Turkiya AQShdan FETOga qarshi kurashda hamkorlik qilishni kutmoqda

Bu haqda Turkiya Prezidenti Rajab Tayyip Erdo‘g‘an Nyu-Yorkdagi Rokfeller Plaza ofis markazida Turkiya-Amerika Milliy muvofiqlashtirish qo‘mitasi tomonidan uyushtirilgan kechki ziyofatda ma’lum qildi.

1882037
Turkiya AQShdan FETOga qarshi kurashda hamkorlik qilishni kutmoqda

 

Turkiya AQShdan YPG va Fathulloh Gulen boshchiligidagi FETO terror tashkilotiga qarshi ittifoqchilik ruhida hamkorlik qilish va qadamlarni muvofiqlashtirishni kutmoqda.

Bu haqda Turkiya Prezidenti Rajab Tayyip Erdo‘g‘an Nyu-Yorkdagi Rokfeller Plaza ofis markazida Turkiya-Amerika Milliy muvofiqlashtirish qo‘mitasi tomonidan uyushtirilgan kechki ziyofatda ma’lum qildi. 

Uning qayd etishicha, Turkiya terrorizmdan eng ko‘p jabr ko‘rgan davlat sifatida terrorizm ko‘rinishlariga qarshi kurashda birinchi o‘rinda bormoqda. 

“Anqara PKK - YPGdan tortib DEASh va FETOgacha bo‘lgan barcha terror tashkilotlariga qarshi hech qanday farq qilmasdan qat’iy kurash olib bormoqda va buni davom ettiradi. Turkiya hukumati mintaqada terrorizmni yo‘q qilishga bel bog‘lagan”, deya ta’kidladi Erdo’g’an. 

Turkiya rahbari rasmiy Anqara tomonidan FETO yetakchisi Fatulloh Gulen va terrorchilik tashkilotining boshqa amaldorlarini AQShdan ekstraditsiya qilish bo‘yicha olib borilayotgan tashabbuslarni eslatdi. 

Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, Turkiya Amerika tomoni barcha mumkin bo‘lgan platformalarda terrorchilik tashkilotlarining asl qiyofasini ochishda davom etishiga umid bildiradi. 

Erdo‘g‘an nafrat so‘zlari, ayniqsa, islomofobiya va butun dunyo bo‘ylab musulmonlarga nisbatan noto‘g‘ri qarashlar ortib borayotganiga to‘xtaldi. 

“Afsuski, AQShdagi turk jamiyati vakillari ham vaqti-vaqti bilan hujumga uchramoqda. Shu munosabat bilan Anqara Vashington musulmonlarga nisbatan nafratlanish harakatlariga, shuningdek, islom va terrorizm o‘rtasida o‘xshashlik keltirib chiqaradigan buzuq mentalitetning tarqalishiga qarshi qat’iy choralar ko‘rishini kutmoqda.  Turkiya va AQSh 70 yil davomida ikki kuchli strategik hamkor va ittifoqchi sifatida hal qila olmagan birorta muammo yo‘q”, deydi Prezident Erdo’g’an.

U shuningdek, moliyaviy yoki harbiy qudrat jihatidan Turkiyaning NATOdagi eng muhim besh ittifoqdoshidan biri sifatidagi rolini ta’kidladi. 

“Shuning uchun Turkiyaning pozitsiyasi yaxshi tushunilishi, yaxshi ma’lum bo‘lishi va tegishli qaror va qadamlar qo‘yilishi kerak”, deydi Erdo’g’an. 

Ta’kidlanishicha, Turkiya milliy xavfsizligi bilan bog‘liq masalalarda kelishmovchiliklarga qaramay, Anqara va Vashington ko‘plab mintaqaviy va global muammolar bo‘yicha hamon mushtarak pozitsiyaga ega.

Turkiya prezidenti AQSh prezidenti Jo Bayden bilan uchrashuvda ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash va chuqurlashtirishga kelishib olganini eslatdi. 

“Anqara va Vashington yaqindan muvofiqlashtirib, hamkorlik qilayotgan yana bir masala butun dunyoga ta’sir qilgan Ukraina inqirozidir. 

Har safar mintaqada yetti oydir davom etayotgan shafqatsiz urushda hech kim g‘olib bo‘lmasligini, uning global iqtisodiy oqibatlari butun dunyoga, ayniqsa, rivojlanmagan mamlakatlarga salbiy ta’sir ko‘rsatayotganini ta’kidlayman”, deydi davlat rahbari. 

Erdo‘g‘anning so‘zlariga ko‘ra, Turkiyaning Istanbul kelishuvlari doirasida g‘alla yo‘lagi ochish borasidagi sa’y-harakatlari jahon hamjamiyati tomonidan yuqori baholangan. 

“Anqara mojaroni diplomatik yo‘l bilan hal qilish va uning mintaqaviy va global kontekstdagi salbiy oqibatlarini bartaraf etish yo‘lida sa’y-harakatlarini davom ettiradi. 

Anqaraning BMT bilan birgalikda Ukraina g‘allasini Qora dengiz orqali olib o‘tish borasidagi sa’y-harakatlari natijasida erishilgan Istanbul kelishuvi bu sa’y-harakatlarning eng aniq namunasidir”, deydi Prezident.

Uning ta’kidlashicha, Turkiya xalqaro hamjamiyat va do‘st davlatlar ko‘magida avvalo o‘t ochishni to‘xtatishga, so‘ngra Ukraina va Rossiya Federatsiyasi o‘rtasida barqaror tinchlikka erishishga umid qilmoqda.


Tanlangan kalimalar: #AQSh , #Erdo'g'an , #Turkiya

Aloqador xabarlar