Erdo’g’an Ozarbayjon poytaxti Bakuga jo’nab ketdi

Erdo’g’an ertaga, 10 dekabr kuni Ozarbayjon poytaxti Bakuda Tog‘li Qorabog‘dagi g‘alaba sharafiga o’tkaziladigan harbiy paradda ishtirok etadi.

1542467
Erdo’g’an Ozarbayjon poytaxti Bakuga jo’nab ketdi

 

Turkiya prezidenti Rajap Tayyip Erdo’g’an Ozarbayjon poytaxti Bakuga jo’nab ketdi.

Erdo’g’an ertaga, 10 dekabr kuni Ozarbayjon poytaxti Bakuda Tog‘li Qorabog‘dagi g‘alaba sharafiga o’tkaziladigan harbiy paradda ishtirok etadi.

Anqaradagi Esenbog’a aeroportida jurnalistlarga intervyu bergan Erdo’g’an Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyevning taklifiga binoan Bakuga otlanganligini ma’lum qildi.

“Shonli Ozarbayjon qo’shini Armaniston ishg’oli ostidagi Tog’li Qorabog’ zaminini ozod qilish uchun mardonavor kurash olib bordi. Aliyevning matonati va Ozarbayjon qurolli kuchlarining qahramonona kurashi g’alabaga erishishda muhim ro’l o’ynadi”,-deb aytdi Turkiya prezidenti.

“Mana bugun, 44 kun davom etgan kurash natijasida Ozarbayjon bayrog’i Tog’li Qorabog’ samolarida hilpirab turibdi. 30 yillik adolatsizlikka barham berildi. Buning sevinchini his qilib turibmiz. Biz ham qo’limizdan kelgancha Ozarbayjonlik qardoshlarimizga yordam berdik. Ertaga Bakuda bo’lib o’tadigan harbiy paradda ishtirok etib, Ozarbayjon xalqining sevinchiga sherik bo’lamiz”,-deb ilova qiladi Turkiya prezidenti Rajap Tayyip Erdo’g’an.

Mazkur ziyorat Tog‘li Qorabog‘dagi urushga yakun yasagan sulh bitimidan so‘ng, Erdo’g’an va Ilhom Aliyevning ilk yuzma-yuz uchrashuvi bo’ladi.

Erdo’g’anning poytaxt Bakuga tashrifi ikki kun davom etadi. Bo’lib o’tadigan uchrashuv va muzokaralarda Turkiya-Ozarbayjon o’rtasidagi ikki tomonlama munosabatlar va Tog’li Qorabog’dagi vaziyat muhokama qilinadi.

Prezidentlar Tog’li Qorabog’da imzolangan kelishuvdan so’ng, sulh bitimi ijrosini kuzatib borish maqsadida tashkil etilgan Turkiya-Rossiya qo’shma markazi bo’yicha faoliyatlarni ko’zdan kechiradi.

Shuningdek, muzokaralarda Turkiya va Ozarbayjon birgalikda tashlaydigan qadamlar va kelgusidagi rejalar bo’yicha fikr almashiladi.



Aloqador xabarlar