Yevrosiyo kun tartibi-36

Dasturimizning bugungi sonida O‘zbekiston poytaxti Toshkentda bo‘lib o‘tgan “INNOPROM Markaziy Osiyo” Xalqaro sanoat koʻrgazmasi haqida so‘z qilamiz.

1822436
Yevrosiyo kun tartibi-36

2022-yil 25-27-aprel kunlari Toshkent shahrida O‘zbekiston Investitsiyalar va tashqi savdo vairligi tomonidan  “INNOPROM. Markaziy Osiyo” xalqaro sanoat koʻrgazmasi boʻlib oʻtdi. Koʻrgazmada Mustaqil Davlatlar hamdo‘stligiga a’zo davlatlar, Germaniya, Xitoy, Fransiya, Italiya, Niderlandiya, Turkiya va Vengriyadan 1300 dan ortiq vakil va 200 dan ortiq kompaniya ishtirok etdi. Unda O‘zbekiston, Ozarbayjon, Belarus, Armaniston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Mo‘g‘uliston, Rossiya va Tojikiston nomidan vazirlar va vazir o‘rinbosarlari, Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi vakillari ham ishtirok etdilar.

Rossiya Federatsiyasining 9 mintaqasining jamoaviy stendlari ochildi. Turli sohalar, xususan, metallurgiya, avtomobilsozlik va ehtiyot qismlar ishlab chiqarish, energetika, farmatsevtika kabi sohalardagi mahsulot va xizmatlar namoyish etilgan ko‘rgazmada 20 dan ortiq maxsus majlis, panellar va davra suhbatlari o‘tkazildi.  Ikki tomonlama uchrashuvlar ham bo‘lib o‘tdi. “INNOPROM universiteti” nomi ostida 27-aprel kuni talabalar va yosh mutaxassislarga seminarlar o‘tkazildi. Ko‘rgazmada o‘nlab hamkorlik shartnomalari va anglashuv memorandumlari imzolandi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 2022-yil 25-aprel kuni amaliy tashrif bilan O‘zbekistonga kelgan Belarus Respublikasi Bosh vaziri Roman Golovchenkoni qabul qildi. Uchrashuvda ikki davlatning iqtisodiy aloqalari muhokama qilindi. Keyinroq Belarus Bosh vaziri Golovchenko O‘zbekiston Bosh vaziri Abdulla Oripov bilan uchrashdi. Bosh vazir Roman Golovchenko matbuot vakillariga bergan bayonotida, tashrifi doirasida Belarus va O‘zbekiston o‘rtasida 25 million dollarlik turli shartnomalar imzolanganini bildirdi.

“INNOPROM. Markaziy Osiyo” xalqaro sanoat koʻrgazmasining birinchisi oʻtgan yilning aprel oyida boʻlib oʻtgan boʻlib, unda oʻnlab mamlakat ishtirok etgandi. Koʻrgazmaga tashrif buyurganlar soni 10 mingdan oshar ekan unda, umumiy qiymati 3,2 milliard dollarlik shartnomalar imzolangan.

Jahon banki aprel oyida Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasi uchun tayyorlangan Iqtisodiy hisobotining so‘nggi sonini chop etdi. Hisobotda Rossiya-Ukraina urushi, oxirgi ikki yil ichida yuz bergan “ikkinchi katta zarba” sifatida ta’riflandi va bu urushning Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasida iqtisodiy qisqarishni boshlashi kutilayotgani ta’kidlandi. Iqtisodiy inqirozga qarshi kurash nuqtai nazaridan “INNOPROM. Markaziy Osiyo” koʻrgazmasi kabi tadbirlarni tashkil etish muhimligi talab qilinmoqda.

G‘arb sanksiyalariga duchor bo‘lgan Rossiya va Belarus uchun xalqaro sanoat koʻrgazmalari kabi tadbirlar mintaqa davlatlari bilan mavjud aloqalarni yanada mustahkamlash, sanksiyalar oqibatlarini minimallashtirish imkoniyatlarini yaratish jihatidan muhim ahamiyatga ega. Shu bois Rossiya kompaniyalari Toshkentdagi sanoat koʻrgazmasiga katta qiziqish bildirdi. Koʻrgazma doirasida Rossiyaning 9 viloyatidan kelgan hay’atlar O‘zbekiston viloyatlariga ham tashrif uyushtirdi. Rossiya va O‘zbekistonning mahalliy hukumatlari va mahalliy kompaniyalari o‘rtasida kelishuvlar tuzildi.

Shuni ham aytib oʻtish joizki, O‘zbekistonda so‘nggi yillarda mintaqaviy va xalqaro tadbirlar tez-tez o‘tkazib kelinmoqda. “INNOPROM. Markaziy Osiyo” xalqaro sanoat koʻrgazmasi nafaqat O‘zbekiston, balki mintaqaning barcha mamlakatlari uchun ham foydali tadbirdir.



Aloqador xabarlar