Erdo'g'an va Aliyev Ig‘dir-Naxchivan gaz quvuri poydevorini qo‘yish marosimida ishtirok etdi

"Ishonchim komilki, ushbu loyiha muvaffaqiyatli amalga oshiriladi va shu tariqa O‘rta yo‘lakning tarmoqlaridan biri sifatida Ozarbayjon, Turkiya va boshqa mamlakatlar manfaatlariga xizmat qiladi”, degan Ilhom Aliyev.

2042081
Erdo'g'an va Aliyev Ig‘dir-Naxchivan gaz quvuri poydevorini qo‘yish marosimida ishtirok etdi

 

Kecha, 25 sentyabr kuni Turkiya Prezidenti Rajab Tayyip Erdo‘g‘an bir kunlik tashrif bilan Ozarbayjonda bo'ldi.

Qayd etilishicha, Turkiya Prezidenti bo‘lgan samolyot Naxichevan xalqaro aeroportiga qo‘ngan. Erdo‘g‘anni ozarbayjonlik mavqedoshi Ilhom Aliyev kutib oldi. Naxichevan shahrida oliy darajadagi mehmonni rasmiy kutib olish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Shundan so‘ng, ikki tomonlama muzokaralar o‘tkazildi. Bundan tashqari, yetakchilar Naxichevan harbiy rekonstruksiya va ishlab chiqarish majmuasining ochilishida, Ig‘dir-Naxchivan gaz quvuriga poydevor qo‘yish marosimida ishtirok etgan.

"O‘z vaqtida siz va men TANAP  loyihasiga poydevor qo‘yganmiz va birgalikda bu quvurni ochganmiz. Bugun esa Turkiyadan Ozarbayjon tarkibiga kiruvchi Naxichevanga gaz quvurini qurish jarayonini boshlayapmiz. Qars-Naxchivan temir yo‘li qurilishi bo‘yicha niyat bayonnomasining imzolanishi ham tarixiy voqeadir. Ishonchim komilki, ushbu loyiha muvaffaqiyatli amalga oshiriladi va shu tariqa O‘rta yo‘lakning tarmoqlaridan biri sifatida Ozarbayjon, Turkiya va boshqa mamlakatlar manfaatlariga xizmat qiladi”, degan Ilhom Aliyev Erdo‘g‘an bilan birga o‘tkazilgan matbuot anjumanida.

Turkiya Prezidenti esa Ozarbayjon Qorabog‘da o‘tkazgan aksilterror operatsiyasidan so‘z ochgan. 

Afsuski, Ozarbayjonning Qorabog‘dagi qonuniy xavotirlariga javob berish uchun hech narsa qilinmadi. Shu sababdan operatsiya o‘tkazishga majbur bo‘ldik. Ozarbayjonning bu g‘alabasi bilan mintaqada to‘liq normallashuv imkoniyati ochildi. Biz Armanistondan unga cho‘zilgan tinchlik qo‘liga javob berishini va halol qadamlar tashlashini kutamiz”, degan Erdo‘g‘an. 

Uning ta’kidlashicha, Ozarbayjon armiyasining operatsiyasi “juda qisqa vaqt ichida va tinch aholining [xavfsizligiga] maksimal darajada e’tibor berilgan holda amalga oshirilgan. Erdo‘g‘an operatsiyani “mintaqa uchun muhim voqea” deb atagan.

Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev esa Qorabog‘ning arman aholisining jamiyatga qayta integratsiyalashuvi jarayoni muvaffaqiyatli kechishiga ishonch bildirmoqda.

“Bir necha kun oldin Yevlax shahrida Qorabog‘ armanlari va Ozarbayjon davlat tuzilmalari vakillari o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Bugun Xonkendida ikkinchi uchrashuv bo‘lib o‘tmoqda. Hozircha uning natijalari haqida menga xabar berilgani yo‘q. Lekin mening ishonchim komilki, Qorabog‘dagi arman aholisining Ozarbayjon jamiyatiga integratsiyalashuvi jarayoni muvaffaqiyatli kechadi”, degan Aliyev.

Ozarbayjon Prezidentining so‘zlariga ko‘ra, Qorabog‘dagi aksilterror operatsiyasi yakunlanganiga besh kun bo‘lganiga qaramay, Ozarbayjondan Qorabog‘ armanlariga insonparvarlik yordami – yoqilg‘i, oziq-ovqat, dori-darmon yuborilgan. 

“Bu yana bir bor Qorabog‘ mintaqasida yashovchi odamlar millatidan qat’i nazar, Ozarbayjon fuqarolari ekani, ularning xavfsizligi, tinchligi va huquqlari Ozarbayjon davlati tomonidan ta’minlanishini ko‘rsatadi”, deya ta’kidlaydi Aliyev.


Tanlangan kalimalar: #Erdo'g'an , #Ilhom Aliyev , #Ozarbayjon , #Turkiya

Aloqador xabarlar