Yevroosiyo kun tartibi-4

Dasturimizning bugungi sonida Shanxay Hamkorlik tashkiloti va Kollektiv xavfsizlik toʻgʻrisidagi shartnoma tashkilotining Dushanbeda uyushtirgan yigʻilishi haqida soʻz qilamiz.

1709494
Yevroosiyo kun tartibi-4

Bu yilning 16-17 sentabri kunlari Tojikiston poytaxti Dushanbeda Shanxay Hamkorlik tashkiloti va Kollektiv xavfsizlik toʻgʻrisidagi shartnoma tashkiloti yigʻilishlari boʻlib oʻtdi.

Avvalom bor Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmon yetakchiligida Kollektiv Xavfsizlik kengashi yigʻilishi oʻtkazildi. 16-sentabr kuni uyushtirilgan bu yigʻilishga Rossiya Davlat rahbari Vladimir Putin videokonferensiya orqali; Belarus Prezidenti Aleksandr Lukashenko, Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan, Qozogʻiston Prezidenti Qasim Joʻmart Toqayev va Qirgʻiziston Prezidenti Sadir Japarov shaxsan ishtirok etdi. Bu yerda shuni ta’kidlash kerakki; Rossiya Davlat rahbari yaqin atrofidagi kishilarda koronavirus aniqlangani bois 14-sentabr kuni oʻzini karantinga olgandi.

Kollektiv Xavfsizlik kengashi yigʻilishida Afgʻonistondagi oxirgi vaziyatlar va bu voqealarning a’zo davlatlar xavfsizligiga ta’siri masalasi muhokama qilindi. Qolaversa, tashkilotning oxirgi paytdagi faoliyati natijalari qoʻlga olindi. Kollektiv xavfsizlik toʻgʻrisidagi shartnoma tashkiloti Bosh kotibi Stanislav Zas bayonotiga koʻra, tashkilot tarkibidagi davlatlar Afgʻonistondan koʻtarilgan tahdidlarga qarshi kurashda hamkorlikning rivojlantirilishi uchun qoʻshimcha chora koʻrish borasida kelishib oldi. Tashkilot, chegaradagi vaziyat yomonlashgudek boʻlsa Tojikiston xavfsizligini ta’minlash uchun kollektiv choralar ishlab chiqdi va Dushanbe tomonidan taklif qilingan Tojikiston-Afgʻoniston chegarasini mustahkamlash dasturi toʻgʻrisidagi faoliyatlarni tezlashtirish haqida qaror qabul qildi. Kollektiv Xavfsizlik kengashi yigʻilishida kollektiv tezkor kuchlarni zamonaviy qurol va harbiy texnika bilan ta’minlash rejasi va boshqa muhim hujjatlar imzolandi. Bundan tashqari, tashkilotga raislik qilish vazifasi Tojikistondan Armanistonga oʻtkazildi.

17-sentabr kuni Shanxay Hamkorlik tashkiloti tarkibidagi davlatlarning rahbarlari sammiti, tashkilotga a’zo va kuzatuvchi maqomdagi davlatlarning liderlari ishtirokida Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmon raisligida boʻlib oʻtdi. Bu yigʻilishda Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Belarus, Oʻzbekiston, Eron, Turkmaniston va Pokiston prezidentlari shaxsan ishtirok etishdi. Unda Rossiya, Xitoy, Hindiston va Moʻgʻuliston davlat rahbarlari videokonferensiya orqali qatnashdi.

Sammitda mintaqaviy xavfsizlik, terrorizmga qarshi kurash faoliyatlarining koordinatsiyasi va kuzatuvchi davlatlar bilan hamkorlikni kuchaytirish masalalari muhokama qilindi. Tashkilotning 20-yilligi nishonlangan ushbu sammitda Shanxay Hamkorlik tashkilotining 20-yilligi toʻgʻrisidagi deklaratsiya doxil 30 hujjat imzolandi. ShHT tarkibidagi davlatlar yuqorida nomi tilga olingan deklaratsiyada Afgʻonistondagi barcha etnik, diniy va siyosiy guruhlar ishtirokida Afgʻonistonda keng koʻlamli hukumatning tashkil topishining alohida oʻringa ega ekanini qayd etdilar. Shuningdek, deklaratsiyada ShHTga a’zo davlatlarning Afgʻonistonning terror, urush va giyohvandlikdan xoli; mustaqil, betaraf, birlashgan, demokratik va tinch davlatga aylanishi tarafdori ekanliklari ta’kidlandi.

Eronning tashkilotga qabul qilinishi protsedurasining boshlatilishini koʻzda tutgan hamkorlik hujjati, sammitda qoʻl qoʻyilgan eng muhim hujjatlardan biri edi. ShHT Davlat rahbarlari sammiti tugagach, Shanxay Hamkorlik tashkiloti bilan Kollektiv xavfsizlik toʻgʻrisidagi shartnoma tashkilotining Afgʻoniston masalasi ustidan mushtarak yigʻilishlari uyushtirildi. Bu yigʻilishda davlat rahbarlari Afgʻoniston muammolari haqida fikrlarini bayon etdilar. Kollektiv xavfsizlik toʻgʻrisidagi shartnoma tashkiloti bilan Shanxay hamkorlik tashkilotining Dushanbeda mushtarak yigʻilish oʻtkazib tigʻiz hamkorlik tomon qadam tashlaganliklarini aytish mumkin.

 



Aloqador xabarlar