O'zbekistondan xabarlar 37-qism

O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmonni Mustaqillik kuni bilan tabrikladi.

1491686
O'zbekistondan xabarlar 37-qism

 

O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmonni Mustaqillik kuni bilan tabrikladi.

Davlat rahbari Tojikiston Prezidentiga sihat-salomatlik, oilaviy baxt-saodat va mas'uliyatli davlat lavozimidagi faoliyatida yangi yutuqlar, do'st Tojikiston xalqiga esa tinchlik-omonlik, farovonlik va doimiy taraqqiyot tiladi.

 

 

O'zbekiston Respublikasining Mustaqilligi kuni munosabati bilan qutlovlar uchun xorijiy hamkorlarga minnatdorlik

O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev xorijiy davlatlar va hukumatlar, nufuzli xalqaro tashkilotlar va moliyaviy institutlar rahbarlari, taniqli siyosat va jamoat arboblariga mamlakatimiz mustaqilligining 29 yilligi munosabati bilan qutlovlar yo'llagani uchun ko'p millatli xalqimiz nomidan samimiy minnatdorlik bildirdi.

Davlat rahbari O'zbekistonda amalga oshirilayotgan keng miqyosli yangilanishlar va ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarga berilgan yuksak baho va xayrixohlik, ikki tomonlama do'stlik va ko'p qirrali hamkorlik munosabatlarini yanada rivojlantirish va mustahkamlashga qaratayotgan e'tibori, shuningdek, koronavirus infeksiyasi tarqalishi oqibatlarini yengib o'tishdagi samarali sheriklik uchun xorijiy hamkorlarga tashakkur aytdi.

O'zbekiston xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlar bilan uzoq muddatli aloqalarni kengaytirish, savdo, iqtisodiyot, investitsiyalar, innovatsiyalar, transport, turizm, fan, tibbiyot, ta'lim, madaniyat va boshqa ustuvor yonalishlarda qo'shma loyiha va dasturlarni ilgari surish, ko'p tomonlama tuzilmalar doirasida global va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan konstruktiv muloqotni davom ettirish uchun ochiq va tayyor ekani qayd etildi.

Eslatib o'tamiz, joriy yilda yuzdan ziyod xorijiy mamlakatlar va xalqaro tashkilotlar rahbarlari O'zbekiston Respublikasining Mustaqilligi kuni munosabati bilan o'z qutlovlarini yo'llagan, shu jumladan:

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrish;

Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin;

Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin;

Amerika Qo'shma Shtatlari Prezidenti Donald Tramp;

Qozog'iston Respublikasi Birinchi Prezidenti – Elboshi Nursulton Nazarboyev;

Qozog'iston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev;

Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov;

Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon;

Qirg'iziston Respublikasi Prezidenti Sooronbay Jeenbekov;

Afg'oniston Islom Respublikasi Prezidenti Ashraf G'ani;

Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev;

Armaniston Respublikasi Prezidenti Armen Sarkisyan;

Armaniston Respublikasi Bosh vaziri Nikol Pashinyan;

Belarus Respublikasi Prezidenti Aleksandr Lukashenko;

Gruziya Prezidenti Salome Zurabishvili;

Moldova Respublikasi Prezidenti Igor Dodon;

Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy;

Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdog'an;

Koreya Respublikasi Prezidenti Mun Chje In;

Yaponiya Imperatori Naruxito;

Hindiston Respublikasi Prezidenti Ram Nath Kovind;

Germaniya Federativ Respublikasi Prezidenti Frank-Valter Shtaynmayer;

Fransiya Respublikasi Prezidenti Emmanuel Makron;

Italiya Respublikasi Prezidenti Serjo Mattarella;

Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiya Qirolichasi Yelizaveta II;

Belgiyaliklar Qiroli Filipp;

Ispaniya Qiroli Felipe VI;

Niderlandiya Qiroli Villem-Aleksandr;

Shvetsiya Qiroli Karl XVI Gustaf;

Avstriya Respublikasi Prezidenti Aleksandr van der Bellen;

Bolgariya Respublikasi Prezidenti Rumen Radev;

Vengriya Prezidenti Yanosh Ader;

Gretsiya Respublikasi Prezidenti Katerina Sakellaropulu;

Latviya Respublikasi Prezidenti Egils Levits;

Polsha Respublikasi Prezidenti Anjey Duda;

Ruminiya Prezidenti Klaus Verner Yoxannis;

Serbiya Respublikasi Prezidenti Aleksandr Vuchich;

Slovakiya Respublikasi Prezidenti Zuzana Chaputova;

Finlyandiya Respublikasi Prezidenti Sauli Niynistyo;

Chexiya Respublikasi Prezidenti Milosh Zeman;

Shveysariya Konfederatsiyasi Prezidenti Simonetta Sommaruga;

Estoniya Respublikasi Prezidenti Kersti Kalyulayd;

Rim-katolik cherkovi rahbari Fransisk;

Saudiya Arabistoni Podshohi Salmon ibn Abdulaziz Ol Saud;

Saudiya Arabistoni Podshohligi valiahdi, Bosh vaziri o'rinbosari, mudofaa vaziri Muhammad ibn Salmon Ol Saud;

Birlashgan Arab Amirliklari Prezidenti Xalifa bin Zoid Ol Nahayon;

BAA Qurolli kuchlari Oliy bosh qo'mondoni o'rinbosari, Abu-Dabi Amirligi valiahdi Muhammad bin Zoid Ol Nahayon;

BAA Vitse-prezidenti, Bosh vaziri, Dubay amirligi hokimi Muhammad bin Roshid Ol Maktum;

Misr Arab Respublikasi Prezidenti Abdulfattoh as-Sisi;

Eron Islom Respublikasi Prezidenti Hasan Ruhoniy;

Pokiston Islom Respublikasi Prezidenti Orif Alviy;

Pokiston Islom Respublikasi Bosh vaziri Imron Xon;

Jazoir Xalq Demokratik Respublikasi Prezidenti Abdulmajid Tabbun;

Bangladesh Xalq Respublikasi Prezidenti Abdul Hamid;

Bangladesh Xalq Respublikasi Bosh vaziri Shayx Hasina;

Shri-Lanka Demokratik Sotsialistik Respublikasi Prezidenti Gotabaya Rajapaksa;

O'mon Sultoni Haysam bin Toriq;

Bahrayn Podshohi Hamad ibn Iso Al Xalifa;

Iordaniya Podshohi Abdalla II;

Quvayt Davlati valiahdi Navaf al-Ahmad al-Jobir as-Saboh;

Isroil Davlati Prezideni Reuven Rivlin;

Falastin Davlati Prezidenti Mahmud Abbos;

Avstraliya Ittifoqi General-gubernatori Devid Xyorli;

Indoneziya Respublikasi Prezidenti Joko Vidodo;

Malayziya Podshohi Sulton Abdulloh Ri'yatuddin Al-Mustafo BILLOH;

Malayziya Bosh vaziri Tan Sri Muhyiddin Yassin;

Singapur Respublikasi Prezidenti Halima Yaqub;

Filippin Respublikasi Prezidenti Rodrigo Duterte;

Bruney Dorussalom Davlati Sultoni Hassanal Bolkiyax;

Laos Xalq-Demokratik Respublikasi Prezidenti Bunnyang Vorachit;

Myanma Ittifoqi Respublikasi Prezidenti Vin Min;

Nepal Federativ Demokratik Respublikasi Prezidenti Bidxya Devi Bxandari;

Maldiv Respublikasi Prezidenti Ibrohim Muhammad Solih;

Kuba Respublikasi Prezidenti Migel Dias-Kanel Bermudes;

Nikaragua Respublikasi Prezidenti Xose Daniyel Ortega Saavedra;

Yamayka Bosh vaziri Endryu Maykl Xolness;

BMT Oziq-ovqat va qishloq xo'jaligi tashkiloti (FAO) bosh direktori Syuy Dunyuy;

Jahon sayyohlik tashkiloti bosh kotibi Zurab Pololikashvili;

Jahon bojxona tashkiloti bosh kotibi Kunio Mikuriya;

Islom hamkorligi tashkiloti bosh kotibi Yusuf al Usaymin;

Ta'lim, fan va madaniyat masalalari bo'yicha Islom tashkiloti bosh direktori Salim al-Malik;

Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi bosh kotibi Bag'dat Amreyev;

MDH Ijroiya qo'mitasi raisi – Ijrochi kotibi Sergey Lebedev;

Qishloq xo'jaligini rivojlantirish xalqaro jamg'armasi prezidenti Jilber Ungbo va boshqalar.

 

 

Ozarbayjon tashqi ishlar vaziri bilan telefon orqali suhbat to'g'risida

O'zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Ozarbayjon Respublikasi tashqi ishlar vaziri Jayxun Bayramov bilan telefon orqali muloqot qildi. 

Turli darajalarda bo'lajak ikki va ko'p tomonlama, jumladan, O'zbekistonning MDHda raisligi doirasida ko'zda tutilgan tadbirlar jadvali va boshqa tashkiliy masalalar ko'rib chiqildi.

Tashqi siyosat idoralari rahbarlari koronavirus pandemiyasi ta'sirida yuzaga kelgan holatga qaramay, O'zbekiston - Ozarbayjon aloqalari faol rivojlanib borayotgani, mahsulot ayirboshlash ko'rsatkichi joriy yil yanvaridan iyuligacha 163 foiz o'sganini alohida ta'kidladilar.

Tomonlar O'zbekiston Respublikasi va Ozarbayjon Respublikasi o'rtasidagi hamkorlik bo'yicha qo'shma hukumatlararo komissiya faoliyatini tiklash bo'yicha kelishuvga erishdilar.

 

 

O'zbekiston tashqi ishlar vaziri Moskva shahrida SHHT TIVK yig'ilishida ishtirok etdi

Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov boshchiligidagi O'zbekiston Respublikasi delegatsiyasi Moskva shahrida bo'lib oʻtgan Shanxay hamkorlik tashkilotiga a'zo davlatlar tashqi ishlar vazirlari kengashining navbatdagi yig'ilishida ishtirok etdi.

Hindiston, Pokiston, Qirg'iziston, Qozog'iston, Rossiya, Tojikiston, Xitoy va O'zbekiston tashqi siyosat idoralari rahbarlari SHHT Bosh kotibi va SHHT Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi Ijroiya qo'mitasi direktori ishtirokida Tashkilotga a'zo davlatlar rahbarlari kengashining bo'lajak yig'ilishiga tayyorgarlik jarayonini muhokama qildilar.

O'zbekiston TIV matbuot xizmati ma'lumotiga ko'ra, vazirlar SHHTga a'zo davlatlar rahbarlari kengashi majlisi kun tartibi va imzolash uchun taklif qilinadigan hujjatlar loyihalarini ko'rib chiqdi.

Afg'onistondagi tinchlik jarayonini ilgari surish uchun tashkilotga a'zo davlatlar o'rtasidagi hamkorlikni kengaytirish bo'yicha fikr almashildi. Afg'onistonning mintaqaviy iqtisodiy jarayon va infratuzilma loyihalarida ishtirok etishi butun SHHT hududida izchil rivojlanish va barqarorlashuvga erishishga hissa qo'shishi qayd etildi.

Tadbirda SHHT va BMTning tegishli institutlari o'rtasidagi sheriklik aloqalarini yanada kengaytirishning dolzarb jihatlariga alohida e'tibor qaratildi. Shu nuqtayi nazardan SHHT va BMTning Yevropa iqtisodiy komissiyasi, ESKATO, YUNKTAD va JSST kabi institutlari o'zaro anglashuv memorandumlarini imzolash muhimligi ta'kidlandi.

Tomonlar xalqaro va mintaqaviy dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashdi. Muayyan masalalar bo'yicha tegishli qarorlar imzolandi.

Uchrashuv yakunlari bo'yicha delegatsiyalar rahbarlarini Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin qabul qildi.

 

 

Samarqand davlat universiteti Ulug'bek madrasasi davomchisi

Tarixiy tadqiqotlar Sharq mamlakatlaridagi dastlabki bilim maskanlari-zardushtiylik dinining ibodatxonalarida bilimdon ruhoniylar, oqsoqollar yoshi ulug' tajriba va bilimga ega nufuzli a'zolari tomonidan olib borilgan darslar to'g'risidagi arxeologik ma'lumotlar qadimgi Xorazm madaniy yodgorliklarida saqlanib qolgan. 

Qadim Xorazm dunyo madaniyati ilm va fanining taraqqiyotida alohida ahamiyat kasb etadi. Matematika, astronomiya, geometriya, adabiyot, tarix kabi fanlarning rivojlanishida Xorazm vohasi mutafakkirlarning xizmalari nihoyatda buyukdir. Dunyo tabiiy fanlarining rivojlanishiga ulkan hissa qo'shgan Al-Xorazmiyning matematika fanidagi xizmatlari evaziga Movarounnahr va qadimgi Sharqda fanlar sifat darajasida rivojlandi. 

Islom tamaddunining yoyilishi natijasida VIII ‒ IX asrlardan boshlab uni o'rganish va targ'ib etishga loyiq kadrlarni tayyorlash ehtiyoji ham maydonga keldi. Shuning natijasida islomiy sivilizatsiyaga asos solindi. Arabistondan Ispaniyaning Andalusiyasigacha, jumladan, O'rta Osiyoda ham maktab madrasa va madrasayi oliyalarning paydo bo'lishiga katta e'tibor qaratildi. 

Samarqandda bunday madrasa va madrasayi oliyalarning maydonga kelishida asosiy omillardan biri islom sivilizatsiyasining yetuk mutaxassislarga bo'lgan

katta ehtiyoji bo'lsa, ikkinchisi Samarqandning o'sha davr madaniy, ilmiy iqtisodiy va tijoratda tutgan katta mavqeyida ham edi. Madrasalar ta'lim tizimi IX ‒ X asrlarda Movarounnahrning yirik madaniy markazlari - Samarqand, Buxoro, Ko'hna Urganch, Balx va Nishopurda paydo bo'lgan. X asrning oxiriga kelib Samarqandda 17 ta madrasa bo'lgan. Shaharda madrasalarning soni XI ‒ XII asrlarda va XIII asr boshida orta bordi va faoliyati ham rivojlandi. 
XV asrda Movarounnahr, Xurosonda va umuman Markaziy Osiyoda, xususan Samarqandda fan va madaniyatning yangidan tug'ilishi Amir Temur va uning nabiralari Muhammad Sulton va Mirzo Ulug'bekning nomi bilan bog'liq. Amir Temur hayotligi davrida saltanatining turli yerlaridan Samarqandga kelgan Mas'ud Taftazoniy, Sayid Sharif Jurjoniy, Salohiddin Muso Qozizoda Rumiy, G'iyosiddin Koshiy va boshqalar Samarqand ilmiy maktabining poydevoriga asos soldilar. 

“Dorul hikmat” olimlari riyoziyot, ilmi hay'at, handasa, jo'g'rofiya, tarix, ilmu nujum, tibbiyot, musiqa, mantiq, aruz (she'riyat), ilmi hisob, teologiya, hadis, fiqh, adab, ilmi hikmat, ilmi kalom, arab tili kabi fanlarning turli sohalarida asarlar yaratgan va shu fanlar madrasa-i oliyada o'qitilgan. 

Mirzo Ulug'bek Samarqandda to'plangan ilmiy kuchlar, mohir muhandislar maslahati bilan mamlakatda, jumladan poytaxt Samarqandda ta'lim tizimi va ilmiy tadqiqotlarning samarali tarzda amalga oshirish maqsadida keng ko'lamli qurilish ishlarini boshlab yubordi. Shunisi borki, bu ishlarni boshlashdan oldin, ta'lim tizimi va ilmiy tadqiqotlar uchun madrasa va madrasa majmualarining maqsadi, vazifasi, joyi, me'morlari hamda har bir inshootning o'sha davrda qo'lga kiritilgan tajribalar va nazariy jihatdan asoslangan bo'lishiga katta e'tibor qaratilgan Mirzo Ulug'bek tomonidan Samarqandda barpo qilingan inshootlar ichida Rasadxona (1424 ‒ 1429) tarixiy-ilmiy ahamiyat kasb etadi. Samarqand astronomlarining mahorati asosiy asbobning juda katta bo'lishi va tuzilishining mukammalligini ta'minladi. Bu esa Quyosh, Oy va boshqa yoritgichlarni katta aniqlikda kuzatish imkonini berdi. Kvadrantning janubiy qismi yer ostida, qolgan qismi shimoliy tomonda yer sathidan 30 m. cha balanda joylashgan. 
Asbob aylanasida bir gradus yoy 701,85 mm. va bir minut yoy 11,53 mm. ga to'g'ri keladi. Mirzo Ulug'bek va uning astronomiya maktabi tomonidan yaratilgan ilmiy kashfiyotlar Al Xorazmiyning matematika sohasida qo'lga kiritgan yutuqlarining amaldagi ifodasi bo'ldi desak adashmaymiz. 
SamDUning jahondagi nufuzli ilmiy va o'quv markazlari orasida alohida mavqega ega bo'lishida uning bag'rida shakllangan ko'plab ilmiy maktablar va muammoviy ilmiy tadqiqotlar laboratoriyalarining o'rni alohida ahamiyat kasb etadi. Bular jumlasiga: O'zbek adabiyotshunosligi va tilshunosligi, falsafa, tarix-arxeologiya, molekulyar optika, yadro va kosmik nurlar fizikasi, differensial tenglamalar va matematik fizika, botanika, zoologiya, biokimyo, organik va analitik kimyo kabi qator ilmiy maktablarini misol sifatida keltirish mumkin.
O'zbekiston hududida ta'lim tizimining shakllanishi va rivojlanishi tarixini manbalar asosida tahlil qilish shuni ko'rsatadiki, O'zbekistondagi oliy ta'lim muassalarini tashkil etilish sanasi Temuriylar davri xususan Ulug'bek madrasasi bilan uzviy bog'liq bo'lib, uning bevosita vorisi Samarqand davlat universitetidir. Boshqacha aytganda, Samarqand-Ulug'bek universitetining tamal toshi 1420-yili madrasayi oliyaning ochilish marosimida qo'yilgan. 


 

8-sentyabr − Xalqaro jurnalistlar birdamligi kuni

Tahlilchilarning fikricha, bugungi kunda jurnalistika jahondagi eng xavfli kasblardan biri bo'lib qolmoqda.

Jurnalistlar dunyoning deyarli barcha burchaklarida tahdidlarga duch kelmoqda.

1958-yili Xalqaro jurnalistlar tashkilotining Buxarestda bo'lib o'tgan to'rtinchi kongressi qaroriga ko'ra, har yili Xalqaro jurnalistlar birdamligi kuni (International Day of Journalists' Solidarity) nishonlanadi.

Kongress ishtirokchilarining fikricha, shu kuni dunyo mamlakatlari jurnalistlari jahonga o'zlarining birdamliklarini, ayniqsa o'z huquqlarini birgalikda himoya qila olishlarini namoyon etishlari kerak edi.

Keyinchalik BMTning navbatdagi konferensiyasida ham 8-sentyabr Xalqaro Jurnalistlar birdamlik kuni deya e'lon qilindi. Shu tariqa 8-sentyabr jurnalistlarning navbatdagi kasb bayrami emas, balki o'zlarining yakdilliklari va birdamliklarini namoyon qila oladigan kun sifatida tarixga kirdi.

Nima uchun 8-sentyabr tanlangan? Buning sababi shuki, 1943-yil 8-sentyabr kuni fashistlar Berlinda Chexoslovakiyalik jurnalist va adabiy tanqidchi Yulius Fuchik(Julius Fuchik)ni qatl qilishgan edi. Fuchik qamoqxonada bo'lgan vaqtida, “Dor ostidan reportaj” kitobini yozgandi.

Ayni kitobi tufayli 1950-yili unga (vafotidan so'ng) Xalqaro tinchlik sovrini topshirildi. Mazkur kitob dunyoning 70 tiliga tarjima qilingan.

Ta'kidlab o'tilganidek, butun dunyoda jurnalistika xavfli kasblardan biri bo'lib qolmoqda. Sayyoramizning deyarli barcha burchaklarida har yili jurnalistlar hujumlarga uchramoqda, ayrim hollarda o'lim bilan to'qnash kelmoqda. Shu sababli tahlilchilar “jurnalistlar birdamligi faqat qog'ozda, og'izda emas, balki amalda namoyon bo'lishi kerak” degan fikrlarni ilgari surishadi.

Jurnalist bu jamiyat sanitarlari. Bu kasb ildizlari uzoq o'tmishga borib taqaladi. Qadim tarixda xalqqa podsholarning farmonlarini e'lon qilgan, bozorlarda turli xabarlarni ma'lum qilgan, turli tadbirlarga da'vat qiladigan jarchilar hozirgi jurnalistlar qilayotgan vazifalarni bajargan, deyish mumkin.

Ammo tom ma'nodagi jurnalistika XVII asrda paydo bo'ldi. Amalda bir nechta yo'nalishga bo'lingan holda jamiyatga ta'sir o'tkazib kelmoqda.

Yevropadagi inqilobiy g'oyalarni targ'ib qilishda gazetalar katta ahamiyat kasb etgan edi. Birinchi gazeta sifatida 1702-yilda Buyuk Britaniyada nashr qilingan “The Daily Courant” haftalik nashri tan olinadi. Keyinchalik radio, undan keyin televideniye paydo bo'ldi. Internet paydo bo'lishi bilan jurnalistikada yangi imkoniyatlar paydo bo'ldi.

Endilikda zamonaviy OAV axborot manbai bo'lmay qoldi. OAV jamoatchilik fikrini shakllantirish vositasiga aylandi. Shu sababli jamiyatda jurnalistlarning roli bir necha bor oshib ketdi.

 

 

 “ArMI-2020”: O'zbekiston harbiylari tarixiy g'alabani qo'lga kiritdi

Joriy yil 23-avgustdan 5-sentyabrgacha 32 mamlakatning 160 dan ziyod harbiylar jamoasi ishtirok etgan “ArMI-2020” VI xalqaro armiya o'yinlarida O'zbekiston Mudofaa vazirligi harbiy xizmatchilari umumjamoa hisobida 3-o'rinni egalladi.

Eslatib o'tamiz, o'tgan yili mazkur musobaqada O'zbekiston jamoasi 5-o'rinni qo'lga kiritgandi.

 

 

Arnasoy tumaniga Turkiyalik investorlar sarmoya kiritmoqda

Jizzax viloyati Arnasoy tumani hokimligida Turkiyaning “Conspectus danışmanlık” kompaniyasi vakillari bilan uchrashuv bo'lib o'tdi.

Uchrashuvda mazkur kompaniya bilan tuman hokimligi o'rtasida hududda “Gidroponika”, “Metall konstruksiya”, “Bog'dorchilik”, “Uy-joy logistikasi” kabi loyihalarni amalga oshirish yuzasidan hamkorlik memorandumi imzolandi.

Turkiyalik investorlar ushbu loyihalarni “Abs-technologies invest” mas'uliyati cheklangan jamiyati bilan hamkorlikda amalga oshirmoqchi.

Hozir loyihalarni amalga oshirish uchun yer maydonlari ajratilib, loyiha-smeta hujjatlari ishlab chiqilmoqda.

Uchrashuvda Turkiyalik sarmoyador investorlar bilan tuman rahbarlari 2020-2021-yillarga mo'ljallangan loyihalarning barcha jihatlarini o'zaro kelishib oldi.


Tanlangan kalimalar: #Shavkat Mirziyoyev , #O'zbekiston

Aloqador xabarlar