O'zbekistondan xabarlar-34

Toshkentda ikkinchi xalqaro investitsiya forumi bo’lib o’tdi.

1982078
O'zbekistondan xabarlar-34

 

Prezident Shavkat Mirziyoev 27-28may kunlari Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan ikkinchi Toshkent xalqaro investisiya forumida ishtirok etdi va forumning yalpi majlisida nutq so‘zladi.

Sessiyada Qirg‘iziston Vazirlar Mahkamasi Raisi - Prezident Administratsiyasi rahbari Aqilbek Japarov, Islom taraqqiyot banki prezidenti Muhammad bin Sulaymon al-Jassir, BMT Bosh kotibining o‘rinbosari Ol'ga Algaerova, Birlashgan Arab Amirliklari energetika va infratuzilma vaziri Suxayl al-Mazruiy, Vengriya iqtisodiy rivojlanish vaziri Marton Nad', "ACWA Power" kompaniyasi boshqaruvi raisi Muhammad Abdulla Abunayyan ham qatnashadi. Sessiyaga jurnalistika va kommunikasiyalar sohasida taniqli britaniyalik ekspert Jonatan Charl'z moderatorlik qildi.

Davlatimiz rahbari forum doirasida qator ikki tomonlama uchrashuvlar xam o‘tkazdi.

Umuman, tadbirda 70 mamlakatdan kelgan 2,5 mingga yaqin ishbilarmon doiralar va bank-moliya sohasi vakillari ishtirok etdi.

Davlatimiz rahbari O‘zbekistonning yaqin do‘stlari va ishonchli hamkorlari bo‘lgan xorijiy hukumatlar va xalqaro moliya institutlari vakillari hamda nufuzli kompaniyalar rahbarlari bilan ushbu forum doirasidagi uchrashuvlar yaxshi an'anaga aylanib borayotganini mamnuniyat bilan qayd etdi.

“Sizlarning mehmondo‘st diyorimizga tashrifingizni yurtimizga hurmat va islohotlarimizga ishonch, deb qabul qilamiz”, - dedi Prezident.

Xalqaro maydonda hozirgi vaqtda davom etayotgan murakkab va tahlikali jarayonlar, bashorat qilib bo‘lmaydigan o‘zgarishlar dunyo iqtisodiyotini jiddiy sinovdan o‘tkazayotgani qayd etildi.

Bunday ziddiyatli sharoitda bugungi uchrashuv ikki tomonlama va ko‘p tomonlama hamkorlikni mustahkamlashga, yangi biznes imkoniyatlarini kashf etishga xizmat qilishiga ishonch bildirildi.

Prezidentimiz qayd etganidek, bir yil ichida mamlakatimiz iqtisodiyotini yanada erkinlashtirish, biznesga keng yo‘l ochish, bu borada qonun ustuvorligi va huquqiy kafolatlarni mustahkamlash bo‘yicha tizimli islohotlar jadal davom ettirildi.

Mintaqamizdagi eng qulay fiskal tizimini yaratish bo‘yicha katta o‘zgarishlarga erishildi. Xususan, qo‘shilgan qiymat solig‘i stavkasi 12 foizga tushirildi. Ilgari ushbu soliq stavkasi 20 foiz edi.

Bundan tashqari, xorijiy investorlar aksiyalaridan oladigan dividendlari uch yil muddatga soliqdan ozod qilindi, ular uchun foyda solig‘i 20 foizdan 12 foizga tushirildi.

Muhimi – soliq va bojxona qonunlariga yangi yoki og‘irlashtiruvchi javobgarlik choralari kiritilmasligi qat'iy belgilab qo‘yildi.

Tashqi savdoni erkinlashtirish bo‘yicha navbatdagi muhim qadamlar qo‘yildi.

Jumladan, investorlar uchun zarur bo‘lgan 7 mingdan ziyod xomashyo va tovarlarga bojxona bojlari bekor qilindi.

Bojxona hududida qayta ishlashning soddalashgan tartibi joriy etildi.

Tashqi savdo va raqobat muhitini yangi bosqichga olib chiqish, yangi-yangi bozorlarga kirish maqsadida O‘zbekiston Jahon savdo tashkilotiga qo‘shilish borasidagi ishlarni jadallashtirdi.

“Alohida ta'kidlab o‘tmoqchiman, Jahon savdo tashkiloti talablari islohotlarimiz mazmuniga to‘la mos va biz ushbu nufuzli tashkilotga tezroq a'zo bo‘lib kirishdan manfaatdormiz”, - dedi Prezident.

Hozir a'zo mamlakatlar bilan muzokaralar olib borish hamda milliy qonunchilikni Jahon savdo tashkiloti qoidalari bilan uyg‘unlashtirish qizg‘in bosqichda.

Davlatimiz rahbari so‘zini davomi ettirar ekan, ijro hokimiyati tizimida byurokratiyani kamaytirish, korrupsiyani yo‘q qilish, ixcham, samarali boshqaruvni joriy qilish maqsadida dadil ma'muriy islohot boshlanganini qayd etdi.

Bu borada barcha vazirliklar isloh qilinib, ularning soni 61 tadan 28 taga keltirildi, vazifa va vakolatlari aniq belgilandi.

Shuningdek, davlatning biznesni tartibga solishga qaratilgan 500 ta funksiyasi bekor qilindi. Yana 70 ta funksiyasi xususiy sektorga davlat-xususiy sheriklik va autsorsing asosida o‘tkazildi. Hozirgi kunga qadar 132 ta lisenziya va ruxsat berishga oid hujjatlar bekor qilindi, 33 tasi bo‘yicha xabardor qilish tartibi kiritildi.

Investisiya, sanoat va savdo vazirligida loyiha tashabbusidan boshlab, to uni ishga tushirishgacha bo‘lgan barcha jarayonlarda investorlarga “yagona darcha” orqali ko‘maklashish yo‘lga qo‘yildi.

Investorlar masalalarini tezkor hal etish, ularning davlat rahbari bilan bevosita muloqotini yo‘lga qo‘yish maqsadida Prezident huzurida Xorijiy investorlar kengashi ish boshladi.

Islohotlar natijasida O‘zbekistonning mintaqadagi iqtisodiyoti eng yuqori diversifikasiya qilingan mamlakat sifatidagi maqomi yanada mustahkamlangani qayd etildi.

Bir yilning o‘zida 100 mingga yaqin yangi korxonalar tashkil qilindi, kiritilgan xorijiy sarmoyalarning yillik hajmi 10 milliard dollarga yetdi yoki islohotlar boshlangan 2017 yilga nisbatan 3 barobar oshdi, 1 millionga yaqin aholi kambag‘allikdan chiqarilib, kambag‘allik darajasi 17 foizdan 14 foizga tushirildi. Islohotlar boshlangan davrda bu ko‘rsatkich 30 foizdan yuqori edi.

Prezident islohotlar jadal davom etishi, yurtimizda biznes emin-erkin rivojlanishi uchun yanada mustahkam huquqiy poydevor kerakligini ko‘rsatib o‘tdi.

Yaqin kunlarda Yangi O‘zbekistonning yangilanayotgan Konstitusiyasi bo‘yicha umumxalq referendumi o‘tkaziladi.

Eng avvalo, yangi Konstitusiyada O‘zbekiston – suveren, demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlat ekani alohida belgilanmoqda. Barcha o‘zgartirishlarning tub negiziga “inson huquqlari va erkinliklari ustuvor” degan ezgu g‘oya qo‘yilmoqda. Shuningdek, Konstitusiyamizda ilk bor qulay investisiya va ishbilarmonlik muhitini ta'minlash, mulk daxlsizligi, bozor munosabatlarini rivojlantirish va halol raqobat uchun shart-sharoitlar yaratish, sud mustaqilligi bo‘yicha davlat o‘ziga majburiyatlar olmoqda.

Davlatimiz rahbari xorijiy investorlar bilan hamkorlikni kengaytirish borasidagi yangi imkoniyatlarni sanab o‘tdi.

O‘zbekiston “yashil iqtisodiyot”ga o‘tish yo‘lini qat'iy davom ettiradi.

Ayniqsa, “ACWA Power”, “Masdar”, “Total Eren” kabi jahonning eng nufuzli kompaniyalari mamlakatimizda yirik quyosh va shamol elektr stansiyalari loyihalarini amalga oshirmoqda. Shu yilning o‘zida 2 ming megavattdan ziyod, keyingi yilda esa 8 ming megavattli quvvatlar ishga tushadi.

Davlatimiz rahbari sarmoyadorlarni shu kabi loyihalarni amalga oshirishga taklif qildi va buning uchun barcha sharoitlarni yaratib berishga tayyorligini bildirdi.

Yaqin-yaqingacha iqtisodiyotning muhim tarmoqlari faqat davlat korxonalaridan iborat edi.

Islohotlar natijasida oldinlari “yopiq” bo‘lgan tarmoqlarga xususiy investisiyalar faol kirib kelmoqda. Misol uchun, avval 100 foiz davlat tarmog‘i hisoblangan aviasiya sohasida xususiy sektorga keng yo‘l ochildi.

Shu bilan birga, tez o‘sib kelayotgan IT, turizm, ta'lim, tibbiyot kabi sohalarda O‘zbekiston mintaqaviy xabga aylanib borayotgani ham bu yo‘nalishdagi katta imkoniyat.

Bu yil davlat-xususiy sheriklikni joriy qilish bo‘yicha 14 milliard dollarlik alohida dasturlar xalqaro moliya institutlari ko‘magida ishlab chiqildi. Bular davlat uchun muhim bo‘lgan transport, kommunal va suv xo‘jaligi, sog‘liqni saqlash kabi tarmoqlarni qamrab oladi.

Bu yil O‘zbekistonda davlat mulkini xususiylashtirish bo‘yicha “1 ming + 1 ming + 40” dasturi qabul qilindi.

Bu 1 mingta korxonadagi davlat ulushlari hamda yana 1 mingta davlatga tegishli ko‘chmas mulk ob'ektlari ochiq auksion savdolariga chiqariladi, iqtisodiyotimiz uchun strategik ahamiyatga ega 40 ta korxona IPO ga olib chiqiladi degani. Jumladan, oltin, mis ishlab chiqaruvchi yirik korxonalar, telekommunikasiya va sug‘urta kompaniyalari hamda banklar aksiyalari investorlarga taklif etiladi.

Masalan, hozirgi kunda to‘qimachilik, charm-poyabzal, qurilish materiallari, elektr texnikasi, mashinasozlik tarmoqlari yetarli xomashyo bazasi va malakali kadrlarga ega. Ya'ni, shu sohalarda “katta sakrash” qilib, ulardagi ishlab chiqarish va eksportni 2 barobar oshirish uchun yetarli imkoniyatlar bor. Buning uchun yirik brendlar bilan hamkorlik, tashqi bozorlarga chiqish, innovasiya va zamonaviy texnologiyalar kerak.

O‘zbekiston bularni olib keladigan investorlarga barcha sharoitlarni yaratish, alohida texnopark hamda sanoat zonalari tashkil qilish va boshqa qo‘shimcha imtiyozlarni yaratib berishga tayyor.

Prezident Markaziy Osiyoda yaxshi qo‘shnichilik siyosatini davom ettirib, iqtisodiy hamkorlikni yanada rivojlantirish bo‘yicha qo‘shni davlatlar bilan faol ishlanayotganini ta'kidladi.

Ushbu maqsadlarda qo‘shma investisiya fondlari tashkil qilinib, sanoat, energetika, transport va suv xo‘jaligi sohalarida yirik mintaqaviy loyihalar amalga oshirilmoqda.

Iqtisodiyotlarimizning “bir-birini to‘ldirishi” tamoyili asosida sanoat va agro kooperatsiyalari qat'iy davom ettirilishi ta'kidlandi.

Masalan, Qirg‘iziston bilan hamkorlik natijasida so‘nggi yillarda o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 5 barobar va qo‘shma korxonalar soni 8 barobar oshdi. Xususan, to‘qimachilik, avtomobilsozlik, geologiya, kimyo sanoati, qishloq va suv xo‘jaligi, chorvachilik kabi yo‘nalishlarda birgalikda katta-katta loyihalar boshlandi. Bularning barchasi 2021 yilda tashkil etilgan O‘zbekiston–Qirg‘iziston taraqqiyot jamg‘armasi tomonidan moliyalashtirilmoqda.

“Qambarota GES-1” va “Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston” temir yo‘lini qurish loyihalari bo‘yicha ham ishlar jadal davom etmoqda.

Prezident Shavkat Mirziyoev yalpi majlisdagi nutqini yakunlar ekan, O‘zbekiston bugungi forum barcha uchun yangi-yangi imkoniyatlarni ochib berishiga, ishtirokchilar bo‘lib o‘tadigan muloqotlar orqali Yangi O‘zbekistondagi biznes uchun beqiyos imkoniyatlarni kashf qilishiga ishonch bildirdi.


Tanlangan kalimalar: #Shavkat Mirziyoyev , #O'zbekiston

Aloqador xabarlar