Yevroosiyo kun tartibi -11

Dasturimizning bugungi sonida Oʻzbekistonda boʻlib oʻtgan prezidentlik saylovi haqida soʻz qilamiz.

1732628
Yevroosiyo kun tartibi -11

2021-yilning 24-oktabri kuni O‘zbekistonda prezidentlik saylovi bo‘lib o‘tdi. 2021-yilning 29-oktabri kuni O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi raisi Zayniddin Nizomxo‘jayev saylovning rasmiy natijalarini e’lon qildi. Shunga ko‘ra, O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan nomzod Shavkat Mirziyoyev 80,12 foiz ovoz olib, ikkinchi bor prezident etib saylandi. Respublika bo‘yicha jami 16 million 212 ming 343 nafar saylovchi ovoz berdi. Bu raqam ro‘yxatga kiritilgan saylovchilar sonining 80,4 foizini tashkil etadi. Shavkat Mirziyoyev uchun 12 million 988 ming 964 saylovchi ovoz berdi. Mirziyoyev 2016-yilgi prezidentlik saylovida 88,61 foiz ovoz bilan g‘alaba qozongandi. Bu bilan o‘zbek xalqi Shavkat Mirziyoyevni yuqori darajada qo‘llab-quvvatlamoqda desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

O‘zbekiston prezidentligi uchun uyushtirilgan saylovda 5 nomzod kuch sinashdi. Unda Xalq demokratik partiyasidan nomzod Maqsuda Varisova saylovchilarning 6,63 foiz ovozini olib ushbu kurashda ikkinchi o‘rinni egalladi. Nomzodlardan  «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi lideri Alisher Qodirov 5,48 foiz, Ekologik partiya lideri Narzulla Oblomurodov 4,14 foiz va «Adolat» sotsial-demokratik partiya rahbari Bahrom Abduhalimov 3,39 foiz ovoz oldi. Ma’lumotlardan ko‘rinib turibdiki, Mirziyoyevdan boshqa nomzodlar partiya yetakchisi bo‘lgan siyosatchilardan iborat edi.

Prezidentlik saylovini 600 nafardan ortiq chet ellik va 64 450 nafar mahalliy kuzatuvchi yaqindan kuzatdi. Chet eldan kelgan kuzatuvchilar saylovlarning shaffof o‘tganini alohida ta’kidladi. O‘zbekiston prezidentligi saylovini 223 nafar chet ellik, 1439 nafar mahalliy jami 1662 nafar ommaviy axborot vositasi xodimlari birma-bir kuzatib bordilar.

Shavkat Mirziyoyev 25-oktabrda bergan bayonotida, “Bundan buyon bugungi O‘zbekiston kechagi O‘zbekiston bilan bir emas. Xalqimiz ham 5 yil oldingi xalq emas. Eng yirik muvaffaqiyatimizdan biri ham erkin, oʻz qoʻlimiz va mehnatimiz bilan ertangi kunimiz uchun befarq emasligimizni yana bir bor jahon jamoatchiligiga isbotladik. Shunday ekan bundan buyon ortga yoʻl yoʻq. O‘zbekiston faqatgina olg‘a qadam tashlaydi!” — degan ifodalarga oʻrin berdi.

O‘zbekistondagi prezidentlik saylovi muvaffaqiyatli o‘tdi. Chet ellik kuzatuvchilarning hisobotlari va ommaviy axborot vositasi vakillari tarqatgan xabarlar buni yaqqol namoyon etmoqda.

Boʻlib oʻtgan oxirgi saylov orqali O‘zbekistonda umumiy olib qaraganda partiyalarning jonlanganini, faol saylovoldi tashviqoti olib borganliklari e’tibordan chetda qolmadi. Bu oʻzgarishlar mamlakatdagi siyosiy muhitga, siyosiy partiyalar oʻrtasidagi raqobatning rivojlanishiga ijobiy hissa qoʻshadi.

Prezidentlik saylovi mamlakatning saylov tizimiga ayrim yangiliklarning kiritilishiga sabab boʻldi. Ilgari ovoz berish uchun saylov uchastkasiga pasport bilan kelish zarur bo‘lgan bo‘lsa, oxirgi saylovda haydovchilik guvohnomasi bilan ham ovoz berish imkoni berildi. Markazlashgan saylovchi registri tuzish orqali aholini ro‘yhatga olish qaydiga qaramay, fuqarolar uchun qayerda boʻlsalar ana shu yerdan ovoz berish imkoni yaratildi. Saylov o‘tkaziladigan joylarda ishlayotgan xodimlarga haq to‘lab berildi. Sobiq Prezident Islom Karimov davrida bunday sharoit bo‘lmagan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev o‘zining yangi vazifasi davrida islohotlarni davom ettiradi. Chunki O‘zbekiston xalqi saylovda bu islohotlarni qo‘llab-quvvatlashini ochiq-oydin ko‘rsatdi.

 

 



Aloqador xabarlar