Toshkent haftanomasi 58-qism

Toshkent haftanomasi 58-qism

216628
Toshkent haftanomasi 58-qism

O`zbekiston Tashqi ishlar vazirligida Evropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining loyihalar koordinatori Derd Sabo bilan uchrashuv bo'lib o'tdi.
6-fevral kuni O`zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligida Evropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining loyihalar koordinatori Derd Sabo bilan uchrashuv bo`lib o`tdi. Bu haqda O`zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi axborot xizmati xabar berdi.
Muloqot chog`ida tomonlar 2014 yilgi O`zbekiston va Evropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti o`rtasidagi hamkorlik yakunlarini sarhisob qilishgan va joriy yilgi munosabatlarning ustuvor yo`nalishlari yuzasidan fikr almashishgan.
Suhbat davomida hamkorlikni yanada rivojlantirish va qo`shma loyihalarni amalga oshirishga o`zaro qiziqish mavjudligi ta`kidlangan.
Uchrashuvda, tomonlarni qiziqtirgan boshqa masalalar ham ko`rib chiqilgan.

O`zbekiston Liberal-demokratik partiyasining s`ezdi Islom Karimovni O`zbekiston Prezidentligiga nomzod sifatida tasdiqladi
O`zbekiston Liberal-demokratik partiyasining 6 fevral, juma kuni bo`lib o`tgan s`ezdida delegatlar O`zbekiston Prezidenti saylovlarida ishtirok etadigan nomzodni tasliqlash masalasini ko`rib chiqishdi.
Xabar berishlaricha, s`ezd delegatlari amaldagi prezident – Islom Karimovni O`zbekiston Prezidenti saylovlarida O`zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan ko`rsatilgan nomzod sifatida tasdiqlagan.
Qayd etishlaricha, s`ezdda O`zbekiston Prezidenti Islom Karimovning o`zi ham ishtirok etib, so`zga chiqqan.
Endi O`zbekiston Liberal-demokratik partiyasi 29 mart kuni bo`lib o`tadigan O`zbekiston Prezidenti saylovida ishtirok etadigan nomzodni ro`yxatdan o`tkazish uchun Markaziy saylov komissiyasiga nomzod haqidagi ma`lumotlarni taqdim etadi.
Malumki, O`zbekistonda ro`yxatga olingan to`rt siyosiy partiyaning barchasi 29 mart kuni bo`lib o`tadigan O`zbekiston Prezidenti saylovida kurash olib boradigan o`z nomzodlari nomini ma`lum qilgan edi.
Bunga ko'ra, O`zbekistonning amaldagi Prezidenti Islom Karimov nomzodi O'zbekiston Liberal Demokrat Partiyasi tomonidan ko`rsatilgan bo`lsa, Xalq demokratik partiyasi o`z etakchisi Xotamjon Ketmonovni, “Adolat” Sotsial Demokratik Partiyasi partiya raxbari Narimon Umarovni nomzodini ilgari surgan edi. Shuningdek, O'zbekistondagi taniqli huquqshunos, davlat va jamoat arbobi Akmal Saidov esa “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi nomidan Prezidentlik saylovlarida ikkinchi marta nomzod sifatida ishtirok etishi ma`lum bo'lgan edi.

O`zbekiston va Qozog`iston davlat chegaralari demarkatsiyasi muhokama qilindi
Shu yilning 2–6 fevral kunlari Almati shahrida O`zbekiston-Qozog`iston qo`shma demarkatsiya komissiyasining navbatdagi yig`ilishi bo`lib o`tdi.
Bu xaqda, O`zbekiston tashqi ishlar vazirligi xabar berdi.
Jig`ilishda O`zbekiston Respublikasining Toshkent viloyati va Qozog`iston Respublikasi janubiy Qozog`iston viloyati o`rtasidagi chegaradosh hududlarda O`zbekiston-Qozog`iston davlat chegarasi demarkatsion chizig`ini tartibga solish bo`yicha birgalikda amalga oshirilgan ishlar yakunlari bo`yicha xulosa chiqarildi.
Muzokaralardan so`ng ikki davlat Ҳukumat delegatsiyalari yig`ilish bayonnomasini imzolashdi.
Delegatsiyalar uchrashuvi an`anaviy konstruktiv ruhda va samimiy muhitda o`tdi, deya ma`lum qildi O`zbekiston tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati.
Geçiş…..
O`zbekistonda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarni rivojlantirish vazirligi tashkil etildi.
O`zbekiston Prezidenti Islom Karimovning 4 fevraldagi Farmoniga asosan, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tashkil etildi.
Farmonga ko`ra, vazirlik O`zbekiston Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari davlat qo`mitasi negizida tashkil etilgan.
Yangi vazirlikning asosiy vazifalari va faoliyat yo`nalishlari sifatida, axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalar sohasida, “elektron hukumat”ni joriy etishda yagona davlat siyosati amalga oshirilishini ta`minlash; aloqa va telekommunikatsiyalar sohasidagi faoliyatni, shuningdek, radiochastotali spektrdan foydalanishni davlat yo`li bilan boshqarish, litsenziyalash va nazorat qilish borasidagi funktsiyalarni amalga oshirish; Internet tarmog`ining milliy segmenti yanada shakllantirilishini ta`minlash; raqobatdosh dasturiy mahsulotlarning mamlakatimizda ishlab chiqarilishini va ichki bozorini hamda ularga ko`rsatiladigan xizmatlarni rivojlantirishga ko`maklashish; axborot xavfsizligini ta`minlash; zamonaviy kommunikatsiya vositalari sohasida ilmiy tadqiqotlar va ishlanmalarni, kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirishni tashkil qilish; vazirlik faoliyati doirasiga kiruvchi boshqa yo`nalishlar bo`yicha xorijiy investitsiyalarni jalb etish va boshqalar belgilab berildi.
Malumki, Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari davlat qo`mitasi 2012 yil 16 oktyabrida Aloqa va axborotlashtirish agentligi negizida tashkil etilgan edi.

AQShning O`zbekistondagi yangi elchisi Pamela Spratlen, O`zbekistonni xavfsizlik sohasidagi muhim hamkor ekanligini qayd etdi.
O`zbekiston Markaziy Osiyoda xavfsizlikni mustahkamlash sohasida AQShning muhim hamkori bo`lib qoladi.
Bu haqda, AQShning O`zbekistondagi yangi elchisi Pamela Spratlen jurnalistlarga ma`lum qildi.
“O`zbekiston mintaqada xavfsizlikni ta`minlash, xususan, Afg`onistondagi barqarorlikni mustahkamlashda muhim rol o`ynamoqda”, – dedi Spratlen.
Elchining so`zlariga ko`ra, O`zbekistonni Afg`oniston bilan bog`lab turuvchi temiryo`l, shuningdek, O`zbekiston elektr energiyasining Afg`onistonga eksport qilinayotgani mintaqada xavfsizlikni ta`minlash bo`yicha olib borilayotgan ishlarning muhim tarkibiy qismidir.
Amerika elchixonasi rahbarining qayd etishicha, siyosiy soha, iqtisodiyot, xavfsizlik va inson huquqlari – uning O`zbekistondagi faoliyati asosiy yo`nalishlari bo`ladi.
Eslatib o`tamiz, 2011 yildan 2014 yilgacha AQShning Qirg`izistondagi elchisi sifatida ishlagan Spratlen xonim 2015 yil yanvarida O`zbekiston Prezidenti Islom Karimovga AQShning O`zbekistondagi elchisi sifatida ishonch yorliqlarini topshirgan edi.

O`zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov 9 fevral kuni siyosiy maslahatlashuvlarning navbatdagi raundida ishtirok etish uchun Toshkentga kelgan Yaponiya Tashqi ishlar vazirligining Markaziy Osiyo va Kavkaz ishlari bo`yicha Maxsus vakili, Evropa ishlari bo`yicha Byuro bosh direktori o`rinbosari Akira Mutoni qabul qildi.
O`zbekiston TIV matbuot xizmati xabariga ko'ra, suhbat davomida ikki tomonlama munosabatlarning hozirgi holati va rivojlantirish istiqbollari, ba`zi xalqaro va mintaqaviy muammolar muhokama qilindi.
“Uchrashuv chog`ida tomonlar O`zbekiston-Yaponiya muloqotining jo`shqin tus olayotganligini mamnuniyat bilan tasdiqladilar”, – deyiladi rasmiy axborotda.
Uchrashuvda madaniy-gumanitar aloqalarni yanada rivojlantirishdan ikki tomon ham manfaatdor ekanligi e`tirof etildi. Shu kunning o`zida Tashqi ishlar vazirligida ikki tomonlama siyosiy maslahatlashuvlarning navbatdagi raundi bo`lib o`tdi.
Muzokaralarda Yaponiya elchisi Fumixiko Kato ishtirok etdi.

Frantsiyaning O`zbekistondagi elchixonasi tavsiyasiga binoan o`zbekistonlik olti mutaxassisga frantsuz-o`zbek hamkorligiga qo`shgan hissasi uchun Frantsiya hukumati tomonidan Akademik Palma mukofoti berildi.
Taqdirlanganlar orasida Samarqand chet tillar instituti frantsuz tili o`qituvchisi Dilfuza Ataullaeva, O`zbekiston Fanlar akademiyasi Arxeologiya instituti direktori Amriddin Berdimuradov, O`zbekiston Fanlar akademiyasi Astronomiya instituti direktori Shuhrat Egamberdiev, frantsuz tili o`qituvchisi Dilbar Ibragimova, Xalq ta`limi vazirligi Umumta`lim maktablari va ixtisoslashtirilgan maktablar boshqarmasi boshlig`i Abdurahim Nosirov va O`zbekiston Davlat jahon tillari universiteti frantsuz tili nazariyasi va amaliyoti kafedrasi mudiri, fililogiya fanlari doktori, dotsent jamoliddin Yoqubov bor.
Mukofotlar o`z egalariga Frantsiyaning Toshkentdagi elchixonasida topshirildi. Akademik Palma ordeni Frantsiya yoki xorijdagi ta`lim xodimlari va ilmiy tadqiqotchilarga beriladigan faxriy mukofotidir.
Chet ellik nomzodlarni aniqlashda ularning frantsuz tili va madaniyatini targ`ib etishdagi faol ishtiroki yoki Frantsiya va o`z mamlakatlari o`rtasidagi universitetlararo hamkorlik va ilmiy loyihalardagi yaqindan ishtiroki inobatga olinadi.


Tanlangan kalimalar:

Aloqador xabarlar