O'zbekiston geografik ko‘rsatkichlarni qo‘llash bo‘yicha Turkiya tajribasini o‘rganmoqda

Turkiya Respublikasi qishloq va o‘rmon xo‘jaligi vazirligining geografik ko‘rsatkichlar bo‘limidan Neshe Altintash Turkiyada geografik ko‘rsatkichlarni nazorat qilish, sertifikatlash va monitoring qilish qanday tashkil etilgani haqida ma'lumot berdi.

1875271
O'zbekiston geografik ko‘rsatkichlarni qo‘llash bo‘yicha Turkiya tajribasini o‘rganmoqda

 

Toshkent shahrida Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) xalqaro ekspertlari ishtirokida O‘zbekistonda geografik ko‘rsatkichlarni yanada samarali joriy etish va ulardan foydalanish bo‘yicha trening o‘tkazildi.

Ushbu tadbir O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi va Adliya vazirligi xodimlari uchun FAOning "Geografik ko‘rsatkichlar orqali barqaror oziq-ovqat tizimlarini mustahkamlash" loyihasi doirasida tashkil etildi.

Eslatib o‘tamiz, geografik ko‘rsatkich – bu xususiyati va obro‘si uning kelib chiqishi bilan bog‘liq bo‘lgan o‘ziga xos geografik kelib chiqishga ega mahsulotlarga qo‘llaniladigan belgi. Provansning zaytun moyi, Xitoy va Lion ipaklari, Samarqand qog‘ozi, Bavariya pivosi, Braziliya qahvasi, shotland viskisi, Seylon choyi, Bordo, Luar va Burgundiyaning uzumzor va vinolari bunga yorqin misol bo‘la oladi.

Qisqasi, geografik ko‘rsatkichlar mahsulotlarning geografik kelib chiqishi haqida o‘ziga xos belgilar bo‘lib, bu ularning sifati va o‘ziga xos xususiyati kafolati hisoblanadi.

FAO mutaxassislari ishtirokida ishlab chiqilgan hamda yaqinda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasining "Geografik ko‘rsatkichlar to‘g‘risida"gi qonuni tufayli mamlakatimizda ularning kelib chiqish joyi bilan chambarchas bog‘liq bo‘lgan an’anaviy tovarlar "geografik ko‘rsatkichlar" maqomiga ega bo‘lishi va intellektual mulk ob’ekti sifatida huquqiy himoyaga ega bo‘lishi mumkin.

Trening davomida Turkiya patent va tovar belgilari idorasining Geografik ko‘rsatkichlar bo‘limi boshlig‘i Hakan Qiziltepe Turkiyadagi intellektual mulk huquqlari va geografik ko‘rsatkichlar tizimi haqida taqdimot qildi va geografik ko‘rsatkich logotiplari, tovar belgilari va boshqa sifat belgilari o‘rtasidagi farqlarni tushuntirib berdi, shuningdek, ularni amalga oshirish uchun amaliy vositalar haqida gapirib berdi.

Turkiya Respublikasi qishloq va o‘rmon xo‘jaligi vazirligining geografik ko‘rsatkichlar bo‘limidan Neshe Altintash o‘z taqdimotida Turkiyada geografik ko‘rsatkichlarni nazorat qilish, sertifikatlash va monitoring qilish qanday tashkil etilgani va iste’molchilar to‘g‘risida xabardorlik bo‘yicha tadqiqotlar qanday olib borilishi haqida gapirib berdi.

Moldova Respublikasi intellektual mulk Davlat agentligining tovar belgilari departamenti rahbari Simion Levichi mamlakatda geografik ko‘rsatkichlarni qo‘llash bo‘yicha ilg‘or tajribadan foydalanish masalalariga to‘xtaldi.

FAOning agrar siyosat bo‘yicha mutaxassisi Dmitriy Zvyaginsev esa o‘z chiqishida geografik ko‘rsatkichlarni joriy etish fermer xo‘jaliklari daromadini oshirish va qishloq joylarini barqaror rivojlantirishga qanday xizmat qilishini asoslab berdi.

Ta’kidlash joizki, geografik ko‘rsatkichlarni keng joriy etish orqali O‘zbekistonning qishloq joylarini rivojlantirish FAO tomonidan amalga oshirilayotgan loyihaning asosiy maqsadi hisoblanadi. Loyihaning amalga oshirilishi qishloq xo‘jaligi va boshqa mahsulotlar ishlab chiqaruvchilariga marketing strategiyasini aniqlashga imkon beradi, shu bilan iste’molchilarning xabardorligini oshiradi va bozor ishtirokchilarining o‘zaro qiziqishini kuchaytiradi.


Tanlangan kalimalar: #O'zbekiston , #Turkiya

Aloqador xabarlar