Ona suti – salomatlik garovi

Ko'krak sutini ko'paytirish uchun nimalar iste'mol qilish kerak?

1708614
Ona suti – salomatlik garovi

 

Ona sutining tengsiz mo’jiza ekani qadimdan ma’lum. Avlod sog’lomligi uchun kurashishning muhim omili ham go’dakni onaning ko’krak suti bilan boqishdir.

Ko’krak sutida bola hayoti uchun nihoyatda zarur bo’lgan oziq moddalar va vitaminlar mavjud. Ular go’dak vujudiga oson singadi va to’liq hazm bo’ladi. Bundan tashqari, ona sutida bolani turli xil kasalliklardan saqlovchi moddalar – antitelalar va fermentlar bor. Ona suti tarkibidagi uglevodlar oziqlik xususiyatidan tashqari, ichaklarda mikroblarning o’sishiga yo’l qo’ymaydi, undagi kalsiy va fosfor tuzlari esa bola skeletining to’gri shakllanishi hamda yaxshi rivojlanishi uchun g’oyat muhim. Ko’krak sutining yana bir xususiyati shuki, bola tanasida har xil kasalliklarga qarshi bir umrga yetgulik immunitet hosil qiladi.

Jahon sog’liqni saqlash tashkilotining ma’lumotiga ko’ra, chaqaloq onasini kamida olti oy emsa, har yili dunyo bo’yicha bir milliondan ziyod bolani o’limdan saqlab qolish mumkin bo’larkan. Sun’iy ozuqalar bilan o’sayotgan bolalarga qaraganda ona sutini emgan bolalarda kasallikka chalinish 2,5 barobar kamroq kuzatiladi.      

Ona sutini emib katta bo‘lgan bolalar o‘z tengdoshlari orasida jismonan va aqlan ajralib turadilar. Ayniqsa, bolalar o‘rtasida ko‘p uchraydigan kamqonlik, raxit, gipotrafiya, allergik kasalliklar aksariyat ona sutiga to‘ymagan bolalarda ko‘proq uchraydi. Ona sutining ajoyib xususiyatlaridan yana biri bola asab sistemasining shakllanishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Ko‘krak emish orqali ona-bola o‘rtasida aloqa tiklanadi, mehr ko’tariladi. Onaning bolaga, bolaning onaga bog‘liqligi davom etadi. Bu esa o‘z navbatida, ular o‘rtasida o‘zaro mehr-muhabbat uyg‘otadi. Sog‘lom va baquvvat avlodni o‘stirish uchun har bir ona o‘z farzandini ona suti bilan boqishi afzalligi keng omma orasida targ‘ib etilishi zarur.

 

Ona sutini ko’paytirish uchun maslahatlar;

Onalar uchun, ayniqsa yosh onalar uchun chaqalog’ini emizdirish o’ta nozik va stresli davr desak mubolag’a bo’lmaydi. Bu davrda oziq-ovqat omili katta o’rin egallaydi. Shuning uchun, birinchi navbatda onalar ovqatlanishga alohida e’tibor berishi zarur. Bu ularning sutini ko’paytirishda muhim omil bo’lib xizmat qiladi.

Galaktogog- sutni ko’paytiruvchilar demakdir. Ona sutini ko’paytiruvchi ozuqalar, ya’ni galaktogoglar ona suti miqdorini oshiruvchi o’simliklar, ozuqalar va shifobaxsh preparatlarga berilgan umumiy nomdir.

Garchi bu moddalarning ba'zilari sut ishlab chiqaruvchi gormon (prolaktin) ni ko'paytirib harakat qilsa-da, ularning ko'pchiligining ta'sir mexanizmi noma'lum. Aslida, bu maqsadda qadim zamonlardan beri ko'plab mahalliy va an'anaviy taomlar va ichimliklar ishlatilgan. Kunimizda ham uy sharoitida ona sutini kuchaytiruvchi mahsulotlar ko'plab onalar tomonidan afzal ko'rilmoqda. Ularni asosan, farzandi erta tug’ilgan onalar, egizak farzandli bo’lgan onalar, suti kelmay qolgan onalar ko’proq iste’mol qiladi.

Sutni ko’paytirishni boshlashdan oldin, emizish bo'yicha maslahatchi yoki shifokordan yordam so'rash maqsadga muvofiq bo’ladi.

Uy sharoitida ona sutini ko’paytirish uchun ba’zi foydali maslahatlar;

  1. Oq uzum: Kuniga bir shingil oq uzum iste’mol qilish ona sutini ko’paytiradi.

  1. Ukrop: Ertalab nonushtadan avval, yoki kechki ovqatdan avval ukrop iste’mol qilish ham ona sutini ko’paytiradi.

  1. Anjir (mevasi yoki qoqisi): Ona sutini ko’paytirish uchun qaynatilgan anjir qoqi sharbatini iste’mol qilish mumkin. 8 yoki 9 ta anjir qoqini yarim litr xlorsiz suvda taxminan 10 minut qaynating. Ushbu sharbatni kuniga ikki marta, ertalab va kechqurun iste’mol qiling.

  1. Anjir va sabzi: Yarim litr qaynayotgan xlorsiz suvga 8 yoki 9 dona anjir qoqi solinadi. Past olovda 5 daqiqa qaynatiladi. So’ngra, ichiga bir dona sabzi to’rg’algan holda ilova qilinadi. Past olovda yana 3 daqiqa qaynatiladi. Sharbat iligach suzgich yordamida suziladi. 21 kun davomida ikki mahal ertalab va tushdan keyin 1 stakan iste’mol qilinadi.

  1. Oq tut qoqisi ham ona sutini ko’paytirishda samarali bo’ladi.

  1. Tut shinnisi: Uy sharoitida an’anaviy usullar bilan, hech qanday qo'shimcha vositalarsiz tabiiy tayyorlangan tut shinnisi ham ona sutini ko’paytiradi.

Bularni tayyorlashdan avval quyidagi xususlarga e’tibor berish zarur.

  1. Homilador ayollar sun’iy yetishtirilgan gormonli sabzavotlarni iste’mol qilmasligi kerak.
  2. Ayni vaqtda birdan ko’proq usullardan foydalanish ham salbiy holatlarga olib kelishi mumkin. Masalan; anjir va sabzi sharbati faqat bir haftagacha qo’llanilishi mumkin. Bir haftadan ko’p foydalanmaslik tavsiya qilinadi.

Bulardan tashqari,

  • Anis
  • Xurmo,
  • Seldr,
  • Seldr barglari,
  • Qovoq,
  • Qulupnay,
  • Gul karam,
  • Arpabodiyon choyi,
  • Guruch,
  • Kunjut,
  • Yong’oq, bodom, findiq,
  • Baliq
  • Barbunya va noxat kabi dukkakli mahsulotlar,
  • Tuxum,
  • suv,
  • Yashil bargli sabzavotlar tavsiya qilinadi.

Ushbu mahsulotlarning samaradorligi va xavfsizligi bo'yicha etarlicha tadqiqotlar bo'lmasa -da, ko'pincha onalar tomonidan afzal ko'riladi. Kunimizda ona sutini ko’paytiruvchi juda ko’plab mahsulotlar, shifobaxsh o’tlar, o’simliklar mavjud. Biroq, shuni unutmaslik kerakki, ushbu mahsulotlarni iste’mol qilishdan avval mutlaqo shifokor maslahatiga quloq solishingiz zarur.

Umid qilamizki, ushbu maslahatlar barcha onalarga foydali bo’ladi. 

 

 

 

 


Tanlangan kalimalar: #Ona suti

Aloqador xabarlar