Mavlud Chavusho’g’li Qozog’iston TIV rahbari Muxtor Tleuberdi bilan uchrashdi

Muxtor Tleuberdining Anqaraga tashrifi chog'ida Qozog'iston-Turkiya Oliy darajadagi strategik hamkorlik kengashining 4-yig'ilishiga tayyorgarlik masalalari muhokama qilindi.

1603820
Mavlud Chavusho’g’li Qozog’iston TIV rahbari Muxtor Tleuberdi bilan uchrashdi
Kazak dışişleri bakanı.jpg

 

Turkiya tashqi ishlar vaziri Mavlud Chavusho’g’li rasmiy tashrif bilan Anqaraga kelgan Qozog’iston tashqi ishlar vaziri Muxtor Tleuberdi bilan uchrashdi.

Uchrashuvdan so'ng tomonlar qo'shma matbuot anjumani o'tkazdilar.

Mavlud Chavusho’g’li kuni kecha rasmiy tashrif bilan Markaziy Osiyoda bo’lganligini va Qozog'iston Tashqi ishlar vaziri Muxtor Tleuberdining Turkiyaga tashrifi turkiyzabon mamlakatlar o'rtasidagi yaqin aloqalarning isboti ekanligini aytdi.

Vazir o'z navbatida Qozog'istonni mustaqilligining 30 yilligi bilan samimiy tabriklab, qardosh qozoq xalqiga tinchlik-farovonlik tiladi.

Muxtor Tleuberdining Anqaraga tashrifi chog'ida Qozog'iston-Turkiya Oliy darajadagi strategik hamkorlik kengashining 4-yig'ilishiga tayyorgarlik masalalari muhokama qilindi.

Shuningdek, Qozog’iston delegatsiyalari ishtirokida qo'shma strategik rejalashtirish guruhining yig'ilishi bo'lib o'tdi. Tomonlar siyosiy, savdo-iqtisodiy, transport, mudofaa, madaniy-gumanitar sohalardagi dolzarb hamkorlik yo'nalishlari bo'yicha fikr almashdilar.

Mavlud Chavusho’g’liikki mamlakat o'rtasidagi iqtisodiy hamkorlikka to'xtaldi, shuningdek pandemiyaga qaramay, Turkiyada savdo aylanmasi kamaymaganligini aytdi. U Qozog'iston va Turkiya o'rtasidagi tovar ayirboshlash hajmini 5 milliardga, keyinchalik esa 10 milliard dollarga yetkazish kutilayotganini aytgan.

Chavusho’g'li ikki mamlakat o'rtasidagi ba'zi kelishuvlarni yangilash ko’zda tutilganligini bildirdi.

Ma’lumotga ko’ra, Qozog'iston-Turkiya Oliy darajali strategik hamkorlik kengashining 4-yig'ilishida 20ga yaqin hujjatni imzolash rejalashtirilgan.

Tomonlar Turkiy Kengash doirasida turkiy tilli davlatlar o'rtasidagi hamkorlikni kengaytirish va kun tartibidagi xalqaro masalalar yuzasidan fikr almashdilar.

Eslatma: Shu yilning 31-mart kuni Turkistonda Turkiy Kengashga a'zo davlatlar rahbarlarining norasmiy uchrashuvi bo'lib o'tadi. Rasmiy sammit esa joriy yil oxirida Turkiyada o’tkaziladi. Turkiya Turkiy Kengashga raislik vazifasini Ozarbayjondan qabul qilib oladi.

Chavusho’g'li “Turkish Airlines” aviakompaniyasining pandemiya oldidan Turkiya-Qozog'iston yo'nalishi bo'yicha mavjud bo’lgan parvozlarini qayta boshlashni taklif qilgan.

Ta'kidlash joizki, Turkiya Osiyo mamlakati sifatida yangi tashabbusni boshladi. Ushbu tashabbusning maqsadi Osiyo bilan mustahkam aloqalarni o'rnatish va dunyoning birinchi va ikkinchi iqtisodiy zonalarida Turkiya pozitsiyasini kengaytirishdir.

Chavusho’g'li o'z navbatida, Turkiyaning Osiyo tashabbusini qo'llab-quvvatlagani uchun Qozog'istonga minnatdorchilik bildirdi.


Tanlangan kalimalar: #Muxtor Tleuberdi , #Turkiya , #Qozog'iston

Aloqador xabarlar