Turkiya va Ozarbayjon tashqi kuchlarning tahdidiga birgalikda chora ko'rishga kelishib oldi

Bu haqda kecha, 15 iyun kuni Turkiya Prezidenti Rajab Tayyip Erdo‘g‘anning Shusha shahriga tashrifi chog‘ida imzolangan ittifoqchilik to‘g‘risidagi deklaratsiyada so‘z boradi.

1658785
Turkiya va Ozarbayjon tashqi kuchlarning tahdidiga birgalikda chora ko'rishga kelishib oldi

 

Turkiya va Ozarbayjon tomonlardan birining mustaqilligi yoki hududiy yaxlitligiga uchinchi davlat tomonidan hujum yoki tahdid bo‘lgan taqdirda bir-biriga yordam berishga kelishib oldi.

Bu haqda kecha, 15 iyun kuni Turkiya Prezidenti Rajab Tayyip Erdo‘g‘anning Shusha shahriga tashrifi chog‘ida imzolangan ittifoqchilik to‘g‘risidagi deklaratsiyada so‘z boradi.

Hujjatga ko‘ra, Turkiya va Ozarbayjon Xavfsizlik kengashlari muntazam ravishda milliy xavfsizlik masalalari bo‘yicha yig‘ilishlar o‘tkazib boradi.

“Ozarbayjon Turkiyaning 30 yillik Armaniston ishg’olini tugatish va bosib olingan hududlarni ozod qilishdagi qo‘llab-quvvatlovini yuqori baholaydi”,- deyilgan hujjatda.

Tomonlar Turkiya-Ozarbayjon munosabatlarini yanada kengaytirish va chuqurlashtirishning barcha istiqbollarini o‘rganib chiqdilar, deyiladi deklaratsiyada.

Hujjatda Turkiya va Ozarbayjon mintaqaviy va global xavfsizlik va barqarorlik masalalarini hal qilishda birgalikdagi sa’y-harakatlarni amalga oshirayotgani ta’kidlangan. Shuningdek, Turkiya bilan Ozarbayjon o‘rtasidagi Zangezur yo‘lagi va Nahchivon-Kars temir yo‘l liniyasining ochilishi ikki mamlakat o‘rtasidagi aloqalarning rivojlanishiga hissa qo‘shishi qayd etilgan.

Shusha deklaratsiyasida Armanistonning Turkiyaga bo‘lgan asossiz da’volari va tarixni buzib ko‘rsatishga urinishlari mintaqadagi tinchlik va barqarorlikka zarar etkazishiga e’tibor qaratilgan.

“Turkiya va Ozarbayjon o‘rtasida rivojlanib, ularning manfaatlariga javob beradigan harbiy-siyosiy hamkorlik uchinchi davlatlarga qarshi qaratilgan emas”, deya urg‘ulangan hujjat matnida.

Deklaratsiyada, shuningdek tomonlar terrorizm, uyushgan jinoyatchilik, giyohvand moddalar kontrabandasi, noqonuniy migratsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha birgalikdagi sa’y-harakatlar va hamkorlikni kengaytirishi ta’kidlangan.

Eslatish joizki, Ozarbayjon joriy yilning 27 sentyabr kuni Armaniston bilan boshlangan qurolli to‘qnashuvlardan keyin noyabr oyiga kelib Tog‘li Qorabog‘ni ishg’oldan ozod qildi. Qorabog‘ hududlari 29 yillik arman ishg’olidan so’ng, takror Ozarbayjonga qaytdi.

Rasmiy Baku ayni vaqtda ushbu hududlar o‘tgan yillar davomida vayronaga aylantirilib, tarixiy obidalar yo‘q qilingani, infratuzilma ishdan chiqqani, bu ham yetmagandek, arman Hukumati hududlarga minalar o‘rnatgani va Qorabog‘ hududlari Ozarbayjon qo‘liga o‘tganiga qaramay, minalangan yerlar xaritasini bermay kelayotganini ta’kidlamoqda.

Kuni kecha ushbu minalangan hududlarda Ozarbayjon jurnalistlari o‘tirgan avtomobil portlab ketgandi. Portlash oqibatida 3 kishi – ikki jurnalist va bir amaldor qurbon bo‘ldi. Mamlakat vitse-prezidenti Mehribon Aliyeva murojaat bilan chiqib, xalqaro hamjamiyat, xalqaro jurnalistlar huquqlari himoyachisi sifatida o‘zini namoyon etib kelgan nodavlat tashkilotlar jurnalistlarning minalangan hududlarda qurbon bo‘lganiga panja ortidan qarab, Armanistonning harakatlariga ko‘z yumib kelayotganini ta’kidlagandi.

Turkiya Prezidenti Rajab Tayyip Erdo‘g‘an Qorabog‘dagi minalashtirilgan maydonlar masalasini hal qilish muhim ekanini ta’kidlab, ikki tomonni ham kelishuvga chaqirgandi.

 


Tanlangan kalimalar: #Erdo'g'an , #Shusha , #Ozarbayjon , #Turkiya

Aloqador xabarlar