi Ishlar vazirlari avvalroq 27-29 iyun kunlari AQShda uchrashgan edi.

2023-yilning 26-iyuli kuni O‘zbekiston, Tojikiston va Turkmaniston Tashqi Ishlar vazirlarining onlayn tarzda uch tomonlama uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Unda, avgust oyi boshida yuqorida nomi tilga oling an davlatlarning prezidentlari o‘rtasida Turkmanistonda boʻlib oʻtadigan uch tomonli sammit tafsilotlari muhokama qilindi.

2023-yilning 26-iyuli kuni Qirg‘iziston Bosh vaziri Akilbek Japarov Cho‘lpon-ota shahrida Ozarbayjon Bosh vaziri o‘rinbosari Ali Ahmedov bilan uchrashdi. Cho‘lpon-ota shahrida Qirg‘iziston-Ozarbayjon hukumatlararo iqtisodiy va ijtimoiy hamkorlik komissiyasining beshinchi qo‘shma yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Shu kuni Qirgʻiziston-Ozarbayjon biznes forumi ham uyushtirildi.

2023-yilning 27-iyuli kuni Qirg‘izistonda, “VII 2023 Issiq-ko‘l xalqaro iqtisodiy forumi” bo‘lib o‘tdi. Forumda 400 dan ortiq vakil ishtirok etdi. Bu yerda umumiy qiymati 2,5 milliard dollar bo‘lgan 10 ta shartnoma imzolangani ma’lum qilindi.

2023-yilning 27-28 iyuli kunlari Sankt-Peterburgda II Rossiya-Afrika sammiti, Iqtisodiy va gumanitar forumi boʻlib oʻtdi. Ma`lum qilinishicha, sammitda Afrika qit`asining 54 davlatidan vakillar ishtirok etgan. Sammitda nutq so‘zlagan Vladimir Putin Burkina-Faso, Zimbabve, Mali, Somali, Markaziy Afrika Respublikasi va Eritreyaga 25-50 ming tonna bepul don yetkazib berishlarini ma’lum qildi. Rossiya-Afrika hamkorlik forumi raisi - elchi Oleg Ozerov, Rossiya Federatsiyasi tomonidan 1990-yillari bekitilgan Afrikadagi elchixonalarini qayta ochishlarini bildirdi. Afrika yetakchilarining sammit doirasida Rossiya va Ukrainani yarashtirish rejalari natija bermadi.

Iyul oyi oxirida O‘zbekistonning Chirchiq shahrida Ozarbayjon va O‘zbekiston qo‘shinlari qo‘shma harbiy mashg‘ulotlar o‘tkazgani haqida xabar berilgan edi. Istanbulda uyushtirilgan XVI UDEF-23 Xalqaro mudofaa sanoati yarmarkasi doirasida Ozarbayjon Mudofaa vazirligi Turk Aerokosmik Sanoati (TUSAŞ) shirkati bilan Su-25 rusumidagi samolyotlarni modernizatsiya qilish bo‘yicha hamkorlik shartnomasini imzoladi. TUSAŞ shuningdek, ANKA Insonsiz havo vositasining Qozog‘istonda sinovdan o‘tkazila boshlaganini ma’lum qildi.

 

 

 

 

 



Aloqador xabarlar