Fahriddin Altun:"Zilziladan jabr ko'rganlar xavfsiz va sifatli turar joy bilan ta'minlanadi"

Turkiya prezidenti devoni Axborot-kommunikatsiya boshqarmasi rahbari Fahriddin Altun Gretsiyaning “Kathimerini” gazetasiga intervyu berdi.

1952936
Fahriddin Altun:"Zilziladan jabr ko'rganlar xavfsiz va sifatli turar joy bilan ta'minlanadi"

 

Zilziladan jabr ko'rgan aholiga xavfsiz va sifatli turar joylarni taqdim etish bosh vazifa bo'lib qolmoqda.

Bu haqda Turkiya prezidenti devoni Axborot-kommunikatsiya boshqarmasi rahbari Fahriddin Altun Gretsiyaning “Kathimerini” gazetasiga bergan intervyusida gapirgan.

“Hozirgi vaqtda hukumatimiz fuqarolarimizning ehtiyojlarini qondirish va zilziladan zarar ko'rgan shaharlarimizni qayta tiklashdan boshqa ustuvor vazifaga ega emas”, – deydi u. 

Qayd etilishicha, 6 fevral kuni ro'y bergan ikki kuchli zilzila 1999 yilda Marmar dengizi mintaqasida qayd etilgan yer qimirlashidan ham kuchliroq bo'lib, 11 ta viloyatda talafotlar keltirdi. Shu sabab u “asr falokati” deb atalmoqda.

Fahriddin Altunga ko'ra, Turkiya vakolatli idoralari zilzila oqibatlarini bartaraf etish, qidiruv-qutqaruv uchun bor kuchini ishga solgan holda harakat qilmoqda. Ta'bir joiz bo'lsa, mamlakat mushkul pallada bir mushtga, yagona yurakka aylandi. Ayni choqda, fojia ko'lami va qutqaruv amaliyotini xolis baholamayotganlar ham talaygina.

Axborot-kommunikatsiya boshqarmasi rahbari mart oyidayoq zilzila hududlarida yangi turarjoylar qurilishi boshlanishini tasdiqlar ekan, fuqarolarni xavfsiz va sifatli turarjoy bilan ta'minlashga mamlakatning qudrati va salohiyati yetarli ekanini ta'kidlagan.

U shuningdek, Gretsiya bilan munosabatlardagi tushunmovchiliklarni ham samimiy muloqot orqali hal etish mumkinligini aytgan.

“Vaqti-vaqti bilan davlatlar o'rtasida kelishmovchiliklar bo'lishi tabiiy. Biz bu kelishmovchiliklarni xalqaro huquq normalari asosida mazmunli va samimiy muloqot va adolatli tarzda hal qilishimiz kerak. Turk millati do'stona uzatilgan yordam qo'lini hech qachon bo'sh qoldirmaydi”, – deb xulosa qilgan Turkiya prezidenti devoni vakili.


Tanlangan kalimalar: #Turkiya , #Fahriddin Altun

Aloqador xabarlar