Yevroosiyo kun tartibi - 66

Dasturimizning bugungi sonida Turkiyaning Markaziy Osiyo Respublikalari bilan havo qatnovlari va bu tarmoqqa kiritgan investitsiyalari haqida so‘z qilamiz.

1612760
Yevroosiyo kun tartibi - 66

2021 - yilning 21 - marti kuni Qozog‘iston Respublikasining Turkiston shahridagi Xalqaro Hazrat Sulton aeroportidan  FlyArystan Havo yo‘llari orqali Istanbulga birinchi qatnov yo‘lga qo‘yildi. Ushbu qatnov Xalqaro Hazrat Sulton aeroportidan chet elga uyushtirilgan birinchi qatnov sifatida tarix sahifasidan o‘rin oldi. FlyArystan Havo yo‘llari Turkistondan Istanbulga hozircha bir haftada ikki safar uyushtirmoqda. Vaqt o‘tishi bilan buning haftada 7 safarga ko‘paytirilishi rejalashtirilmoqda. Shuni ham ta’kidlash kerakki, 2020 - yilning 1 - dekabri kuni xizmatga ochilgan Xalqaro Hazrat Sulton aeroporti Qozog‘istonda, mustaqillik davrida noldan qurilgan birinchi aeroportdir. Ushbu aeroport Xalqaro Aktau aeroportini boshqargan YDA Group tomonidan inshoo etildi.

2021 - yilning 25 - martida Qirg‘iziston Xalqaro Manas aeroporti Eti Bakir Tereksay kompaniyasi bilan Jalal - Abad viloyatining Tog‘uz Toroo tumanidagi Kerben aeroportining kengaytirilishi va ta’mirlanishi masalasini qo‘lga oldi. Eti Bakir Tereksay ushbu aeroportga sarmoya kiritish orqali uning mavqeini mahalliydan xalqaro darajaga ko‘tarmoqchi. 1979 - yili qurilgan aeroportni qirg‘iz hukumati 2019 - yili qayta tikladi ammo hali hanuz xizmatga ochilmadi. Shuni ta’kidlash joizki, Eti Bakir Tereksay kompaniyasining 75 foizi Turk Eti Bakir kompaniyasiga tegishli va ushbu kompaniya Qirg‘izistondagi "Terek", "Terekkan" va "Perevalnoe" konlarida ishlaydi.

Huddi shu kuni O‘zbekiston Respublikasining Farg‘ona viloyati hokimining matbuot xizmati Turk havo yo‘llarining Turkiyadan Farg‘ona shahriga to‘g‘ridan - to‘g‘ri safar uyushtirishini ma’lum qildi. Turk Havo yo‘llarining O‘zbekistondagi filiali direktori Selim Qahraman boshchiligidagi delegatsiya Farg‘ona aeroportini ko‘rib chiqish maqsadida shaharga yo‘l oldi. Uchrashuv davomida aeroportda xizmat ko‘rsatish masalasi ham muhokama qilindi. Bu orqali Turkiyadan uchoq orqali O‘zbekistonning yetti shahriga borish imkoni tug‘iladi.

Turkiya kompaniyalarining Markaziy Osiyo respublikalarida aviatsiya sohasidagi investitsiyalari bir necha yil oldin boshlangan edi. TAV aeroportlari Holding o‘tgan yili Xalqaro Olmaota aeroportini boshqarish litsenziyasini oldi. Kiklop İnşaat LTD ŞTI kompaniyasi O‘zbekistonning Samarqand aeroportini ta’mirladi. Boshqa bir turk kompaniyasi - Alarko Holding Turkmanistonda Ashxobod, O‘zbekistonda Samarqand, Buxoro va Urgench aeroportlarini va Qozog‘istonda Nur - Sulton aeroportlarini qurdi. Mart oyidagi so‘nggi o‘zgarishlar bilan turk kompaniyalarining Markaziy Osiyo respublikalarining aviatsiya sohasidagi investitsiyalari va faoliyatining tobora o‘sib borayotganini aytish mumkin.

Turk Havo yo‘llari O‘zbekistonda yetti, Turkmaniston va Qozog‘istonda ikkitadan, Qirg‘iziston va Tojikistonning bittadan shahriga qatnov yo‘lga qo‘ymoqda. Pegasus Havo yo‘llarining Qirg‘iziston va Qozog‘istonga ham safarlari bor. Shuningdek, Markaziy Osiyo Respublikasining har bir havo yo‘li Turkiyaning Istanbul va Antaliya shaharlariga safarlar uyushtirmoqda.

Aviatsiya sohasidagi ushbu hamkorlik yaqin yillarda yangi yo‘nalishlar bilan kengayadi va birgalikda vertolyot, uchoq va dronlar ishlab chiqarilishiham mumkin. Chunki bu salohiyat Turk tilida so‘zlashuvchi respublikalarda mavjud.



Aloqador xabarlar