Turkiyadagi ofat zonasida o‘zbekistonliklar ko‘magida 100 ta konteyner o‘rnatiladi

Turkiyada fevral oyida yuz bergan halokatli zilzilalardan keyin o‘zbekistonliklarning xayriya yordami doirasida Hatay viloyatining Antakiya tumanida 100 ta turar-joy konteyneri o‘rnatiladi.

1966552
Turkiyadagi ofat zonasida o‘zbekistonliklar ko‘magida 100 ta konteyner o‘rnatiladi

 

Turkiyada fevral oyida yuz bergan halokatli zilzilalardan keyin o‘zbekistonliklarning xayriya yordami doirasida Hatay viloyatining Antakiya tumanida 100 ta turar-joy konteyneri o‘rnatiladi.

Bu haqda "Anadolu" axborot agentligi xabar berdi.

Modulli uylar Istanbuldagi o‘zbek diasporasi tomonidan 2016 yilda tashkil etilgan Seyhun ta’lim va madaniyat uyushmasining bevosita ko‘magida o‘rnatilmoqda. Zilziladan keyingi dastlabki kunlardanoq uyushma o‘zbek xalqi ko‘magida tabiiy ofat hududida issiq ovqat tarqatishni ham tashkil qilgan edi.

Umumiy maydoni 21 kv.m. bo‘lgan konteyner ichida oshxona, hojatxona va hammom ham bo‘ladi. Konteynerlar issiqlik izolyatsiyasi bilan jihozlangan va turli mavsumiy omillarga chidamli. Ularni o‘rnatish 15 kishidan iborat jamoa tomonidan amalga oshiriladi.

Uyushma rahbari Tohir Abdulla so‘zlariga ko‘ra, uyushma zilziladan keyingi ikkinchi kundan boshlab, Elbiston viloyatida 17 kun davomida oziq-ovqat yordami ko‘rsatib, har kuni 1000 kishini oziq-ovqat bilan ta’minlagan.

"Keyinroq Turkiya hukumati Favqulodda vaziyatlarni boshqarish va oldini olish boshqarmasi (AFAD) ko‘rsatmasi bilan Antokiyaga yetib keldik. Ovakent hududida 100 ta konteyner o‘rnatishni rejalashtirganmiz. Ayni paytda 80 dan ortiq konteyner o‘rnatish uchun qurilish materiallari mavjud. Biz ularni o‘rnatmoqdamiz. Konteynerlarimizning o‘ziga xos jihati shundaki, ular murvat bilan mahkamlangan, ya’ni istak bo‘lsa yig‘ilib, ko‘chirilishi mumkin bo‘lgan tarzda ishlab chiqilgan", dedi Tohir Abdulla.

Uning aytishicha, Ovakent hududida konteyner o‘rnatish ishlari 15 kun ichida yakunlanadi. Bu hududda asosan 1980 yillarda ko‘chib kelgan o‘zbek diasporasi vakillari istiqomat qiladi.


Tanlangan kalimalar: #O'zbekiston , #zilzila , #Turkiya

Aloqador xabarlar