Toshkent haftanomasi 110-qism

Ukraina prezidenti Pyotr Poroshenko O`zbekiston bilan Mustaqil Davlatlar Hamdo`stligining erkin savdo hududi haqidagi kelishuvini qo`llash bo`yicha bayonnomani ratifikatsiya qilishni ko`zda tutuvchi qonunni imzoladi.

435344
Toshkent haftanomasi 110-qism

Ukraina O`zbekiston bilan erkin savdo hududi yaratish haqidagi qonunni ratifikatsiya qildi.

Ukraina prezidenti Pyotr Poroshenko O`zbekiston bilan Mustaqil Davlatlar Hamdo`stligining erkin savdo hududi haqidagi kelishuvini qo`llash bo`yicha bayonnomani ratifikatsiya qilishni ko`zda tutuvchi qonunni imzoladi.

Bayonnoma kuchga kirgach, 2011 yil 18 oktyabrida qabul qilingan erkin savdo hududi haqidagi kelishuvning barcha qoidalari bayonnomada ko`zda tutilgan barcha shartlar hisobga olingan holda O`zbekiston va Ukraina o`rtasidagi munosabatlarda kuchga kiradi.

Bu esa MDH doirasida erkin savdo hududini kengaytirishga imkon beradi.

Bayonnomaga ko`ra, O`zbekiston Ukrainaga nisbatan import va eksport bojlarini qo`llamaydi.

2011 yil 18 oktyabrda MDHning 8 davlati -Rossiya, Ukraina, Belarus, Qozog`iston, Armaniston, Qirg`iziston, Moldova va Tojikiston erkin savdo hududini yaratish haqida kelishib olgan edilar.

O`zbekiston rekonstruktsiya va taraqqiyot jamg`armasi elektr energetika sohasidagi loyihalarga 916 million dollar ajratadi.

O`zbekiston rekonstruktsiya va taraqqiyot jamg`armasi 2016-2019 yillarda elektr energetikasi sohasidagi loyihalarni amalga oshirish uchun 916 million dollar ajratishi malum qilindi.

Bu xaqida O`zbekiston rekonstruktsiya va taraqqiyot jamg`armasi xabar berdi.

"O`zbekiston Prezidenti qarori bilan jamg`arma mablag`larini jalb qilgan holda 2016-2019 yillarda amalga oshiriladigan 6 ta investitsion loyiha manzilli dasturi tasdiqlandi", deyiladi xabarda.

Xususan, jamg`arma 4 ta issiqlik elektrostantsiyasida amalga oshriladigan modernizatsiya ishlari uchun 675 million dollar ajratadi.

Jamg`arma shuningdek, Samarqand viloyatida 100 Megavatli geliostantsiya qurish uchun 110 million dollar hamda "O`zbekenergo" tizimidagi 22 ta podstantsiyada uskunalarni almashtirish uchun 65 million dollar kredit ajratadi.

O`zbekiston rekonstruktsiya va taraqqiyot jamg`armasi 2006 yil mayida O`zbekiston investitsiya dasturiga kiritilgan muhim investitsion loyihalarni moliyalashtirish uchun tashkil qilingan bo'lib, jamg`armasining ta`sischisi O`zbekiston moliya vazirligi hisoblanadi.

Hozirda jamg`armaning ustav kapitali 15 milliard dollarni tashkil qiladigan bo'lib, 2020 yilda jamg`armaning ustav kapitalini 25 milliard dollargacha yetkazish rejalashtirilmoqda.

Yevropa Ittifoqi O`zbekistonning suv ta`minotiga 12 million evrolik ko`mak ko`rsatadi.

Yevropa Ittifoqining O`zbekiston suv ta`minotini yaxshilash loyihasiga 12 million evro miqdorida mablag' ajratishi ma`lum qilindi.

Bu xaqda Yevropa Ittifoqining O`zbekistondagi Vakolatxonasi malum qildi.

Malum qilinishicha, loyiha doirasida o`zbekistonlik mahalliy hokimiyat idoralari, fermerlar va xususiy tadbirkorlik bilan shug'ullanuvchilarni Yevropaning zamonaviy texnologiyalari bilan taminlash ko`zda tutiladi.

4 yil davomida amalga oshiriladigan dastur bo'yicha ajratiladigan pul mablag`lari suvni tejovchi zamonaviy texnologiyalarni sotib olish, O`zbekistonning Amudaryo va Sirdaryo havazalarida joylashgan 5 ta viloyatda suv zaxiralarini uzatish va nazorat qilish infratuzilmasini tiklash va rivojlantirishga yo'naltiriladi.

Yevropa İttifoqi davlatlarining suv zaxiralarini boshqarishga ixtisoslashgan hukumat agentliklari dasturning texnik maslahatchilari sifatida ish olib boradi.

Yevropa Ittifoqi 2014-2020 yillarda O`zbekistonga 168 million evro miqdorida yordam ko`rsatish loyixasini tasdiqlagan bo'lib, bu mablag'lar sug`orish infratuzilmasi, agrobiznesga tiklanuvchi energiya manbalarini tatbiq qilish, hududlarda yangi ish o`rinlarni yaratishga ko`maklashishadi.

O`zbekiston Tashqi ishlar vazirligida Birlashgan Millatlar Tashkiloti Rezident-koordinatori, BMT Taraqqiyot dasturining O'zbekistondagi doimiy vakili bilan uchrashuv bo`lib o`tdi.

Bu haqda O`zbekiston Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Shu yilning 15 fevral kuni O`zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Birlashgan Millatlar Tashkiloti Rezident-koordinatori, BMT Taraqqiyot dasturining O'zbekistondagi doimiy vakili Stefan Prisner bilan uchrashdi.

Uchrashuvda O`zbekiston va BMT o`rtasidagi aloqalar, jumladan Birlashgan Millatlar Tashkilotining O`zbekistondagi vakolatxonasi faoliyati bilan bog`liq ishchi masalalar ko`rib chiqildi.

Uchrashuvda, shuningdek, tomonlar orasidagi xamkorlik masalalariga xam alohida etibor qaratildi.

Yevropa Ittifoqi O`zbekistonni Jahon savdo tashkilotiga a`zolikka tayyorlanish jarayonini tezlashtirishga chaqirdi.

Yevropa Ittifoqi delegatsiyasining O`zbekistondagi elchi-raisi Yuriy Shterk, O`zbekistonni Jahon savdo tashkilotiga a`zolikka tayyorlanish jarayonini tezlashtirishga chaqirdi.

Toshkentda o'tkazilgan matbuot anjumanida so'z olgan Shterk, buning ikkala tomon uchun ham nihoyatda muhim masala ekanligini aytar ekan, O`zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga qo`shilishi tashkilotning xalqaro majburiyatlari bilan mahalliy qonunchilikni muvozanatga keltirish hisobiga mamlakatda savdo muhitining yaxshilanishini sezilarli darajada ta`minlashini takidladi.

Shterk, hozirda tomonlarning Jahon savdo tashkilotiga a`zolik xususida muzokaralar olib borilmayotganligiga qaramasdan, O`zbekistonning kelajakda ushbu tashkilotga qo`shilishga bildirgan qiziqishi o`z kuchini saqlab turganligini eslatdi.

Shterk, O`zbekistonning a`zolikka tayyorlik darajasini ham o`rganib chiqish lozimligini takidlar ekan, bunda, asosan, o`zbekistonlik hamkorlarning faolligini muhimligini ham aytib o`tdi.

Shterkning so'zlariga qaraganda, Jahon savdo tashkilotiga a`zolik mamlakatda savdo muhitini rivojlantirish bilan birgalikda, ma`lum asosli iqtisodiy xavf tug`dirish ham ehtimoli mavjud. Bunday holatlarda Yevropa İttifoqi o`z hamkorligi va yordamini ayamaydi.

Jahon savdo tashkiloti xalqaro savdoni erkinlashtirish va a`zo mamlakatlarning iqtisodiy-siyosiy munosabatlarini mo``tadillashtirish maqsadida tashkil etilgan xalqaro tuzilma xisoblanadi.

Yevropa İttifoqi va O`zbekiston Xorijiy investitsiyalar va savdo kengashini tuzadi.

Yevropa İttifoqi va O`zbekiston 2016 yilning birinchi yarmida Xorijiy investitsiyalar va savdo kengashini tashkil qilishni rejalashtirmoqda.

Yevropa İttifoqining O`zbekistondagi delegatsiyasi rahbari Yuriy Shterk, Yevropa İttifoqi va O`zbekiston Xorijiy investitsiyalar va savdo kengashini tuzishini malum qildi.

Shterk, bunday kengashning yaratilishi O`zbekiston va Yevropa İttifoqining savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va moliyaviy-texnik sohadagi o`zaro manfaatli hamkorligini kengaytirish imkonini berishini takidladi.

“G`oya moslashuvchan formatni yaratishdan iborat, uning doirasida muayyan muammoli masalalarni, O`zbekistondagi biznes-iqlimni yaxshilash bo`yicha takliflarni, o`zbek biznesiga Yevropa İttifoqi mamlakatlarida to`siq bo`layotgan masalalarni muhokama qilish mumkin bo`lishi kerak, deydi Yuriy Shterk.



Aloqador xabarlar