Butunjahon davlatlari Turkiyani qo'llab quvvatlamoqda

Yevropa Ittifoqi davlatlari Turkiyadagi hukumatga qarata harbiy to’ntaruv tashabbusiga nisbatan munosabatini yozma ravishda ifoda etdilar.

530779
Butunjahon davlatlari Turkiyani qo'llab quvvatlamoqda

 

Butun dunyo Turkiyani qo’llab quvvatlamoqda.

Yevropa Ittifoqi Turkiyada xalq tomonidan demokratik yo’llar bilan saylangan hukumatni, davlat tashkilotlarini va huquq sistemasini to’liq qo’llab quvvatlashini ma’lum qildi.

Yevropa Ittifoqi kengashi rahbari Donald Tusk, Yevropa Ittifoqi komissiyasi rahbari Jean-Claude Juncker va Yevropa Ittifoqi Tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati oliy maslahatchisi Federica Mogherini, Yevropa Ittifoqi davlatlari nomidan Turkiyadagi harbiy to’ntaruv tashabbusiga nisbatan munosabatini yozma ravishda ifoda etdilar.

“Turkiya Yevropa Ittifoqi uchun muhim hamkor davlatlardan biridir. Yevropa Ittifoqi demokratik yo’llar bilan saylangan hukumatni, davlat tashkilotlarini va huquq sistemasini to’liq qo’llab quvvatlaydi. Turkiyada konstitutsiyaviy tartibga amal qilishga chaqiramiz. O’zgarishlarni yaqindan kuzatib boramiz”,-deb yozadi Yevropa Ittifoqi rahbarlari.

Yevropa Kengashi bosh kotibi Thorbjorn Jagland: “Demokratiya, inson huquqlari va huquqning ustunligini himoya qilgan Yevropa Kengashining bir a’zosi bo’lgan Turkiyada demokratik ravishda saylangan liderlarni to’ntarishga tashabbusni aslo qabul qilib bo’lmaydi”,-dedi.

NATO Bosh kotibi Jens Stoltenberg: “Istanbul va Ankarada “FETO” (Fetullahchi terror tashkiloti)ning hukumatni to’ntarishga tashabbusi oldida xalqni ehtiyotkorlikka, sukunatga va Turkiyaning demokratik qadriyatlari hamda konstitutsiyaga hurmat ko’rsatishga chaqiraman. Turkiya NATOning eng ahamiyatli ittifoqdoshlaridan biridir”,-dedi.

BMT Bosh kotibi Ban Ki Moon Turkiyadagi harbiy to’ntaruvga tashabbusni qabul qilib bo’lmasligini tilga olib, demokratik tamoyillarga mos ravishda, qonun va konstitutsiyaviy nizomni tinchliksevar yo’llar bilan ta’minlashning ahamiyatiga e’tibor qaratdi.

Amerika Qo’shma Shtatlari ham Turkiyada demokratik yo’llar bilan saylangan hukumatni qo’llab quvvatlashga chaqirdi.

AQSH kotibi John Kerry Turkiya Tashqi ishlar vaziri Mevlut Chavushog’luga qo’ng’iroq qilib, Amerika hukumati Turkiya hukumatini qo’llab quvvatlashini ma’lum qildi.

Germaniya hukumati ham Turkiyadagi harbiy to’ntaruvga tashabbus ko’rsatilganini qoraladi.

Germaniya Bosh vaziri Angela Merkel: “Germaniya hukumati nomidan turk harbiy kuchlar tomonidan davlatning demokratik yo’llar bilan saqlangan hukumatini va prezidentini harbiy kuch bilan to’ntarishga tashabbus ko’rsatganini qoralayman”,-dedi.

Merkelning kotibi Steffen Seibert: “Turkiyada demokratik tartibga hurmat ko’rsatish kerak. Insonlarning hayotini saqlab qolish uchun butun g’ayrat ko’rsatilishi zarur”,-dedi.

Bundan tashqari, Bosniya Gersegovina prezidentlik kengashi rahbari Bakir Izzetbekovich ham Turkiyani qo’llab quvvatladi.

Bakir Izzetbekovich: “Bu tashabbus Turkiyaning taraqqiyotiga va demokratiyasiga nisbatan to’sqinlikdir”,-deya turk xalqini mustaqillik, demokratiya va saylash huquqini himoya qilishga, davlat rahbari va hukumatini qo’llab quvvatlashga chaqirdi.

Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev ham Turkiya hukumatiga nisbatan harbiy to’ntaruvga tashabbusni qoraladi va buni turk millatining milliy manfaatlariga, mamlakatning demokratik tuzilishiga va huquqning ustunligiga nisbatan to’ntaruv sifatida baholadi.

Ozarbayjon Turkiya davlati va turk xalqini har doim qo’llab quvvatlashini tilga olgan Aliyev Turkiya fuqarolari demokratik yo’l bilan o’zi saylagan hukumatini himoya qilganini ma’lum qildi.

 Turkmaniston prezidentlik deportamenti ham tarixiy va azaliy qardosh davlat Turkiyada ro’y bergan hodisalarni yaqindan kuzatib borganini ma’lum qilib, turk xalqi va Turkiya davlatini qo’llab quvvatlashini bildirdi.

Yunoniston Bosh vaziri Aleksis Chipras: “Turkiyadagi hodisalarni yaqindan kuzatib borgan Yunoniston hukumati va xalqi Turkiyadagi demokratiya va konstitutsiyaviy nizomni qo’llab quvvatlaydi”,-dedi.

Gruziya Prezidenti Giorgi Margvelashvili va Bosh vaziri Giorgi Kvirikashvili, Ukraina Davlat rahbari Petro Poroshenko, Somali Prezidenti Hasan Shayh Mahmud, Qatar Amiri Shayh Temim Bin Hamad Al Sani, Pokiston Bosh vaziri Navaz Sherif, Avstriya Bosh vaziri Christian Kern, Angliya Tashqi ishlar vaziri Boris Jonhson, Eron Tashqi ishlar vaziri Muhammad Jevad Zarif, Marokko Tashqi ishlar vazirligi, Boltiq davlatlari Litva, Latviya va Estoniya, Tunis Nahda harakati lideri Rashid Al-Gannushi hamda Hamas Turkiyadagi harbiy to’ntaruv tashabbusini qoralab, turk xalqi va hukumatini qo’llab quvvatladi.



Aloqador xabarlar