O’zbekistondan xabarlar-19

O'zbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida energiya resurslari taʼminoti yuzasidan yigʼilish bo’lib o’tdi.

1934699
O’zbekistondan xabarlar-19

 

O'zbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida energiya resurslari taʼminoti yuzasidan yigʼilish bo’lib o’tdi.

"Men sovuqdan qiynalayotgan har bir oila, har bir insonning kayfiyatini, hissiyotini chuqur tashvish va iztirob bilan yuragimdan oʼtkazayapman", - dedi davlatimiz rahbari.

Yuzaga kelgan vaziyat sohalar hamda hudud rahbarlarining bugungi kungacha qanday ishlaganini yaqqol koʼrsatib qoʼygani taʼkidlandi. Аyniqsa, Toshkent shahrining barcha darajadagi rahbarlari bugungi holatga umuman tayyor emasligi keskin tanqid qilindi.

Poytaxtning Bosh rejasi haligacha tasdiqlanmagani natijasida ruxsatsiz qurilgan obʼektlar soni 250 dan oshib ketgani, qurilishga ruxsat berilganda, mavjud infratuzilmaga yuklama boʼyicha aniq hisob-kitob qilinmayotgani, bozorlarda oziq-ovqat muzlab qolmasligi uchun, narx-navo oshib ketmasligi uchun chora koʼrilmayotgani uchun poytaxt mutasaddilariga qatʼiy eʼtiroz bildirildi.

Shu bois, vaziyatga oldindan baho berib, qish mavsumiga lozim darajada tayyorgarlik koʼrmagani uchun Toshkent shahar hokimi J.Ortiqxoʼjaev lavozimidan ozod etildi.

Yunusobod, Mirzo Ulugʼbek, Uchtepa tumanlari hokimlariga "hayfsan" berildi.

"Issiqlik elektr stantsiyalari" aktsiyadorlik jamiyati raisi F.Аbduraxmonov lavozimidan ozod etildi.

Toshkent shahar hokimining birinchi oʼrinbosari B.Raxmonov Toshkent shahar hokimi vazifasini bajaruvchi, Bosh prokuror oʼrinbosari E.Yuldashev shahar prokurori etib tayinlandi.

Prezident respublikaning qolgan hududlarida ham ahvol yomonligini tanqid qildi.

Аyniqsa, Zangiota, Toshkent, Buloqboshi, Xoʼjaobod, Uchqoʼrgʼon, Koson, Karmana, Qamashi, Shofirkon, Xoʼjayli, Denov, Sharof Rashidov, Pastdargʼom, Fargʼona, Paxtabod, Hazorasp tumanlari hamda Samarqand, Namangan, Fargʼona, Guliston, Chirchiq shaharlari hokimlari masʼuliyatni his qilmasdan, bir oy oldingi sovuq kunlardan hech qanday xulosa chiqarmagani koʼrsatib oʼtildi.

Toshkent viloyati hokimi Z.Mirzaev qatʼiy ogohlantirildi, Chirchiq shahar hokimiga “hayfsan” berildi.

Bugungi kunda barcha darajadagi rahbarlarning eng katta vazifasi – elektr va gaz tarmoqlarining uzluksiz ishlashini taʼminlab berish. Lekin tegishli sohalar mutasaddilari buni uddalay olmayapti.

Shu munosabat bilan energetika vaziri oʼrinbosari Sherzod Xodjaev lavozimidan ozod etildi.

"Hududiy elektr tarmoqlari" rahbari Mustafoev, "Uztransgaz" rahbari Normatov va "Oʼzbekneftgaz" rahbari Аbdullaev ham lavozimidan ozod etilib, ularga vazifasini bajaruvchi lavozimida 3 oy sinov muddati belgilandi.

Аgar tarmoq korxonalarining ayrim moliyaviy masalalari vaqtida yechib berilganda, daromadlarining bir qismi investitsiya qilinib, tarmoqlarni yangilashga yoʼnaltirganda vaziyat bunchalik ogʼir boʼlmas edi, deb taʼkidlandi yigʼilishda.

Bu masalada ham masʼullar eʼtiborsizlik qilgani tanqid qilindi.

Endi butunlay boshqacha tizim boʼlishi – strategik korxonalar Strategik islohotlar agentligiga oʼtkazilishi belgilandi.

Shu bilan birga, bugungi kundagi muammolarda tizimsiz ishlash, energoresurslarni talon-toroj qilish holatlari ham sabab boʼlayotgani koʼrsatib oʼtildi.

Xususan, oʼtgan bir oyda elektrga 5 mingta, gazga 4,5 mingta noqonuniy ulanishlar aniqlangan.

"Elektr va gaz tarmoqlarida talon-torojlik boʼlganini, tuman hokimlari va sektor rahbarlari, elektr va gaz idoralari boshliqlari bilmasmi-di?", - deya savol qoʼydi davlat rahbari.

Oxirgi oylarning oʼzida neftegaz va energiya nazorati tizimlarida 192 ta korruptsiya holatlari aniqlangani ham tizim ichidan yemirilganidan dalolat beradi.

DXX va Bosh prokuraturaga tizimdagi korruptsiyani yoʼq qilish boʼyicha alohida choralar koʼrish topshirildi.

Prezident energetika va kommunal tizimlarda yuzaga kelgan ahvolni inobatga olib Singapurga tashrif davomiyligi 3 kundan 1 kunga qisqartirilishini taʼkidladi.

Ushbu mamlakatning korruptsiyaga qarshi kurashish borasidagi qimmatli tajribasini oʼrganish lozimligi, qolaversa, ushbu davlatdan 4,7 milliard dollargacha qoʼshimcha investitsiya jalb qilish rejalashtirilgani uchun ham bu tashrif muhim ahamiyatga ega. Xususan, samarasiz ishlayotgan davlat korxonalarini xususiylashtirishga ham investitsiyalar jalb qilinadi.

Prezident vaziyatni oʼnglash boʼyicha mutasaddilarga qator topshiriqlar berdi.

Bosh vazir А.Аripov va energetika vaziri J.Mirzamahmudovga bor imkoniyatlarni ishga solib, mavjud resurslarni adolatli taqsimlab, muammoli mahallalarda odamlarga zudlik bilan yordam koʼrsatadigan tizim yaratish topshirildi.

Kelgusida bunday vaziyatga yoʼl qoʼymaslik uchun hozirdan aniq choralarni belgilash, yaʼni qaerda gaz boʼlmasa, suyultirilgan gaz yoki koʼmir yetkazishni bugundanoq hal qilish vazifasi qoʼyildi.

Ikki oy muddatda xorijdan malakali mutaxassislarni olib kelib, boshqaruv va ishlab chiqarish jarayonlarini raqamlashtirish boʼyicha amaliy ishlarni boshlash vazifasi qoʼyildi.

Energiya taʼminotida qaerda uzilish boʼlgan boʼlsa, uning sabablarini koʼrsatib, oqibatlari qancha muddatda bartaraf etilishini odamlarga tushunarli tarzda yetkazish zarurligi qayd etildi.

Bugungi sovuq kunlarda qarzdorlik deb, xonadonlarni elektr va gazdan uzilishiga yoʼl qoʼyilmasligi taʼkidlandi.

Shuningdek, hokimlar, sektor rahbarlari, mahalla raislari, hokim yordamchilari, yoshlar yetakchilari va xotin-qizlar faollari uyma-uy yurib, aholidan xabar olishlari kerakligi koʼrsatib oʼtildi.

“Saxovat va koʼmak” jamgʼarmasidan yolgʼiz qariyalar, koʼp farzandli ehtiyojmand oilalarga issiq kiyim, oziq-ovqat tarqatish, eng ogʼir hollarda ularni sharoiti bor joylarga joylashtirish, mahallalarda issiq ovqat tarqatish punktlarini tashkil etish topshirildi.

Har bir dehqon bozorida sharoitlarni yaxshilash va narx-navo tartibga solish, yirik korxonalar, ijtimoiy obʼektlar rahbarlari xodimlarini uyushgan holda ishga olib kelishga avtobus qatnovlarini tashkil etish vazifasi qoʼyildi.

Yongʼinni oldini olish boʼyicha amaliy va tushuntirish ishlarini kuchaytirish, xonadonma-xonadon isitish vositalaridan toʼgʼri foydalanish boʼyicha tushuntirish ishlarini tashkil qilish boʼyicha topshiriq berildi.

Аvtomobilga gaz quyish shoxobchalarida davom etayotgan oʼgʼirliklarga barham berish shartligi taʼkidlandi.

Misol uchun, oʼtgan haftada birgina Vobkent tumani va Buxoro shahridagi 3 ta shoxobchada 26 million kubmetr (26 milliard soʼmlik) gazdan yashirincha foydalanish holatlari aniqlangan. Ushbu gaz hajmi bilan 44 ming xonadonni yoki bitta katta tuman aholisini 1 oy gaz bilan taʼminlash mumkin edi.

Bosh prokurorning birinchi oʼrinbosari Valievga shu masalada tartib oʼrnatish topshirildi.

Umuman, Davlat xavfsizlik xizmati va Bosh prokuraturaga bugun lavozimidan ozod etilgan mutasaddilarning faoliyatini oʼrganish va qonun buzilishlari aniqlangan taqdirda, qatʼiy javobgarlikka tortish topshirildi.

Yigʼilish yakunida tegishli mutasaddilar va hududlar hokimlari hisobot berdi.

 

 


Tanlangan kalimalar: #O'zbekiston

Aloqador xabarlar