Yevrosiyo kun tartibi-42

Dasturimizning bugungi sonida Turkmaniston Prezidenti Sardor Berdimuhammedovning Rossiya Federatsiyasiga uyushtirgan rasmiy tashrifi va ikkala mamlakat munosabatlaridagi oxirgi vaziyat haqida so‘z qilamiz.

1844265
Yevrosiyo kun tartibi-42

Turkmaniston Prezidenti Sardor Berdimuhammedov 2022-yilning 10-iyuni kuni Rossiya Federatsiyasiga amaliy tashrif uyushtirdi. Turkmaniston Prezidenti Sardor Berdimuhammedov Kremlda Rossiya Davlat rahbari Vladimir Putin bilan uchrashdi. Ikki davlat rahbarlari tor va kengaytirilgan tarkibda uchrashuv oʻtkazdilar. Rossiya Davlat rahbari Vladimir Putin, Sardor Berdimuhammedovning Turkmanistonga tashrif uyushtirish haqidagi taklifini qabul qilganini bildirdi. Uchrashuvlar yakunida ikki davlat oʻrtasida 15 ta shartnoma imzolandi. Shu tariqa ikki davlat o‘rtasida hozirgacha imzolangan kelishuvlar soni 300 ga yetdi. Prezident Sardor Berdimuhammedovning Turkmaniston Prezidenti sifatida chet elga boʻlgan ilk rasmiy tashrifini Rossiyaga uyushtirgani, oʻzaro va mintaqaviy aloqalar nuqtai nazaridan muhim ahamiyatga ega.

Matbuot vakillari uchun uyushtirilgan yig‘ilishda Rossiya Davlat rahbari Vladimir Putin Turkmaniston Prezidenti Sardor Berdimuhammedovni “Do‘stlik” ordeni bilan taqdirladi. Putin shuningdek, Rossiya-Turkmaniston strategik munosabatlarini chuqurlashtirishni nazarda tutgan deklaratsiyani imzolaganliklarini ta’kidladi va mushtarak savdo hajmining 836 million dollarga yetganini ma’lum qildi. Prezident Berdimuhammedov esa pandemiya davrida Rossiya yuborgan vaksinalar uchun minnatdorchilik bildirdi.

Rossiya-Turkmaniston munosabatlari turli platformalarda rivoj topmoqda. Jumladan, 2022-yilning 12-13-mayi kunlari Ashxobod shahrida 1-Markaziy Osiyo-Rossiya Federatsiyasi parlamentlararo forumi va 1-Markaziy Osiyo-Rossiya Federatsiyasi Xotin-qizlar muloqoti bo‘lib o‘tganini eslatib o‘tish joiz.

Sardor Berdimuhammedov 2022-yil 12-martda boʻlib oʻtgan saylovda Prezident etib saylanganidan soʻng Prezident sifatida ilk bor 2022-yilning 1-2-iyuni kunlari Saudiya Arabistoniga tashrif uyushtirdi. Ham ibodat, ham tijoriy ahamiyatga ega bo‘lgan ushbu tashrif yangi Turkmaniston prezidentining arab sarmoyalariga alohida ahamiyat berayotganidan dalolat bermoqda.

Prezident Berdimuhammedovning ilk rasmiy tashrifini Rossiya Federatsiyasiga uyushtirishi, xolis tashqi siyosat olib borayotgan Ashxobod yetakchiligining tashqi siyosatda birinchi oʻringa qoʻygan davlatlardan birining Rossiya ekanini yaqqol koʻrsatmoqda. Turkmaniston Prezidenti mahalliy va chet eldagi tashriflarida ruslar ishlab chiqargan va Vladimir Putin ham foydalanayotgan Aurus Senat Limousine avtomobilini tanlamoqda.

Turkmanistonning energetika va transport kabi strategik sohalariga Rossiya jiddiy sarmoyalar kiritmoqda. Nomi tilga olingan davlatlar, “Janubiy-Shimol” xalqaro transport koridorida muhim o‘ringa ega. Turkmaniston, ayniqsa, Tatariston bilan judayam yaxshi iqtisodiy aloqalarga ega.

Rossiyada 30 mingdan ortiq turkman yoshlari ta’lim olmoqda. Ulardan 4300 nafari stipendiya asosida. Taqqoslash uchun, so‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra Turkiyada tahsil olayotgan 18 ming turkman yoshlariga e’tibor qaratishni istaymiz. Kremlda boʻlib oʻtgan uchrashuvda Turkmaniston-Rossiya qoʻshma universitetini ochish boʻyicha kelishuvga erishildi. Qayd etish lozimki, turkman yoshlari Rossiya Federatsiyasidagi Tatariston, Adigeya, Karachay-Cherkesiya kabi turk xalqlari zich joylashgan respublikalarda o‘qishni xohlamoqda.

Xulosa qilib aytganda, Turkmaniston Prezidenti Sardor Berdimuhammedov chet elga ilk rasmiy tashrifini qardosh Turk respublikalardan biriga emas, Rossiyaga amalga oshirdi.



Aloqador xabarlar