Turkiyaning madaniy xazinalari 9-qism

Turkiyaning jannatmakon turistik maskanlaridan biri Kappadokiya haqida ma'lumot...

442371
Turkiyaning madaniy xazinalari 9-qism



Kappadokiya meloddan avvalgi 7-asrda u yerga kelgan forslarning tili bilan aytganda go'zal otlar diyoridir.

Kappadokiya o'ziga xos tuzilishi va tengi yo'q tabiati bilan, sanog'i yo'q qoyalarga o'yilgan cherkovlari bilan, jome'lari bilan mamlakat turizmiga katta hissa qo'shib kelmoqda. Kappadokiya 1985 yili UNESCO Dunyo meros ro'yxatiga kiritilgan.

Kappadokiya Qizilirmoq chorraxasida joylashgan bo'lib, keng geografik maydonda o'rin olgan. Kayseri, Navshehir, Urgup, Goreme, Ihlara vodiyi kabi katta territoriyani o'z ichiga olgan. Rim davrida Kappadokiyaning territoriyasi yana ham keng edi. Janub tomondan Toros tog'larigacha, shimoldan esa, Qoradengizgacha cho'zilgan edi. Kappadokiya deganda parilar o'lkasi aqlga keladi. Chunki, 16 asrdan beri Kappadokiyaga sayohat qilayotgan yevropalik sayyohlar shunday deb atagan ekanlar. Millionlab yil avval lavalardan hosil bo'lgan qoyalar shamol va yomg'ir ta'sirida eroziyaga uchrab turli shakllarga kirgan. Qoyalarga uzoqdan nazar tashlaganlar u yerni tushlar diyoriga o'xshatadi.

Tarix mobaynida shimoldan-janubga, sharqdan-g'arbga o'tish chorraxasida joylashgani sababli turli madaniyatlarning to'qnashuvlariga guvoh bo'lgan. Talon-taroj va hujumlardan saqlanish uchun qulay shakl berilgan qoyalar u yerdagi aholining yer osti shahar qurishiga imkon yaratgan. Kiraverishi ulkan qoyalar bilan to'silgan ushbu yer osti shaharlari insonlarni turli ofatlardan saqlab qolgan. Yetarlicha yegulik va toza ichimlik suvi zahirasi bo'lgan taqdirda, yuzlab va xatto minglab insonni xavf-xatardan saqlashi mumkin. Ushbu qoya uylar hozirgi kunimizda ham qishloq-xo'jalik mahsulotlarini saqlash uchun qo'llanilmoqda.

Kappadokiya tabiiy go'zalliklari va ayni paytda muhtasham qoya cherkovlari bilan ham ko'z qamashtiradi. Kappadokiya Rim davrida hristianlik tazyiqlarga uchragan paytlarda ham katta ahamiyatga ega bo'lgan. Hristianlikni keng ommaga tarqatmoqchi bo'lgan yetakchilar hududning tabiiy xususiyatlaridan foydalanib, qoyalar ichini o'yib manastr tashkil qilganlar. O'sha davrlarda hristianlar juda katta tazyiqlarga uchraganlar va zulm ko'rganlar. 40 askar ko'lning sovuq suviga tashlangan va jasadlari yoqib yuborilgan. Bundan kelib chiqqan holda Qirqlar tog'i, Qirqlar cherkovi kabi bir qator diniy maskanlarni Anadoluning ko'plab joyida uchratish mumkin. O'sha paytlarda hristianlikka da'vat bu yerda keng avj olgan.

Buyuk Konstantin hristianlikni qabul qilishi bilan u yerda ulkan manastrlar qurila boshlagan. So'ngra, Eron va Arab istilolari natijasida mintaqadagi aholi soni kamayib ketgan. Territoriyani qo'lga olgan Saljuqiy turklari va Usmoniylar davrida Kappadokiyada tinchlik hukmron bo'lgan. U yerdagi hristianlar 1924 yilgacha o'z hayotini davom ettirganlar. So'ngra, Yunonistondagi turk aholi Anadoluga, bu yerda yashagan rumlar esa, Yunonistonga jo'natilgan. Tahminan 1600 yil davomida qurilgan yuzlab cherkovni hozirgi kunimizda ham tomosha qilish mumkin.

Kappadokiyaga kelgan turistlar havo sharlari vositasida manzarani yuqoridan turib tomosha qiladilar. Kappadokiyaning bu xususiyati ayni paytda mamlakat turizmiga ham katta hissa qo'shadi. Urgup va Go'reme hududida turistlarga to'la yuzlab havo sharlarini tomosha qilish insonda katta taassurot qoldiradi. Turistlar osmonda sayr qilar ekan, Kappadokiyaning tengi yo'q manzarasini tasvirga tushiradilar. Ushbu tengi yo'q chiroyli manzarani tomosha qilish uchun sizlarni ham Kappadokiyaga taklif qilib qolamiz.


Tanlangan kalimalar: #Turkiya , #Kappadokiya , #turistik , #maskan , #turist , #UNESCO

Aloqador xabarlar