Nobel mukofoti sohibi Aziz Sanjar o‘zbek yoshlari bilan muloqot qildi

O'zbekistonning Turkiyadagi elchixonasi tashabbusi bilan turkiy dunyoning mashhur olimi, Nobel mukofoti sohibi Aziz Sanjarning o‘zbek yoshlari bilan onlayn shakldagi muloqoti tashkil etildi.

1916576
Nobel mukofoti sohibi Aziz Sanjar o‘zbek yoshlari bilan muloqot qildi

 

O'zbekistonning Turkiyadagi elchixonasi tashabbusi bilan turkiy dunyoning mashhur olimi, Nobel mukofoti sohibi Aziz Sanjarning o‘zbek yoshlari bilan onlayn shakldagi muloqoti tashkil etildi.

Tadbirda Prezident taʼlim muassasalari agentligi tizimidagi maktablar, xususan, Abu Ali ibn Sino nomidagi ixtisoslashtirilgan maktab o‘quvchilari, Turkiyada taʼlim olayotgan yoshlarimiz qatnashdi. Aziz Sanjar yoshlarga o‘zining ilmiy faoliyati haqida so‘zlab berdi, yigit-qizlarni ilm-fan va ijod bilan chuqur shug‘ullanishga undadi.

“Taraqqiyot uchun ilm zarur. Binobarin, siz matonat bilan bilim olishingiz darkor. Yoshlarimiz xalqaro darajadagi ilm-fan darajasini yaxshi egallashi kerak. Katta maqsadga erishish uchun kichik muvaffaqiyatlar qozonish, ilm pillapoyasidan bosqichma bosqich yuqorilash maqsadga muvofiq”, dedi Aziz Sanjar.

Turkiy dunyoda O'zbekistonning alohida o‘rniga ishora qilgan taniqli olim “Butun turkiy dunyoni alohida ardoqlayman. Uning ichida, ayniqsa, O‘zbekistonga mehrim bo‘lakcha. Sababi tarixda olimu ulamolarning yurti aynan O‘zbekiston bo‘lgan. 9-12 asrlarda bu zaminda ilm-fan gullab, ko‘plab allomalar yetishib chiqqan. Ibn Sino, Beruniy, Xorazmiy kabi daholar barchamizning iftixorimiz. Inchunin, O‘zbekiston – mening ham Vatanim, ota yurtim”,  deya taʼkidladi.

Maʼlumot uchun, Aziz Sanjar ixtisosligi bo‘yicha bioximik bo‘lib, hozircha turkiy davlatlar vakillari orasida Nobel mukofotini qo‘lga kiritgan yagona olim hisoblanadi.


Tanlangan kalimalar: #O'zbekiston , #Aziz Sanjar

Aloqador xabarlar