Turkiyaning “Milliyet” gazetasida O'zbekiston haqida maqola chop etildi

Maqola O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning “Yangi O‘zbekiston – Uchinchi Renessans” islohotlar dasturi va tashabbuslariga bag‘ishlangan.

1836115
Turkiyaning “Milliyet” gazetasida O'zbekiston haqida maqola chop etildi

 

Turkiyaning “Milliyet” gazetasi sahifasida O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning “Yangi O‘zbekiston – Uchinchi Renessans” islohotlar dasturi va tashabbuslariga bag‘ishlangan maqola bosilib chiqdi.

“Dunyo og‘ir va sinovli davrni boshdan kechirayotgan bir paytda O‘zbekistonda tarixiy-madaniy meros asosida barpo etilayotgan tamaddun poydevori butun insoniyat uchun umid baxsh etadi. Dunyoning deyarli barcha hududlaridagi olimlar, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari ushbu madaniy merosni sinchiklab o‘rganib, uning ulkan salohiyatini eʼtirof etmoqda”, deb yozadi maqola muallifi, Anqara “Sohibqiron” strategik tadqiqotlar markazining rahbari Mesut Emre Karako‘se.

Taʼkidlanganidek, O‘zbekiston so‘nggi yillarda Prezident Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida yuksak marralar sari shaxdam qadamlar bilan odimlamoqda. Mamlakat rahbari tomonidan ilgari surilgan “Uchinchi Renessans” g‘oyasida ifodalangan islohotlar siyosati butun dunyoning diqqat markazidan joy olgan.

O‘zbekiston – jahon sivilizatsiyasining shakllanishiga munosib hissa qo‘shgan, boy siyosiy-iqtisodiy va madaniy merosga ega bo‘lgan mamlakatdir. Ilk davrlardanoq mamlakat hududida tashkil topgan davlatlar va yetishib chiqqan buyuk shaxslar, ayniqsa,  IX-XII va XIV-XV asrlarda cho‘qqiga ko‘tarilgan ikki buyuk Uyg‘onish harakatini yuzaga keltirgani barobarida oydinlik va maʼrifatparvarlik timsoli bo‘lib tarixda qoldi.

Xorazmiy, Beruniy, Ibn Sino, Farg‘oniy, Mirzo Ulug‘bek, Ali Qushchi kabi aniq va tabiiy fanlarning nufuzli namoyandalari qatorida Zamaxshariy, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Ahmad Yassaviy, Imom Moturidiy, Abu Muʼin Nasafiy singari iymon, hikmat va madaniyat dunyosini oziqlantirgan buyuk alloma va mutafakkirlar ham shu muborak zamindan yetishib chiqqani ayni haqiqatdir.

Bugun barcha o‘zbekistonliklar qalbidan joy olgan va umummilliy harakatga aylangan “Uchinchi Renessans” g‘oyasi zamirida yuqorida qayd etilgan Birinchi va Ikkinchi Renessans davrlarini shakllantirgan buyuk ajdodlar va donishmandlarning azaliy orzu-umidlari mujassamdir. Toshkent, Samarqand, Buxoro, Xiva va Termiz kabi shaharlarda ildiz otgan Uyg‘onish davrlariga oid tarixiy asoslarni sinchiklab o‘rganish va  tadqiq etish davr taqozosidir.

“Turkiy dunyo davlatlari, Turkiy davlatlar tashkiloti, TURKSOY, Turkiy Akademiya kabi muassasalar O‘zbekistonning tegishli tuzilmalari bilan keng hamkorlik qilib, “Uchinchi Renessans” davri qarashlarini rivojlantirish va mustahkamlashga o‘z hissalarini qo‘shishlari ham qarz, ham farz. Chunki jahon ilm-fani va tamadduniga benazir hissa qo‘shgan buyuk mutafakkirlarning ilmiy asarlari nafaqat vatanparvar, mard, jasur, tinchlikparvar va mehnatsevar O‘zbekiston xalqi, balki butun turkiy dunyo uchun faxr va sharaf manbaidir”, deya taʼkidlaydi muallif.

Shuningdek, maqolada joriy yilning mart oyida Turkiya va O'zbekiston o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 30 yilligi nishonlangan bir muhitda Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘anning O‘zbekistonga amalga oshirgan tashrifiga alohida eʼtibor qaratilgan.

“Tashrif doirasidagi muloqotlarda ikki davlat rahbarlarining o‘zaro hurmat, do‘stlik va ishonchga asoslangan ko‘p qirrali O‘zbekiston-Turkiya hamkorligini yana-da rivojlantirishga qaratilgan saʼy-harakatlari ikki qardosh davlat o‘rtasidagi munosabatlarni rivojlantirish uchun muhim ahamiyatga ega. Oliy darajadagi strategik hamkorlik kengashining ikkinchi majlisi samarali va muvaffaqiyatli o'tkazildi. Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarning natijalari yuksak baholandi. Ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlikni keng qamrovli strategik sheriklik darajasiga ko‘tarish, siyosiy, parlamentlararo, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar aloqalarni chuqurlashtirish bo‘yicha erishilgan kelishuv va muzokaralar chog‘ida imzolangan 10 ta hujjat ikki tomonlama munosabatlarni yana-da rivojlantirish va mintaqaviy hamkorlikni yuksaltirishga xizmat qilishi shubhasiz.

Darhaqiqat, chuqur ildizlarga ega bo‘lgan O‘zbekiston maʼnaviy merosning oltin havzalaridan biridir. Zero, ushbu tabarruk zamin nafaqat madaniyat va tamaddunlarni shakllantirgan noyob qadriyatlar vatani, balki tarixda salmoqli iz qoldirgan ilm-fan va sanʼat g‘oyalarining o‘chog‘i hamdir. Aynan shu meros va mustahkam poydevor “Uchinchi Renessans” muvaffaqiyatining garovidir”, deya xulosa qiladi “Milliyet” gazetasi.


Tanlangan kalimalar: #Turkiya , #O'zbekiston

Aloqador xabarlar