Turkiya rasmiysi Isroil siyosatini tanqid qildi

Xalqaro hamjamiyat Isroil olib borayotgan aldov siyosati, dezinformatsiya kampaniyasiga munosib javob berish shart, aks holda bu Tel-Avivning jinoyatlarini yashirishga yo‘l ochadi.

2105549
Turkiya rasmiysi Isroil siyosatini tanqid qildi

 

Xalqaro hamjamiyat Isroil olib borayotgan aldov siyosati, dezinformatsiya kampaniyasiga munosib javob berish shart, aks holda bu Tel-Avivning jinoyatlarini yashirishga yo‘l ochadi.

Bu haqda Turkiya prezidenti huzuridagi Kommunikatsiyalar boshqarmasi rahbari Faxriddin Altun "Anadolu" axborot agentligi tashkil qilgan "G‘azo sektorida genotsid: yangi dalillar" deb nomlangan anjumanda tilga oldi.

Turkiya rasmiysiga ko‘ra, Isroil ayni kunlarda G‘azo sektorida Rim statutida qoralangan jinoyatlarni, jumladan, genotsidni sodir etmoqda.

"Genotsid bu shunchaki qatliom emas. Genotsid xalqning moddiy va ma’naviy mavjudligiga keng ko‘lamli hujumdir. Isroil G‘azoda odamlarni ommaviy ravishda o‘ldiribgina qolmay, mintaqa aholisining ruhiy-ma’naviy mavjudiyatiga chek qo‘yish maqsadida ma’naviy genotsidni ham amalga oshirmoqda", – deydi F.Altun.

Kommunikatsiyalar boshqarmasi rahbari ayni paytda 1,5 million falastinlik jon saqlayotgan Rafah shahriga Isroil tomonidan hujumlar uyushtirilayotganini mazkur siyosatning yaqqol namunasi deb atagan.

Qayd etilishicha, Isroil o‘z jinoyatlarini yashirish maqsadida soxta ma’lumotlar tarqatish usulidan foydalanmoqda. Shunga ko‘ra u yolg‘on axborotga qarshi haqiqat va faktlar orqali kurashish kerakligini uqtirgan.

F.Altunga ko‘ra, ko‘pgina G‘arb ommaviy axborot vositalari ziddiyatni Isroil manfaatlariga ko‘ra yoritib, G‘azodagi fojia va genotsidni yashirishga urinmoqda.

"Bunday ommaviy axborot vositalarida Falastin xalqi global miqyosda "begona", "o‘zga" va "qoloq" jamiyat sifatida namoyish qilinayotgan bo‘lsa, isroilliklar "progressiv", "zamonaviy" va "g‘arb" vakili sifatida ko‘rsatilmoqda. Inglizcha gazetalarda isroilliklarning o‘limi «jinoyat qurboni bo‘ldi" deya yoritilayotgan bo‘lsa, G‘azoda o‘ldirilgan begunohlar uchun faqat «o‘ldi» degan jumla qo‘llanmoqda, ya’ni qotilni yashirishga harakat bo‘lmoqda", – deydi notiq.

Ta’kidlanishicha, falastinliklar 75 yil davomida azob chekayotgan zulm haqida hech qanday eslatma berilmagani holda, Isroil davlatining uylar, shifoxonalar va maktablarni bombardimon qilishi "o‘zini himoya qilish huquqi" deb xaspo‘shlanmoqda. O‘z ozodligi uchun kurashayotgan falastinliklarga darhol "terrorizm" tamg'asi yopishtirilmoqda.

"Bular tasodifiy yangiliklar emas, balki mafkuraviy motivlar asosida ishlab chiqilgan strategiyalar in’ikosidir", – deydi siyosatchi.

Avvalroq professor Altun G‘azodagi urushda yahudiy davlati falastinliklarni insoniylikdan mahrum qiyofada ko‘rsatishga urinayotgani, G‘arbning yetakchi mediashirkatlari ham kolonial tafakkur ta’siridan qutula olmayotganiga e’tibor qaratgandi.

Turkiya rasmiysi, shuningdek, Falastin–Isroil ziddiyatida haqiqat tomonda bo‘lishga chaqirdi.

So‘nggi vaqtlarda Isroil G‘azoda HAMASga qarshi kurash bahonasida maqsadli ravishda genotsid amalga oshirayotgani haqidagi ayblovlar tobora balandroq ohangda yangramoqda.

Avval xabar berganimizdek, 2023 yil 29 dekabr kuni JAR Isroilni G‘azo sektorida genotsid sodir etishda ayblab xalqaro mahkamaga murojaat qilgan edi. Yahudiy davlati harbiylari 1948 yilda qabul qilingan Genotsid to‘g‘risidagi konvensiyani buzgan holda, minglab tinch aholi vakillarini qasddan qirishda ayblanmoqda.

Xalqaro sud 2024 yil 26 yanvar kuni qabul qilgan qarorga asosan, Isroilga G‘azoda genotsid harakatlarining oldini olish va gumanitar vaziyatni yaxshilash uchun barcha choralarni ko‘rish majburiyati yuklandi.

Kuni kecha Braziliya prezidenti Luic Lula da Silva ham Isroilning so‘nggi harakatlarini fashistlar Germaniyasi yetakchisi Adolf Hitlerning yahudiylarga qarshi jinoyatlariga qiyosladi.

 


Tanlangan kalimalar: #Isroil , #Turkiya

Aloqador xabarlar