Erdo‘g‘an:"G‘azoda xalqaro tartib quladi"

“G‘azo sektorida nafaqat bolalar, ayollar va tinch aholi shafqatsizlarcha o‘ldirildi, balki milliardlab odamlarning xalqaro tuzumga, adolat va qonunga bo‘lgan ishonchi yo‘q qilindi”, deydi Turkiya rahbari.

2110465
Erdo‘g‘an:"G‘azoda xalqaro tartib quladi"

 

G‘azo sektori xalqaro tartib o‘zining bankrotligini e’lon qilgan joyga aylandi.

Bu haqda Turkiya Prezidenti Rajab Tayyip Erdo‘g‘an Antaliyadagi 3-diplomatik forumda so‘z ochdi.

“G‘azo sektorida nafaqat bolalar, ayollar va tinch aholi shafqatsizlarcha o‘ldirildi, balki milliardlab odamlarning xalqaro tuzumga, adolat va qonunga bo‘lgan ishonchi yo‘q qilindi”, deydi Turkiya rahbari.

Uning ta’kidlashicha, G‘azo sektorida sodir bo‘layotgan voqealar "urush emas, balki genotsid qilishga urinishdir". Erdo‘g‘anning fikricha, birdamlik, adolat va ishonch kabi asosiy tushunchalardan mahrum bo‘lgan hozirgi xalqaro tizim o‘zining minimal vazifalarini ham bajara olmayapti.

"Kutilganidan farqli o‘laroq, XXI asr inqirozlar davriga aylanmoqda, qoidalarga asoslangan xalqaro tartib o‘z ma’nosini yo‘qotmoqda va u shiordan boshqa narsa bo‘lmay qoldi”, deydi Turkiya Prezidenti.

Erdo‘g‘an G‘azodagi bosqinning birinchi kunidanoq Isroilni so‘zsiz qo‘llab-quvvatlagan G‘arb davlatlari “ikkiyuzlamachilik siyosati tufayli qon to‘kilishiga sherik” bo‘lganini qo‘shimcha qildi. U poytaxti Sharqiy Quddus bo‘lgan mustaqil Falastin davlatining tashkil etilishi Falastin muammosini yakuniy hal etishning ajralmas sharti ekanini ta’kidladi. Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, Turkiya bu borada mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishga, jumladan, kafolat berishga tayyor.

"Xalqaro hamjamiyat Falastin xalqi oldidagi qarzini faqat Falastin davlati tuzilgandan keyingina uza oladi", deya ta’kidladi u.

Prezident Erdo‘g‘an xalqaro hamjamiyatni “G‘azo va Falastin masalasini chin dildan qo‘llab-quvvatlashga” chaqirdi. U G‘azoda gumanitar yordam uchun navbatda turgan falastinliklarni Isroil harbiylari tomonidan o‘qqa tutilishini “tinch aholiga qarshi qaratilgan qabih vahshiylik” deb atadi. Prezident G‘azo sektorida tinch aholi qurbonlari soni ortganini ham qayd etdi

“Isroilning tinch aholi nishonlariga ataylab uyushtirgan hujumlari oqibatida shu kungacha 30 000 g‘azolik, asosan bolalar va ayollar halok bo‘ldi. 70 mingdan ortiq falastinlik tan jarohati oldi, 2 millionga yaqin odam o‘z uyini tashlab ketishga majbur bo‘ldi. Biz xalqaro institutlar, jumladan, global tinchlikni ta’minlashni o‘z zimmasiga olgan BMT Xavfsizlik Kengashi, Yevropa Ittifoqi va boshqalar naqadar zaif va samarasiz ekaniga guvoh bo‘ldik”, deydi Erdo‘g‘an.


Tanlangan kalimalar: #Erdo'g'an , #Turkiya

Aloqador xabarlar