Yevroosiyo kun tartibi - 38
Dasturimizning bugungi sonida Turk Respublikalari kun tartibidagi muhim voqealar haqida soʻz qilamiz.
Oʻtgan hafta Turk Respublikalarida muhim voqealar yuz berdi.
Shu doirada Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov 2023-yilning 7-9-mayi kunlari rasmiy tashrif bilan Rossiya Federatsiyasida bo‘ldi. Prezident Japarov ushbu tashrifi doirasida Rossiya Davlat rahbari Vladimir Putin, Bosh vazir Mixail Mishustin, Federatsiya Kengashi raisi Valentina Matviyenko va Duma raisi Vyacheslav Volodin bilan uchrashdi. Natijada Kazan va Sank-Peterburg shaharlarida Qirgʻizistonning bosh konsulliklarini ochish boʻyicha kelishuvga erishildi.
Moskvada 9-may kuni uyushtirilgan Ikkinchi jahon urushidagi gʻalabani nishonlash marosimida Belarus, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Armaniston, Oʻzbekiston, Tojikiston va Turkmaniston rahbarlari ishtirok etdilar. Marosimda Prezident Japarovdan boshqa rahbarlarning ishtirok etib-etmasligi so‘nggi kungacha noma’lum edi.
Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov 2023-yil 10-11-may kunlari davlat tashrifi bilan Tojikistonda bo‘ldi. Prezident Serdar Berdimuhamedov Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon, Bosh vazir Qohir Rasulzoda, Milliy majlis raisi Rustam Imomali, Senat raisi Mahmudtair Zokirzoda bilan uchrashdi. Tomonlar o‘rtasida 23 ta shartnoma imzolandi. Prezidentlar, Strategik hamkorlikni chuqurlashtirish to‘g‘risidagi bitimni imzoladilar. Tashrif doirasida Tojikiston-Turkmaniston ishbilarmonlar kengashi yigʻilishi va Tojikiston-Turkmaniston biznes-forumi boʻlib oʻtdi. Shu tariqa Serdar Berdimuhamedov prezident sifatida Tojikistonga ilk tashrifini amalga oshirdi.
2023-yilning 11-mayi kuni Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov Shanxay hamkorlik tashkiloti Bosh kotibi Chjan Minni qabul qildi. Qabul chogʻida Qirgʻizistonning mazkur tashkilotga aʼzo davlatlar bilan boʻlgan aloqalari va Xitoy-Qirgʻiziston-Oʻzbekiston temir yoʻli loyihasi muhokama qilindi.
2023-yilning 12-mayi kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Tojikiston Bosh vaziri Qohir Rasulzodani qabul qildi. Ikki davlat Bosh vazirlari raisligida O‘zbekiston va Tojikiston hukumatlararo komissiyasi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2023-yil 30-aprelda bo‘lib o‘tgan Konstitutsiyaviy referendumdan so‘ng navbatdan tashqari prezidentlik saylovi o‘tkazilishini ma’lum qildi. Shu doirada 2023-yilning 9-iyulida bo‘lib o‘tadigan saylov uchun O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi nomzod sifatida Shavkat Mirziyoyevni, Xalq demokratik partiyasi Ulug‘bek Inoyatovni, Yashillar partiyasi Abdushkur Hamzayevni va “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi Raboxon Mahmudovani nomzod qilib ko‘rsatdi.
2023-yilning 8-mayi kuni Toshkent shahrida Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkiya, O‘zbekiston va Vengriya geografik ittifoqlari rahbarlarining birinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda Turk Davlatlari Tashkiloti Geografiya kengashining tashkil etilishi haqidagi kelishuv imzolandi.
2023-yilning 11-mayi kuni Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov Turk Davlatlari Tashkiloti Bosh kotibi Kubanichbek Oʻmuraliyevni qabul qildi. Qabul chogʻida tashkilot faoliyatlari muhokama qilindi. Bishkekda Turk Davlatlari Tashkiloti Bosh kotibi Qirg‘iziston majlisi raisi Nurlanbek Shakiyev, Tashqi ishlar vaziri Jeenbek Kulubayev, Iqtisodiyot va savdo vaziri Daniyar Amangeldiyev bilan ham uchrashuvlar o‘tkazdi.
2023-yilning 12-mayi kuni Ozarbayjonning Shusha shahrida “Shusha-2023 – Turk dunyosi madaniyat poytaxti”ning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Marosimda Turk davlatlari tashkilotiga a’zo davlatlarning madaniyat vazirlari va boshqa rasmiy shaxslar ishtirok etdilar.