Erdo'g'an:"Turkiya va AQSh o'rtasidagi sovuqchilikdan manfaatdor kuchlar bor"

Erdo’g’an bu haqda Nyu-Yorkda Turk–Amerika milliy boshqaruv qo‘mitasi anjumanida tilga oldi.

2039052
Erdo'g'an:"Turkiya va AQSh o'rtasidagi sovuqchilikdan manfaatdor kuchlar bor"

 

Turkiya prezidenti Rajab Tayyip Erdo‘g‘an Anqara va Vashington munosabatlarini murakkablashtirishdan manfaatdor kuchlar bor deb hisoblaydi.

Erdo’g’an bu haqda Nyu-Yorkda Turk–Amerika milliy boshqaruv qo‘mitasi anjumanida tilga oldi.

Erdo‘g‘an ikki davlat robitalarini sovuqlashtirishga urinadigan kuchlar qarshisida qo‘l qovushtirib turilmasligini aytdi.

“Davlatlarning qarashlarida farqli nuqtalar bo‘lishi tabiiy holat. Ammo, AQSh bilan umumiy maxrajlar ko‘pligi va hamkorlikni rivojlantirish uchun imkoniyatlar bisyor ekaniga ishonchimiz komil. Istiqbolda biz hamkorligimizni mushtarak manfaatlarga ko‘ra takomillashtiramiz”, – deydi Erdo‘g‘an.

Qayd etilishicha, o‘tgan yili ikki davlat o‘rtasidagi savdo aylanmasi 32 milliard dollardan oshgan.

Turkiya rahbariga ko‘ra, u AQSh prezidenti Jo Bayden bilan do‘stlik va hamkorlikni yanada mustahkamlashga kelishib olgan.

Turkiya va AQSh NATOning eng qudratli armiyalarga ega a’zolari sifatida Shimoliy alyans faoliyatida muhim o‘rin tutadi.

Kuzatuvchilar ikki mamlakat munosabatlariga soya soluvchi bir necha jihat mavjudligini ham aytadi.

Ma’lumki, 2016 yili iyul oyida Turkiyada davlat to‘ntarishiga urinish ro‘y bergandi. Mamlakat huquq idoralari ushbu jinoyatni AQShda yashab kelayotgan Fathulla Gulen boshchiligidagi FETÖ harakati amalga oshirganini aytib, Gulenni ekstraditsiya qilishni talab qilgan. Bu so‘rov rad etilgan.

Rasmiy Anqara, shuningdek, Vashingtonni Turkiyaga dushman sanalgan qo‘poruvchi guruhlarga ko‘mak yetkazishda ayblagan.

Suriya va Iroq masalasida ham ikki davlat farqli qarashga ega. Erdo‘g‘an bir muddat avval AQSh xuddi Afg‘oniston kabi Suriya va Iroqdan ham qo‘shinlarini olib chiqishi kerakligini aytgandi.


Tanlangan kalimalar: #Erdo'g'an , #AQSh , #Turkiya

Aloqador xabarlar