O’zbekistondan xabarlar 39-qism

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qozogʻiston Respublikasining Birinchi Prezidenti – Elboshi Nursulton Nazarboyevning amaliy uchrashuvi boʻlib oʻtdi.

1502783
O’zbekistondan xabarlar 39-qism

 

25-sentyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qozogʻiston Respublikasining Birinchi Prezidenti – Elboshi Nursulton Nazarboyevning amaliy uchrashuvi boʻlib oʻtdi.

Uchrashuv Qozogʻiston tomonining taklifiga binoan Turkiston viloyatining Oʻzbekiston bilan chegaradosh hududidagi Sariagʻash shahrida oʻtkazildi.

Ikki mamlakat yetakchilari Oʻzbekiston-Qozogʻiston strategik sheriklik munosabatlarining bugungi holati va istiqbollarini muhokama qilib, mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashdilar.

Koronavirus infeksiyasi global miqyosda tarqalishining oqibatlarini tez fursatda yengib oʻtish maqsadida hukumatlar darajasida yaqindan muvofiqlashuv va samarali hamkorlikni davom ettirishga alohida eʼtibor qaratildi.

Ikki tomonlama savdo hajmini oshirish va tovar ayirboshlashning oʻzaro kelishilgan koʻrsatkichlariga erishish uchun qulay sharoitlar shakllantirishni davom ettirish, qabul qilingan qoʻshma “Yoʻl xaritasi” doirasida sanoat, energetika, qishloq xoʻjaligi va transport sohalarida kooperatsiya boʻyicha ustuvor loyihalarni amalga oshirishga koʻmaklashish, hududlararo aloqalar va gumanitar almashinuvlarni qoʻllab-quvvatlash muhimligi qayd etildi.

Shuningdek, mintaqaviy sheriklikni, jumladan, 2019-yil noyabr oyida Toshkent shahrida oʻtkazilgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining ikkinchi Maslahatlashuv uchrashuvi yakunida erishilgan kelishuvlar asosida ilgari surish masalalariga toʻxtalib oʻtildi.

Bundan tashqari, MDH doirasidagi oʻzaro manfaatli hamkorlikning asosiy yoʻnalishlari koʻrib chiqildi.

Suhbat chogʻida Shavkat Mirziyoyev va Nursulton Nazarboyev qardosh Oʻzbekiston va Qozogʻiston xalqlari oʻrtasida yaxshi qoʻshnichilik rishtalari va har tomonlama aloqalarni mustahkamlashda doimo qatʼiy ekanliklarini yana bir bor taʼkidladilar.

Uchrashuv har doimgidek ochiq va doʻstona ruhda oʻtdi.

 

 

Oʻzbekiston delegatsiya aʼzolari Qirgʻizistondagi parlament saylovlari bilan tanishdi

Kecha, 4 oktyabr kuni Qirgʻiziston Respublikasi Joʻqorgʻi Keneshi deputatligiga saylovlar oʻtkazilgan boʻlib, u pandemiya sababli sanitariya-epidemilogik talablar asosida tashkil etildi.

Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligining (MDH) Ijroiya qoʻmitasi missiyasi tarkibida O’zbekistonning chegaradosh viloyatlaridan oʻttiz nafarga yaqin xalqaro kuzatuvchilar mazkur jarayonda ishtirok etdi. Qirgʻiziston parlamenti saylovlarida 3 million 523 ming 532 nafar saylovchi roʻyxatga olingan hamda 16 ta partiya yuqori natija uchun harakat qildi..

Mazkur patiyalar tomonidan Qirgʻiziston Respublikasi Joʻqorgʻi Keneshi deputatligiga 1 ming 957 nomzod koʻrsatilgan. Shulardan 57 nafari oʻz arizasiga koʻra roʻyxatdan chiqarilgan. Shunday qilib, Qirgʻiziston Respublikasi parlamentiga boʻlib oʻtadigan saylovlar uchun 1 ming 912 nafar nomzod roʻyxatga olingan. Nomzodlarning 618 nafari ayollardan iborat.

Oʻzbekiston delegatsiyasining Fargʻona viloyatidan 7 nafar aʼzolari Batken viloyatida oʻtkazilayotgan saylovlarda xalqaro kuzatuvchi sifatida mazkur siyosiy jarayonni kuzatishdi. Ular dastlab Qadamjoy tumanidagi 8116-saylov uchastkasida boʻlib, jarayonni koʻzdan kechirishdi. 

Saylovlar milliy qonunchilik talablari asosida boʻlib oʻtdi. Uchastkada barcha sharoitlar yaratilgan. 8119-saylov uchastkasida ham fuqarolar faollik bilan ishtirok etdi.

 

Oʻzbekiston milliy arxivi Turkiya teleradiokompaniyasi nigohida

Joriy yil 9-sentyabr kuni Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi rasmiy sayt sahifasida “Oʻzbekistonda Usmoniylar imperiyasining maxsus askarlariga tegishli pasport saqlanmoqda” sarlavhasi bilan xabar berilgan edi.

Ushbu xabar maʼlumotlariga tayangan holda, Turkiya teleradiokompaniyasi (TRT) ning Oʻzbekistondagi vakolatxonasining tasvirga olish guruhi hujjatli film tasvirga olish maqsadida “Oʻzarxiv” agentligiga tashrif buyurdi.

Turkiya Usmoniylar imperiyasining maxsus askariga tegishli pasport hujjatlar yuzasidan “TRT AVAZ” telekanalida lavha efirga uzatildi, deyiladi agentlik xabarida.

Xabarda qayd etilishicha, Oʻzbekiston arxivlarida insoniyat tarixiga oid qadimiy va noyob hujjatlar qatorida, Turkiya davlatining tarixiga oid 100 dan ortiq bebaho hujjatlar saqlanadi.

 

O‘zbekiston Ozarboyjon va Armanistonni harbiy harakatlarni to‘xtatib, nizoni tinch yo‘l bilan hal qilishga chaqirdi.

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi e’lon qilgan bayonotda Ozarbayjon Respublikasi va Armaniston Respublikasi munosabatlaridagi keskinlikning oshishi O‘zbekiston Respublikasida jiddiy tashvish uyg‘otayotganligi ma’lum qilingan.

“O‘zaro qarama-qarshilik chog‘ida harbiy kuchning ishlatilishi ikki tomondan ham ko‘plab insonlarning qurbon bo‘lishiga olib kelishi mumkin.

O‘zbekiston Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligida raislik qilayotgan davlat sifatida MDH hududida do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik munosabatlari va o‘zaro ishonchni mustahkamlash, bahsli masalalarni xalqaro huquq normalariga qat’iy mos ravishda tinch yo‘l bilan hal qilinishining muhimligini yana bir bor tasdiqlaydi.

Ozarbayjon Respublikasi va Armaniston Respublikasini harbiy harakatlarni tezda to‘xtatishga hamda mojaroni suverenitet va hududiy yaxlitlik tamoyillariga rioya qilgan holda tinch yo‘l bilan bartaraf etish maqsadida diplomatik muzokaralarni boshlashga chaqiramiz”, - deyiladi O‘zbekiston bayonotida.
 


Tanlangan kalimalar: #Shavkat Mirziyoyev , #O'zbekiston

Aloqador xabarlar