Mustafo Shentop IHH insoniy yordam vaqfiga tegishli logistika markaziga keldi

Turkiya Buyuk Millat Majlisi (parlamenti) raisi Mustafo Shentop Kilis shahri yaqinida joylashgan IHH – insoniy yordam vaqfiga tegishli logistika markaziga tashrif buyurdi.

1946226
Mustafo Shentop IHH insoniy yordam vaqfiga tegishli logistika markaziga keldi

 

Kilis shahri yaqinida joylashgan IHH – insoniy yordam vaqfiga tegishli logistika markaziga Turkiya Buyuk Millat Majlisi (parlamenti) raisi Mustafo Shentop tashrif buyurdi. Bu yerda u o‘zbekistonlik oshpazlar faoliyati bilan ham yaqindan tanishdi. Shuningdek, Turkiya parlamenti rahbari O'zbekistonda faoliyat ko'rsatgan "AzonTV" ga intervyu berdi. 

Avvalo IHH – insoniy yordam vaqfi haqida

Mazkur vaqf mintaqasi, dini, tili, irqi yoki mazhabidan qat’i nazar, dunyoning istalgan nuqtasida qiyinchilikka duch kelgan, ofat, ochlik, qochqinlikda aziyat chekayotgan, urush yoki tabiiy ofatlardan jabrlangan, jarohatlangan yoki nogiron bo‘lib qolganlarga, shuningdek, uysiz va boshpanasiz qolgan odamlarga insonparvarlik yordamini yetkazish, ularning insoniy huquqlarini himoya qilish kabi xayrli ishlar bilan shug‘ullanib keladi. U Turkiyadan 123 davlatga xayriya yetkaza oladigan tashkilotga aylangan.

IHH – insoniy yordam vaqfi BMTning Iqtisodiy va Ijtimoiy Kengashiga, Islom hamkorlik tashkilotiga, Xalqaro ko‘ngilli tashkilotlar kengashi va boshqa bir qator xalqaro tashkilotlarga a’zo hisoblanadi.

Kilis logistik markazi Turkiyaning Suriya bilan chegaradan atigi bir kilometr uzoqlikda faoliyat ko‘rsatadi. Maqsad - suriyalik qiynalgan oilalarga uzluksiz yordam yetkazishdan iborat. 

Turkiyada 6 mart kuni zilzila ro‘y berganidan keyin mazkur markaz xodimlari Suriya uchun yordamlarini to‘xtatmagan holda G‘oziantep, Xatay shaharlarida, Nurtog‘i, Islohiya, Shahid Komil, Qirqxon kabi tumanlardagi minglab insonlarga issiq-ovqat va boshqa ehtiyoj mollarini yetkazib bermoqda. 6 fevraldan beri mazkur logistik markazga 115 yuk mashinasida insonparvarlik yordami kelgan bo‘lsa, ularning 42 tasi suriyaliklarga yuborildi, ya’ni arab qo‘shnilarga qilinayotgan xayriya ham to‘xtab qolmadi.

Logistik markazda 55 doimiy xodim bilan birga yuzlab ko‘ngillilar ham yelkama-yelka xizmat qilmoqda. Ko‘ngillilarning aksariyati Istanbuldan Vangacha bo‘lgan hududlardan kelgan. Ular har kuni o‘n mingdan ortiq kishilarga issiq ovqat tayyorlab, bir qator aholi punktlariga tarqatish uchun jo‘naydilar. Tarqatilayotgan yordam paketida chodirlar va adyollardan tortib bolalarning tagliklarigacha bor. 

Qiziq, shuncha yordam uchun mablag‘ qayerdan keladi?

Ushbu vaqf biror bir partiya yoki diniy jamoatlarga bog‘lanmagan. “Xalqdan olib, haqliga beramiz”, degan shior bilan ishlaydi. Ularga pensionerlardan tortib maktab o‘quvchilarigacha xayriya beradi. Yosh bolalarga tanga to‘playdigan maxsus qutilar beriladi. Tadbirkorlar ishlab chiqaradigan mahsulotlaridan ehson puli ajratadi. Sadaqa, ehson, qurbonlik, zakot, fitrgacha qabul qilinadi. Xullas, IHH Turkiyadagi yuzlab vaqflar orasida eng katta va taniqli vaqf hisoblanadi.

IHH – insoniy yordam vaqfi Bahriddin Chustiy boshchiligida Turkiya xalqiga yordamga kelgan o‘zbekistonlik oshpazlarga ham ko‘makchi bo‘lyapti. 

Turkiya Buyuk Millat Majlisi (parlamenti) raisi Mustafo Shentop va u bilan kelgan mehmonlarga vaqf raisining o‘rinbosari Yoqub Ishiq mazkur logistik markazda olib borilayotgan xayriya ishlari bilan tanishdi. Parlament raisi markazning omborlarini, oshxona va boshqa hududlarini ko‘zdan kechirdi.

Shentop janoblari O‘zbekistondan kelib, ushbu markazda palov tayyorlab, yaqin atroflardagi shahar va qishloqlarga tarqatayotgan oshpazlarimizning ishlari bilan ham yaqindan tanishdi. O‘zbekiston yoshlar umumjahon assotsiatsiyasining Turkiyadagi vakili Ergash Jumaev parlament raisiga o‘zbekona palovning tayyorlanish jarayonlari haqida ma’lumot berdi.

“Qozon-o‘choqdan va barcha masalliqlarni O‘zbekistondan olib keldik. Kuniga 600 kilo guruch damlab, besh-olti ming kishiga tarqatyapmiz. Maqsadimiz - bu qiyin kunlarda qardoshlarmizning yonida turish, qayg‘ulariga oz bo‘lsa ham sherik bo‘lish. Bu yerdagi oshpazlarimiz besh yilcha oldin Toshkentda 7360 kg palov palov tayyorlab, Ginnes kitobiga kirgan. Inshaalloh, bu musibatlarni ortda qoldirib, biror yildan keyin yangi uylarni topshirish marosimida ulkan qozonni olib kelib, Turkiyada yana shuncha osh tayyorlash niyatidamiz”, dedi u.

Parlament raisi minnatdorchilik bildirib, hazillashib, rekordni takrorlash emas, yangilashni taklif qildi. Oshpazlarimiz buni bajonu dil qabul qildilar.

“Vaqtim tig‘iz bo‘lmaganda oshning tayyor bo‘lishini kutib, ta’mini totib ko‘rgan bo‘lardim”, deya oshpazlarimizning ko‘nglini ko‘tardi. Keyin o‘zbekistonliklar bilan birgalikda esdalik uchun rasmga tushdi.

Azon.tv Mustafo Sheptopdan intervyu olishga muvaffaq bo‘ldi. 

– Hurmatli Mustafo Shentop! Avvalo shuni bildirishni istardimki, Turkiyada sodir bo‘lgan bu falokat tufayli butun o‘zbekiston ahli qayg‘uga tushdi. Juda ko‘pchilikni “ularga qanday yordam berishimiz mumkin?” degan savollar o‘ylantiryapti. 

–  Alloh rozi bo‘lsin. Avvalo O‘zbekistondagi qardoshlarimizning duolaridan umidvormiz. Ularning yuragi Turkiya bilan birga urayotganini bilib turibmiz. Judayam ibratli va ta’sirli holatlar bor, ammo men bittasini aytib o‘tmoqchiman. Bir necha kun oldin xabar tarqaldi, 99 yoshli o‘zbekistonlik bir hoji ona pensiyasidan orttirgan mablag‘ni Turkiyadagi zilzilada ziyon ko‘rgan kishilarga yuborish uchun xayriya qilibdi. Alloh rozi bo‘lsin. Zotan ikki millat tarixan birga edik, ammo bu qiyin kunlarda ham  do‘stlarimizni yonimizda ko‘rish biz uchun judayam qadrli. O‘zbekiston ahliga salomlar bo‘lsin. 

–  IHH – insoniy yordam vaqfining Kilis logistik markazi faoliyati haqida nimalar deya olasiz?

–  IHH – insoniy yordam vaqfi tashkil etilganidan o‘ttiz yildan orshdi. U dunyoning qaysi yerida bo‘lsin, insoniy yordamlarni tezlik bilan yetkazadigan, doimo qiynalgan insonlarga najot qo‘lini cho‘zgan, bunday xayrli ish va harakatlari bilan barchaga ibrat bo‘ladigan Turkiyaning eng taniqli tashkilotlaridan biridir. Dunyoning bir qancha falokat yuz bergan yerlarida xizmat ko‘rsatgan vaqf bugun Turkiya boshiga buyuk musibat tushgan vaqtda ham xalqimizni chin dildan dastaklamoqda. Bugun faoliyati bilan tanishganimiz  - Kilis logistik markazi ham, uning zilzila ro‘y bergan o‘nta viloyatga yaqin hududlarda joylashgan boshqa markazlari ham astoydil yordam bermoqda. Vaqf xodimlari bir kunda yuz mingga yaqin yurtdoshlarimizga issiq ovqat yetkazib bermoqda. Markaz xodimlari va ko‘ngilli bo‘lib ishlayotgan barcha do‘stlarimizga rahmat aytaman, ulardan Alloh rozi bo‘lsin. Avvalo bu kabi falokatlar dunyoning hech qaerida yuz bermasin, deymiz. Ammo sodir bo‘lgan taqdirda bu kabi xayrli faoliyatga juda katta ehtiyoj tug‘iladi. IHH – insoniy yordam vaqfi mazkur ehtiyojni qoplayotgan xayriya tashkiloti hisoblanadi. Barchalariga tashakkur bildiramiz, kuch quvvat tilaymiz.

Shundan so‘ng parlament raisi va hamrohlari yig‘ilganlar bilan xayrlashdi. O‘zbekistonlik oshpazlar esa pishgan taomni qozon-o‘chog‘i bilan mashinalarga ortib, G‘aziantep shahri ahliga tarqatish uchun jo‘nab ketishdi.


Tanlangan kalimalar: #zilzila , #Turkiya , #IHH

Aloqador xabarlar