Tojikiston Prezidenti Turkiya Milliy mudofaa vaziri Hulusi Akarni qabul qildi

Uchrashuvda Turkiya va Tojikiston o’rtasidagi  ko’p qirrali munosabatlarning bugungi holati va istiqbollari muhokama qilingan. Shuningdek, ahamiyatga molik  mintaqaviy masalalar, jumladan Afg‘onistondagi vaziyat yuzasidan fikr almashilgan.

1668383
Tojikiston Prezidenti Turkiya Milliy mudofaa vaziri Hulusi Akarni qabul qildi

 

Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon kecha, 1-iyul kuni amaliy tashrif bilan mamlakatda bo’lib turgan Turkiya Milliy mudofaa vaziri Hulusi Akarni qabul qildi.

Turkiya mudofaa vazirligi matbuot xizmati ma’lum qilishicha, uchrashuvda Turkiya va Tojikiston o’rtasidagi  ko’p qirrali munosabatlarning bugungi holati va istiqbollari muhokama qilingan. Shuningdek, ahamiyatga molik  mintaqaviy masalalar, jumladan Afg‘onistondagi vaziyat yuzasidan fikr almashilgan.

Davlat rahbari Tojikiston-Turkiya o’rtasidagi do‘stlik, ishonch va strategik sheriklik munosabatlarida oliy darajadagi muntazam va sermahsul muloqot tufayli erishilgan bugungi darajani yuksak baholadi.

Hulusi Akar o‘z navbatida, samimiy qabul uchun Tojikiston yetakchisiga minnatdorlik bildirdi hamda Turkiya Prezidenti Rajap Tayyip Erdo'g‘anning salomi va ezgu tilaklarini yetkazdi. 

Tojikiston Prezidenti Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Tayyip Erdo‘g‘anni rasman mamlakatiga taklif qildi.

“Men Tojikiston Respublikasi Prezidenti Imomali Rahmonga Turkiya Prezidentining yaqin kelajakda Tojikistonga tashrif buyurish niyatida ekanini ma’lum qildim”, -deydi Hulusi Akar uchrashuv yakunlari bo’yicha matbuotga bergan intervyusida.

Turkiya Milliy mudofaa vaziri Hulusi Akar Tojikiston prezidenti bilan uchrashuvi samarali bo‘lganini aytib, unda Imomali Rahmonning mintaqaviy masalalar bo‘yicha shaxsiy qarashlarini bilish imkoni bo‘lganini urg‘uladi.

Akar Erdo‘g‘anning tashrifi va ikki mamlakat rahbarlarining uchrashuvi mudofaa idoralari o‘rtasidagi hamkorlikning rivojlanishi uchun katta kuch berishiga ishonishini ta’kidladi.

“Bugun biz hamkorlikning ba’zi masalalari bo‘yicha ham fikr almashdik. Aytishim mumkinki, bizning mamlakatlarimiz xalqaro masalalarda o‘xshash pozitsiyaga ega. Biz Tojikiston Respublikasiga do‘stona, qardosh mamlakat va Markaziy Osiyo mintaqasidagi muhim sherik sifatida qaraymiz”, -deb aytgan Hulusi Akar.

“Tojikiston Respublikasi Prezidenti Imomali Rahmon bilan bugungi uchrashuvdan so‘ng ikki mamlakat mudofaa vazirliklari turli sohalarda, jumladan, mudofaa sohasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlashi, ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlikni yaxshilashga yangi turtki berish uchun ikki tomonlama tashriflarni yanada kuchaytirishi kerak”, -deb qo’shimcha qilgan Hulusi Akar.

Eslatish joizki, 28–29 iyun kunlari Hulusi Akar boshchiligidagi Turkiya harbiy delegatsiyasi Qirg‘izistonda bo‘ldi. Shu vaqt davomida Hulusi Akar Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov qabulida bo‘ldi va mamlakat Mudofaa vaziri Taalaybek Omuraliyev bilan uchrashdi. Muzokaralar doirasida harbiy va harbiy-texnik hamkorlik masalalari muhokama qilindi. Xususan, Turkiya Qirg‘izistonga harbiy mutaxassislarni o‘qitish va tayyorlash masalasida yordam berishga tayyorligini bildirdi.

Eslatish joizki, Sadir Japarov iyun oyi boshida Turkiyaga tashrifi chog’ida Prezident Rajab Tayyip Erdo‘g‘an bilan Qirg‘iziston va Turkiya o’rtasida mudofaa va xavfsizlik sohasida hamkorlikni rivojlantirishga kelishib olgandi.



Aloqador xabarlar