Asad Xo‘jayev Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo mamlakatlar yig'ilishida nutq so'zladi

"O‘zbekiston Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo mamlakatlar fuqarolariga tashkilot doirasidagi media mahsulotlar bilan tanishish uchun qulay sharoitlar yaratish tarafdori",-dedi AOKA rahbari Asad Xo‘jayev.

1827507
Asad Xo‘jayev Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo mamlakatlar yig'ilishida nutq so'zladi

 

O‘zbekiston Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo mamlakatlar fuqarolariga tashkilot doirasidagi media mahsulotlar bilan tanishish uchun qulay sharoitlar yaratish tarafdori.

Bu haqda 14 may kuni O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi rahbari Asad Xo‘jayev Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo mamlakatlarning OAV va axborot sohasida mas’ul idoralari rahbarlarining to‘rtinchi yig‘ilishida aytib o‘tdi.

Asad Xo‘jayev nutqi davomida O‘zbekiston quyidagi yo‘nalishlarda Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo mamlakatlar bilan hamkorlikdagi ishlarni davom ettirishni maqsadga muvofiq deb hisoblashini ta’kidladi:

•  Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo mamlakatlar teledasturlari, bosma OAV, axborot agentliklari, internet nashrlari mahsulotlari bilan tanishish uchun turkiy tilli mamlakatlar fuqarolariga maqbul sharoitlar yaratish;

•   o‘zaro kelishilgan qiziqarli mavzularda qo‘shma forumlar, seminarlar, konferensiyalar, davra suhbatlarini tashkil etish va o‘tkazish;

•   tarbiyaviy ahamiyatga ega telefilmlar, teleseriallar va multfilmlar ishlab chiqarish sohasida hamkorlik va axborot almashinuvini olib borish;

•   har yili elektron va davriy bosma nashrlardan faoliyat yuritayotgan jurnalistlar tanlovini uyushtirish;

• turizm salohiyati va madaniy-ma’rifiy hayot jarayonlari, ilmiy izlanishlar natijalari bilan a’zo mamlakatlar fuqarolarini tanishtirishga ixtisoslashgan tematik dasturlarni hamkorlikda tayyorlash;

•  a’zo davlatlarning milliy kunlarida teledasturlar hamda boshqa tegishli hujjatli filmlar va boshqa axborotlarni translyatsiya qilish imkoniyatini ta’minlash maqsadida a’zo davlatlarning milliy telekanallari o‘rtasidagi hamkorlik kelishuvlarini o‘rnatish.

Asad Xo‘jayev so‘zi davomida o‘tgan 3 yilda davlat organlari bilan aholi o‘rtasida ishonchli aloqalarni o‘rnatish uchun 380 ga yaqin davlat tashkilotlarida axborot xizmatlari faoliyati yo‘lga qo‘yilganini, bugungi kunda axborot xizmatlarida 1200 nafardan ortiq xodimlar faoliyat yuritayotganini ta’kidladi.

Shuningdek, u jurnalistlarning professional faoliyatida o‘z-o‘zini senzura qilishiga yo‘l qo‘ymaslik va erkin fikr bildirishini kafolatlash maqsadida Jinoyat kodeksidan tuhmat va haqorat qilganlik uchun ozodlikdan mahrum qilish jazosi olib tashlanganini qo‘shimcha qildi.

Uning qayd etishicha, O‘zbekistonda ommaviy axborot vositalari soni 2016 yildagi 1437 ta o‘rniga 1962 taga yetgan. Respublikada faoliyat yuritayotgan ommaviy axborot vositalarining 677 tasi veb-sayt sifatida ro‘yxatdan o‘tgan.

 


Tanlangan kalimalar: #Turkiya , #AOKA , #O'zbekiston , #Asad Xo‘jayev

Aloqador xabarlar