Yevroosiyo kun tartibi - 77

Dasturimizning bugungi sonida Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarovning Turkiyaga bo‘lgan rasmiy tashrifi haqida so‘z qilamiz.

1659460
Yevroosiyo kun tartibi - 77

2021-yilning 9-11 iyun kunlari Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov Turkiyaga birinchi tashrifini amalga oshirdi. Prezident Japarov 9-iyun kuni Anqarada Prezident Rajap Tayyip Erdo‘g‘an tomonidan rasmiy marosim bilan kutib olindi. Dastlab, ikki mamlakat Prezidentlarining yakkama-yakka uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Ortidan esa, Turkiya-Qirg‘iziston oliy darajadagi strategik hamkorlik kengashining beshinchi yig‘ilishi o‘tkazildi. Muzokaralardan so‘ng qishloq xo‘jaligi, sog‘liqni saqlash, madaniyat va sport kabi sohalarni o‘z ichiga olgan 7 shartnoma imzolandi.

Xuddi shu kuni ikki mamlakat Prezidentlari va ularning turmush o‘rtoqlari ishtirokida IV Xalqaro Issiq-Ko‘l forumi yakun topdi. Ching‘iz Aytmatov merosi bo‘lgan Issiq-Ko‘l forumining birinchi bosqichi o‘tgan yili Bishkekda uyushtirilgandi.

2021-yilning 10-iyunida Prezident Japarov Turkiya Buyuk Millat Majlisi raisi Mustafa Shentop bilan uchrashdi. Uchrashuv davomida ikki tomonlama va mintaqaviy aloqalar muhokama qilindi.

Keyinchalik Prezident Sadir Japarov TOBB ya’ni, Turkiya Savdo palatalari va tovar birjalarida bo‘ldi. TOBB Iqtisodiyot va texnologiya universiteti Japarovga faxriy doktorlik unvonini berdi. Bu yerda Japarov turkiyalik ishbilarmonlarga xitob etdi. 2021-yilning 8-9 avgusti kunlari Issiq-Ko‘lda Turk kengashi tarkibidagi davlatlarning biznes forumi uyushtiriladi. Prezident Japarov turkiyalik ishbilarmonlarni ushbu biznes forumga taklif qildi.

Xuddi shu kuni Sadir Japarov Turkiyadagi qirg‘iz diasporasi vakillari bilan uchrashdi. Uchrashuv davomida Turkiyada yashovchi qirg‘iz xalqining muammolari muhokama qilindi.

Tashrif doirasida Sadir Japarov Turk kengashi Bosh kotibi Bag‘dad Amreyev bilan uchrashuv amalga oshirdi. Qirg‘iziston Prezidentining Turkiyaga bo‘lgan tashrifi Kapadokiya safari bilan yakun topdi.

Prezident Sadir Japarovning tashrifi bilan birga Turkiya-Qirg‘iziston munosabatlarida yangi sahifa ochildi. Tashqi siyosatda Rossiya va Xitoyni iloji boricha muvozanatlash jihatidan Qirg‘iziston birodar Turkiya bilan yanada yaqinroq hamkorlik qilishi kerak.

Tojikiston bilan yuzaga kelgan so‘nggi chegara muammosidan ko‘rinib turganidek mudofaa sohasida ham Qirg‘izistonning Turkiya bilan yangi shartnomalar imzolashi va mudofaa sanoati mahsulotlarini sotib olishi zarur. Ommaviy axborot vositalarida Anqarada ushbu masalaning  muhokama qilingani haqida ma’lumotlar tarqadi.

Qirg‘iziston Savdo-sanoat palatasining Turkiya Savdo palatalari va tovar birjalaridek bir muassasaga aylantirilishi to‘g‘risida rasmiylar o‘rtasida kelishib olindi. Tashrif doirasida Qirg‘izistonning Chuy mintaqasida birgalikda uyushgan sanoat zonasini qurish masalasi yana kun tartibiga olib chiqildi.

Tashrif chog‘ida Turkiya tomonidan Bishkekda qurilgan va pandemiya jarayonida katta foydasi tekkan Qirg‘iz-Turk do‘stlik kasalxonasining rasmiy ochilish marosimini o‘tkazish masalasi ham qo‘lga olindi. Ikki davlat o‘rtasidagi kelishuvga ko‘ra Qirg‘izistonda davolanishi imkonsiz bo‘lgan bemorlarning Turkiyaga olib kelinishi rejalashtirilmoqda. Qirg‘iz Respublikasi Sog‘likni saqlash va ijtimoiy rivojlanish vaziri Alimqadir Beyshenaliyev tashrif davomida 20 nafar qirg‘iz shifokorning, Turkiyada ikki yil malaka oshirishi borasida kelishib olinganini qayd etdi. Qirg‘iziston-Turkiya Manas universiteti ham kelasi o‘quv yilidan boshlab Tibbiyot fakulteti uchun talabalarni qabul qilishni boshlashini ma’lum qildi. Bu o‘zgarishlarning hammasi Qirg‘iziston-Turkiya munosabatlarini mustahkamlaydi.

 

 

 



Aloqador xabarlar