Turkiya-Qozog‘iston munosabatlarida yangi davr

Toqayevning Anqaraga bo‘lgan birinchi tashrifi Turkiya-Qozog‘iston munosabatlarida yangi davrdan dalolat bermoqda.

1824971
Turkiya-Qozog‘iston munosabatlarida yangi davr

Turkiya 1991-yilning 16-dekabrida oʻz mustaqilligini eʼlon qilgan Qozogʻistonni birinchilardan boʻlib tan oldi. Keyingi yil, 1992-yilning 2-marti kuni esa ikki qardosh davlat oʻrtasida diplomatik munosabatlar oʻrnatildi.

Shu bilan birga Turkiya, mamlakatning ana shu davrdagi poytaxti Olmaota shahrida o‘z elchixonasini ochish orqali, Qozog‘istondagi birinchi diplomatik vakolatxonaning ochilishiga asos soldi.

Qozog‘istonning Anqaradagi elchixonasi ham 1992-yilning oktabr oyida o‘z faoliyatini boshlashi bilan, o‘zaro munosabatlar har tarmoqda rivoj topa boshladi.

Ikki davlat oʻrtasida 2009-yili, “Strategik sheriklik shartnomasi” imzolandi va Turkiya bilan Qozogʻiston oʻrtasidagi aloqalar yuqori darajaga koʻtarildi. Ko‘p o‘tmay, 2012-yili ikki davlat o‘rtasida Oliy darajadagi strategik hamkorlik kengashi tashkil etildi.

Bugungi kunda siyosat, iqtisodiyot, savdo-sotiq, sarmoya, harbiy, mudofaa sanoati, ta’lim, sog‘likni saqlash va gumanitar sohalarda allaqachon keng ko‘lamli hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan qardosh davlatlar, o‘zaro munosabatlarining 30-yilida salmoqli muvaffaqiyatlarga erishdi.

Turkiya bilan Qozog‘iston, 30 yil ichida savdo hajmini 30 million dollardan 5 milliard dollarga chiqardi.

Toqayevning Anqaraga bo‘lgan ilk tashrifi o‘zaro munosabatlarning yangi davridan dalolat bermoqda.

Qozog‘iston Respublikasining Birinchi Prezidenti-Elboshi Nursulton Nazarboyev 2019-yilning mart oyida o‘z lavozimidan iste’fo berdi. Uning o‘rniga kelgan va 2019-yilning iyun oyida prezident etib saylangan Qasim-Jomart Toqayev 10-11 may kunlari Anqaraga birinchi rasmiy tashrifini uyushtirdi.

Mazkur tashrif bu yil diplomatik munosabatlar o‘rnatilishining 30 yilligini nishonlayotgan ikki qardosh davlat munosabatlarida yangi davrni boshlab beradi.

Toqayevning tashrifi ayni vaqtda Qozog‘istonda joriy yilning yanvar oyida yuz bergan voqealardan keyin, mamlakatda olib borilgan siyosiy yangilanish jarayoni va Rossiya-Ukraina urushi natijasida mintaqadagi mavjud geosiyosiy taranglik nuqtai nazaridan ham e’tiborlarni o‘ziga tortmoqda.

Hay’ati bilan Anqaraga keladigan Toqayev, Beshtepeda Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdo‘g‘an bilan o‘zaro va hay’atlararo uchrashuv o‘tkazadi. Xususan, oʻzaro tovar ayirboshlash hajmini hozirgi 5 milliard dollardan 10 milliard dollarga oshirish boʻyicha yangi qadamlar baholanadi.

Muloqot chog‘ida, Turkiya bilan Qozog‘iston o‘rtasidagi hamkorlik sohalarining kengaytirilishi uchun yangi imkoniyatlarning muhokama qilinishi va muhim hamkorlik shartnomalari imzolanishi kutilmoqda.

Turkiya, Qozog‘istonning eng yirik beshinchi sherigidir.

Turkiya o‘tgan yili Qozog‘iston bilan tashqi savdoda eng ko‘p hamkorlik qilgan 5 davlat ro‘yxatiga kirdi.

Shuningdek, turk shirkatlarining Qozog‘istondagi sarmoyalari rekord darajaga yetdi. Oxirgi bir yilda Turkiyadan Qozog‘istonga 362 million 400 ming dollarlik sarmoya kiritildi.

Shunday qilib, 30 yil ichida Turkiyadan kiritilgan sarmoyalarning umumiy qiymati 4 milliard dollarga yetar ekan, Qozogʻistondan kiritilgan sarmoya miqdori 1 milliard dollardan oshdi.

 

 



Aloqador xabarlar