Yevrosiyo kun tartibi-47

Dasturimizning bugungi sonida Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedovning O‘zbekistonga uyushtirgan davlat tashrifi haqida soʻz qilamiz.

1857409
Yevrosiyo kun tartibi-47

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov 2022-yil 14-15-iyul kunlari davlat tashrifi bilan Oʻzbekistonda bo‘ldi. Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedovni Toshkentda O‘zbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripov kutib oldi. Turkmaniston Prezidenti Berdimuhamedov avvalom bor “Yangi O‘zbekiston” bog‘iga borib, gulchambar qo‘ydi.

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Prezident Berdimuhamedovni Ko‘ksaroyda rasmiy marosim bilan kutib oldi. Rasmiy marosimdan so‘ng O‘zbekiston va Turkmaniston Prezidentlarining oʻzaro uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Shundan so‘ng hay’atlararo uchrashuv uyushtirildi. Muzokaralar ortidan ikki davlat oʻrtasida ilm-fan, sanoat, turizm, qishloq xoʻjaligi, transport va iqtisodiyot kabi turli sohalarda 19 ta shartnoma imzolandi.

Bayonotlar bergan O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev, ikki mamlakat o‘rtasidagi qo‘shma tovar ayirboshlash hajmining 2021-yilda 902 million dollarni tashkil etgani, 2022-yilda esa 1 milliard dollarga yetishidan umidvorligi va o‘zaro tovar ayirboshlash hajmidagi ortishning ilk bora bu daraja yuqori raqamga yetganiga e’tibor qaratdi.

Turkmaniston Prezidenti Berdimuhamedov tashrifi doirasida Toshkentda O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati raisi Tanzila Narbayeva bilan uchrashdi. Unda, oʻzaro munosabatlarni qiziqtirgan masalalar yuzasidan fikr almashildi.

Ikkala davlat liderlari, Shavkat Mirziyoyev bilan Serdar Berdimuhamedov 15-iyul kuni Samarqandga jo‘nab ketdi. Prezidentlar Samarqandni birgalikda aylanib chiqdilar.

Shu o‘rinda Berdimuhamedovning tashrifi doirasida O‘zbekistonda turli tadbirlar o‘tkazilganini ham aytib o‘tishimiz kerak. 2022-yil 13-iyul kuni Toshkentda “O‘zbekiston va Turkmaniston: hamkorlikning yangi tarixiy bosqichida rivojlanish istiqbollari” mavzusida xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi. Anjumanda ikki davlat munosabatlariga oid turli masalalar muhokama qilindi.

12-14 iyul kunlari esa Buxoro shahrida O‘zbekiston-Turkmaniston mintaqaviy forumi bo‘lib o‘tdi. Forumda ikki davlat oʻrtasida 451 million dollarlik shartnomalar imzolangani maʼlum qilindi. Forum doirasida shuningdek, Oʻzbekiston-Turkmaniston ishbilarmonlar kengashi yigʻilishi boʻlib oʻtdi.

Toshkentda ikki tomonlama munosabatlarni mustahkamlovchi muhim shartnomalar imzolandi. Nafaqat mintaqada, balki butun dunyoda transchegaraviy suvlardan foydalanish bilan bog‘liq muammolar mavjud. O‘zbekiston va Turkmaniston Amudaryo suvidan tejamkorlik bilan foydalanishga kelishib oldi. Orolning qurib borayotgani va mintaqaning cho‘l bo‘lib ketayotganini inobatga olsak, ikki davlat o‘rtasidagi ushbu kelishuv, suvdan foydalanish bo‘yicha yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan kelishmovchiliklarni bartaraf etish nuqtai nazaridan katta ahamiyatga ega.

Toshkentda chegara hududida savdoni rivojlantirish bo‘yicha yo‘l xaritasini belgilovchi kelishuv imzolandi. Mazkur kelishuv tufayli Turkmaniston va O‘zbekistonning iqtisodiy salohiyatidan foydalaniladi. Bundan tashqari, tomonlar o‘zaro savdo uylarini ochishni rejalashtirmoqda.

Transport ikki davlat uchun katta salohiyatga ega sohalardan biridir. Davlat rahbarlari bu boradagi mavjud imkoniyatlardan foydalanish va hamkorlikni maksimal darajada oshirishga kelishib oldilar.

Shavkat Mirziyoyev turkmanistonlik hamkasbini sentabr oyi oʻrtalarida Samarqandda boʻlib oʻtadigan Shanxay hamkorlik tashkiloti sammitida faxriy mehmon sifatida ishtirok etishga taklif qildi. Bunday taklif eng yaqin hamkorlik qiladigan davlatlar o‘rtasida amalga oshirilmoqda. Xulosa qilib aytganda Prezident Serdar Berdimuhamedov chet elga bo‘lgan ilk davlat tashrifini qardosh O‘zbekistonga amalga oshirdi va bu tashrif juda samarali o‘tdi.

 



Aloqador xabarlar