Turkiya va Misr diplomatik munosabatlarni tiklashga kelishib oldi

Turkiya tashqi ishlar vaziri Mavlud Chavusho‘g‘li 18 mart kuni Misrga tashrif buyurib, poytaxt Qohirada Misr tashqi ishlar vaziri Sameh Shukri bilan uchrashdi.

1962675
Turkiya va Misr diplomatik munosabatlarni tiklashga kelishib oldi

 

Turkiya va Misr 2013 yilda Misrdagi harbiy to‘ntarishdan keyin to‘xtab qolgan diplomatik munosabatlarni maksimal darajaga ko‘tarishga kelishib oldi.

Bu haqda Turkiya tashqi ishlar vaziri Mavlud Chavusho‘g‘li ma’lum qildi.

“Diplomatik munosabatlarimizni maksimal darajada oshirishga kelishib oldik. Keyingi jarayonda qanday qadamlar tashlashimizni baholadik. Misr Tashqi ishlar vaziri Sameh Shukrini Anqaraga taklif qildim. Ayniqsa, Ramazon oyida uni mehmon qilish istagida ekanligimni aytdim”, deydi Mavlud Chavusho‘g‘li Qohirada bo’lib o’tgan Tashqi ishlar vazirlari uchrashuvidan so‘ng.

Chavusho‘g‘li, poytaxt Qohirada Shukriy bilan uchrashgandan so‘ng, ikki vazir o‘zaro aloqalar, mintaqaviy va xalqaro mavzularni muhokama qilgani haqida bayonot bergan.

Qayd etilishicha, Mavlud Chavusho‘g‘li 11 yil ichida Turkiyadan Misrga tashrif buyurgan birinchi tashqi ishlar vaziri bo‘ldi.

Turkiya va Misr o‘rtasidagi munosabatlar 2013 yilda Misr Prezidenti Muhammad Mursiy hokimiyatdan ag‘darilganidan keyin yomonlashgandi. Shundan so‘ng har ikki davlat o‘z elchilarini chaqirib olgandi. 2021 yil mart oyida Chavusho‘g‘li Anqara va Qohira o‘rtasida diplomatik darajada aloqalar tiklanishini e’lon qildi. 2022 yil noyabr oyida Turkiya va Misr Prezidentlari Rajab Tayyip Erdo‘g‘an va Abdulfattoh as-Sisi Qatarda bo‘lib o‘tgan jahon chempionatining ochilish marosimida qisqacha uchrashuv o‘tkazdilar. 

Eslatib o’tamiz, Turkiya tashqi ishlar vaziri Mavlud Chavusho‘g‘li 18 mart kuni Misrga tashrif buyurgandi. U Qohirada Misr tashqi ishlar vaziri Sameh Shukri bilan muzokaralar yakunlari bo‘yicha matbuotga bayonot bergan edi.


Tanlangan kalimalar: #Mavlud Chavusho'g’li , #Misr , #Turkiya

Aloqador xabarlar