O'zbekistondan xabarlar 36-qism

Prezident Shavkat Mirziyoyev 2-sentyabr kuni O'zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimov haykali poyiga gulchambar qo'yib, uning yorqin xotirasiga hurmat bajo keltirdi.

1486923
O'zbekistondan xabarlar 36-qism

 

O'zbekistonning Birinchi Prezidenti xotirasi yodga olindi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 2-sentyabr kuni O'zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimov haykali poyiga gulchambar qo'yib, uning yorqin xotirasiga hurmat bajo keltirdi.

Davlat rahbarining 2017-yil 25-yanvardagi qaroriga muvofiq, 2-sentyabr sanasi Birinchi Prezident Xotirasi kuni sifatida nishonlanadi.

Shavkat Mirziyoyev O'zbekiston Respublikasi Mustaqilligining yigirma to'qqiz yilligiga bag'ishlangan nutqida Birinchi Prezident İslom Karimov boshchiligida qo'lga kiritilgan davlat mustaqilligi asriy orzularni amalda ta'minlagan olamshumul voqea ekanini ta'kidladi.

Islom Karimov nomidagi ilmiy-ma'rifiy yodgorlik majmuasida Qur'on tilovat qilindi.

O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati va Qonunchilik palatasi, Prezident Administratsiyasi, Vazirlar Mahkamasi, vazirlik va idoralar, poytaxt jamoatchiligi vakillari ham monument poyiga gul qo'ydi.

Islom Karimovning Samarqand va Qarshi shaharlaridagi haykallari poyiga ham gullar qo'yildi.

 

Rossiya tashqi ishlar vaziri bilan telefon orqali muloqot to'g'risida

O'zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Rossiya Federatsiyasi tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov bilan telefon orqali muloqot qildi.

Tomonlar O'zbekistonning MDHdagi raisligi va Rossiyaning SHHTdagi raisligi doirasida o'tkazilishi ko'zda tutilgan tadbirlarni amalga oshirish bo'yicha fikr almashdilar.

Turli darajadagi bo'lajak ikki tomonlama tadbirlar, jumladan hukumat rahbarlari darajasidagi O'zbekiston - Rossiya qo'shma komissiyasi va Iqtisodiy hamkorlik bo'yicha hukumatlararo komissiyaning navbatdagi yig'ilishi jadvali va boshqa tashkiliy masalalar ko'rib chiqildi.

 

Yaponiya Tashqi ishlar vazirligi maxsus vakili bilan muzokara to'g'risida

 

O'zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri o'rinbosari Furqat Sidiqov videokonferensaloqa shaklida Yaponiya Tashqi ishlar vazirligining Yevropa ishlari bo'yicha byurosi Bosh direktori o'rinbosari, Markaziy Osiyo bo'yicha Maxsus vakili Shuichi Tokuda bilan muzokara o'tkazdi.

Uchrashuv chog'ida siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiya, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi O'zbekiston-Yaponiya munosabatlarining hozirgi holati va rivojlanish istiqboli muhokama qilindi.

O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2019-yil dekabr oyidagi Yaponiyaga rasmiy tashrifi ikki mamlakat o'rtasidagi strategik sheriklikni yanada mustahkamlashga kuchli turtki bergani qayd etildi. Shu jihatdan oliy darajada erishilgan kelishuvlarni amalga oshirishni ta'minlash muhimligi ta'kidlandi.

Tomonlar turli darajadagi bo'lajak tadbirlar jadvalini ko'rib chiqdilar. Jumladan, Iqtisodiy hamkorlik bo'yicha O'zbekiston-Yaponiya va Yaponiya-O'zbekiston qo'mitalari majlisini hamda ikki davlat tashqi siyosat idoralari o'rtasidagi siyosiy maslahatlashuvlarning navbatdagi raundini o'tkazish borasida fikr almashildi.

Koronavirus pandemiyasi sharoitida ikki tomonlama hamkorlikning yuqori sur'atini saqlab qolish masalalariga alohida e'tibor qaratildi. Investitsiya loyihalarini amalga oshirishni davom ettirish maqsadida o'zaro almashinuvlar va tashriflarni qayta tiklashning xavfsiz mexanizmlarini birgalikda ishlab chiqish taklif etildi.

Muloqot davomida xalqaro tashkilotlar va tuzilmalar doirasidagi O'zbekiston-Yaponiya aloqalarining dolzarb masalalari ham muhokama qilindi.

 

2-SENTYABR: Buxoro amirligi, u bilan bog'liq oshkor va mavhum, hatto sirli tarix... Amirlik tugatilganiga 100-yil bo'ldi

O'rta Osiyodagi so'nggi mahalliy sulola - mang'itlar boshqaruvining tugaganligiga ham bir asr bo'ldi.

 Bu orada tarixiy jarayonlar jadallik bilan o'zgarganligi sababli Buxoro amirligi va u bilan bog'liq oshkor va mavhum, hatto sirli tarix insonlarda uzoq o'tmish kabi xotirani yodga soladi. Buxoroni qadimdan turli sulolalar boshqargan. Har bir sulola davrida shaharning dovrug'i ortib boravergan. Buxoro jahon sivilizatsiyasi markazi, turli ilmlar va ilm egalarining maskani sifatida tarixdan ma'lum. 

Dunyo ahlini o'ziga rom etib kelgan Buxoro vohasini ilk o'rta asrlarda Buxorxudotlar, IX-XI asrlarda Somoniylar, shundan so'ng turli talafotlar bilan Mo'g'illar boshqardi. XIV asr ikkinchi yarmida Temuriylar, XVI asrda Shayboniylar, XVII asrda Ashtarxoniylar va nihoyat Buxorodagi so'nggi sulola Mang'itlar 1756-yildan 1920-yilgacha Buxoroni idora etdi. Mang'itlar nafaqat Buxoroda, balki, O'rta Osiyodagi so'nggi mahalliy sulola bo'lib tarixda qoldi. Ushbu sulola tarixiga doir mahalliy va xorijiy ilmiy nashrlarning doirasi keng. Bu esa tarix ilmida “Mang'itshunoslik” va so'nggi amir shaxsiyatiga qaratilgan “Olimxonshunoslik”ni shakllantiradi.

Buxoro amirligi tashqi aloqalarda faol Sharq mamlakatlaridan biri edi. Amirlar Makkayu Madina, Iroq, Turk sultonligi, Hindiston, Afg'oniston, Qoshg'ar, Rossiya imperiyasi kabi davlatlar bilan do'stona aloqalarni olib borgan. Buxoro davlat muzey-qo'rixonasi fondlarida mavjud yozishmalarning davri va miqdori shuni ko'rsatadiki, amir Abdulahadxon davrida yuqoridagi davlatlarning barchasi bilan do'stona aloqa olib borilgan. Ayniqsa, Afg'oniston amirlari va Rossiya imperatorlari bilan uzluksiz elchilik almashinuvlari davlatlarning Buxorodagi doimiy vakillari orqali amalga oshirilgan. 

Masalan, Rossiya imperiyasiga tegishli arxiv hujjatlarining birida 1896-yilda Buxoro amirining (amir Abdulahadxon) tashrifi munosabati bilan uning sovg'alariga javob tariqasida imperator Nikolay IIning sovg'alari ro'yxati saqlangan. Unda Buxoro amiriga 2 ta farfor vaza, kumush va tilladan ishlangan idishlar to'plami (yirik jom, qadahlar va lali): jovohir tilla portsigar, parcha mato qismlari, amirning o'g'liga 4 yashikda ikkita lali va qadahlar, nefrit toshi bilan bezalgan stol soati, ov miltig'i kerakli qismlari bilan sovg'a qilingan. Shuningdek, amirning barcha hamrohlariga (jami 32 kishi) darajalariga ko'ra kumush kovsh, choy idishlari, kumush vazalar, 26 nafar xizmatchilar esa kumush soat hamda 20 rubldan sovg'a olishgan. Birgina mazkur hujjatda Rus imperatorining Buxoro amiriga bo'lgan rasmiy hurmati ifoda etilgan.

Sovetlar hokimiyati o'rnatilgandan so'ng, sobiq Rossiya imperiyasi mustamlakalariga ozodlik berib, ular bilan teng huquqli shartnomalar imzolaydi. Xususan, Buxoro amirligi bilan shunday shartnoma ham imzolangan. Ammo, ikki davlat Buxoro va Rossiya o'rtasidagi bir necha nizolardan so'ng Amir Sayid Olimxon 1920-yil iyul oyida vaziyatni yumshatish maqsadida vazirlaridan iborat (Jo'rabek Arapov, shaxsiy tarjimon Ashrafiy To'qsabo va boshqalar) delegatsiyani Rossiyaga yuborgan. Ammo, delegatsiyaning maqsadi kutilgan natijani bermagan. 

Chunki, M.Frunzening may oyidan boshlab Turkiston ma'murlari va Leninga Buxoro amirligini bosib olish to'g'risida yo'llagan tinimsiz telegrammalari bunga sabab bo'lgan. Shu tariqa Buxoroni bosib olish, ya'ni “Buxoro inqilobi” 28-avgust ertalab 04:00 da boshlab yuborilgan. Xuddi shu mahalda Kogonda ham qizil askarlarning bosqini boshlangan. Dastlabki uch kun - 28,29,30-avgust kunlari Buxoro qal'a devorlarini egallashga qaratilgan sa'y-harakatlar samarasiz bo'ldi. 31-avgust erta tongda Buxoroliklar “qora quzg'unlar” deb nomlagan 12 aeroplan jangda tub burilish yasadi. 

Turk havo floti boshlig'i Yungmeysterning 31-avgustda Buxoro-Samarqand gruppasi faoliyati haqida Respublika havo floti shtabiga yo'llagan axborot xatida shunday deyiladi: "12 samolyotdan 6 tasining qizil harbiy uchuvchilari Stepanov, Surkov, Laskin, Faustik, Stolyarov, Nikitin va havo uchuvchi-kuzatuvchilari Uxin, Braunsem, Bronikov, Zelenskiy, Kuron, Ivanovskiy, Levchenkolar Buxoro shahrining shimoli-sharqiy tomonida Samarqand va Qarshi darvozalari, ulardan chiqish yo'llarida bombardimon ishlarini muvaffaqiyatli olib bordi. Ertalab soat 8:00 dan boshlangan hujum soat 11:00 gacha davom etdi. Hujumda har birining og'irligi 11 kg bo'lgan 57 dona bomba tashlandi. Kechki 18:00 gacha yana bombardimon ishlari davom ettirildi. Quyuq tuman va past bulutlar tufayli suratga olishning iloji bo'lmadi.

Hisob-kitoblarga ko'ra, sovetlar tomonida 7 ming askar, 230 pulemyot, 46 to'p, 5 ta bronepoyezd, 12 samolyot, 10 ta zirhli mashina bor edi. Amir qo'shini esa 16 ming askar, 23 to'p, 16 pulemyot va bekliklardagi qo'shinlardan iborat edi.

Dastlabki hujumlarda Buxoro shahrini egallashning iloji bo'lmadi. Kuybishev targ'ibotlari va Frunzening murojaati bilan Turkistondan kursantlar brigadasi va zirhli mashinalar yordamga yuboriladi. 31-avgustda boshlangan havo hujumlari amirlikning yengilishini muqarrar qilib qo'yadi. Sovetlar, Buxoro kommunistik partiyasi va yosh buxoroliklar tomonidan 2-sentyabr tongda poytaxt tayanchi bo'lgan Ark qal'asi egallanadi.

 

Buxoro egallangach, amirlik xazinasining taqdiri qanday kechdi?

Mang'itlar sulolasi davri - 1747-1920-yillarda juda maxfiylik bilan jamlanib kelingan va maxsus saqlangan, aslida xalqqa tegishli oltin va qimmatbaho javohirlar xazinasi to'plangan edi. Xazinaning haqiqiy hajmi davlat siri hisoblanib, amir, qushbegi va xazinabondan boshqa hech kimga ma'lum emas edi. Buxoro amirligining tengi yo'q oltin xazinasi haqida turli xil yozma manba hamda xalq orasida og'izdan-og'izga o'tib kelayotgan afsonaviy hikoya va rivoyatlar saqlangan.

Sovet inqilobchilari Moskvaga olib ketgan xazinadan tashqari amirning uncha katta bo'lmagan boyliklari Parij, Peshovar, Bombey va Londonda ham saqlanib qolganligi haqida ma'lumotlar mavjud.

Kommunistik mustamlaka davrida xazina faqat xalqni talash evaziga to'ldirildi, degan mutlaq noto'g'ri fikr olg'a surildi. Adabiyotlarda Buxoroning Nurato tog' yon-bag'irlarida Sintob, Zarmiton, Qizilqum sahrosida Muruntov va boshqa shular kabi 8 ta oltin hamda kumush konlari qadimdan mavjud bo'lganligi haqida ma'lumotlar mavjud.

1914-yildan oldin amir xonadoniga tegishli oltin, kumush pullar va boshqa qimmatbaho zeb-ziynatlar ro'yxatini aks ettiruvchi daftarlarning o'zi taxminan bir yarim olchin (1 olchin – 70 sm.) qalinlikda bo'lgan. Turkiston jadidlarining otasi ma'rifatparvar Mahmudxo'ja Behbudiy muharrirligida chiqarilgan “Oyna” jurnalining 1914-yilgi 25-sonida bir ko'chirma keltiriladi: “Hozir Buxoro amirining tasarrufida bo'lgan xazinaning aqchasi (oltin va kumush) shu darajada mo'lki, hech bir davlat xazinasida bu darajada ehtiyot saqlangan oltin va kumush pul yombilar bo'lmasa kerak”.

Buxoro amirining saroylarida saqlanayotgan oltin va kumush pullar bo'yi 50 olchin (35,5 metr), eni 20 olchin (14,2 metr) va balandligi 8 olchin (4,8 metr) bo'lgan bir tog'dan iboratdir. Bu xazinadan tashqari, 3 olchin (2,1 metr) kattalikda yana bir yerto'la xazinasi bo'lib, u rus, Buxoro va boshqa bir qancha davlatlarning oltin pullari bilan to'ldirilgan. Amirning oltin va kumush xazinalari unga qarashli banklarda ham saqlangan. Manbalarda amir o'zi bilan 100 arava oltin yoki 18 qop oltin olib ketgan, degan ma'lumotlar mavjud.

Mustaqillik yillariga qadar Buxoro inqilobi sanasi bayram sifatida nishonlab kelindi. Tariximiz xolisona yoritilayotgan bugungi kunda Buxoro bosqini jarayonini ham tubdan qayta o'rganishimiz kerak. Chunki ushbu jarayon bilan bog'liq tarixiy dalillar ilmiy muomala chiqarilgani yo'q. Ayni shu maqsadda Buxoro davlat muzey-qo'riqxonasi yangicha yondashuv va ilmiy dalillar asosida “100-yil. Buxoro amirligi va uning tugatilishi” nomli yangi ko'rgazma o'z faoliyatini boshladi. Mazkur ko'rgazma yosh avlodni tarixni xolis nazar bilan o'rganishda muhim ahamiyatga ega.

 

O'ktamali RAVSHANOV,

Buxoro davlat muzey-qo'riqxonasi

Tarix ilmiy bo'limi mudiri

 

YANGI KITOB: Xuroson va Movarounnahr geografiyasi batafsil sharhlangan

“Fan” nashriyoti Istaxriyning “Kitab al-masalik val-mamalik” asarini chop etdi.

O'z davrining mashhur sayyohi, iqtidorli geografi Istaxriyning bu asarida Xuroson va Movarounnahr tabiati, betakror iqlimi haqida qiziqarli ma'lumotlar uchraydi. Hudud geografiyasi batafsil sharhlangan.

Asar tarjimasiga yangicha yondashilgan. Ya'ni, asarning arab tilidagi 11 ta, forsiy tarjimasidagi 8 ta qo'lyozma va nashrlaridagi matnlaridan foydalanilgan.

Mutaxassislar bu kitobni Markaziy Osiyoning o'rta asrlar tarixiy geografiyasini o'rganishda asosiy manbalardan biri, deya e'tirof etmoqda.

Asar tarixchi olim Ravshan Xudoyberganov tomonidan nashrga tayyorlanib, akademik Dilorom Yusupova muharrirligida chop etilgan.

 

 


Tanlangan kalimalar: #Shavkat Mirziyoyev , #O'zbekiston

Aloqador xabarlar