Toshkentda 23-Aprel Milliy mustaqillik va bolalar kuni nishonlandi

Bayramda turk va o‘zbek milliy qo‘shiq-raqslari ijro etildi. Ayniqsa, o‘zbek va turk bolalarining qo‘llarida har ikki davlat milliy bayroqlarini ko‘rib, o‘zaro hamdo‘stlik rishtalarining nechog‘lik mustahkam ekanligini his etish mumkin.

1817010
Toshkentda 23-Aprel Milliy mustaqillik va bolalar kuni nishonlandi

 

Joriy yilning 23 - aprel kuni O'zbekiston poytaxti Toshkentdagi Alisher Navoiy nomli kinoteatrda Turkiya Milliy mustaqillik va bolalar kuni nishonlandi.

Bu bayram Turkiyada alohida shukuh va tayyorgarlik bilan o‘tkaziladi.

 Bu kunda mamlakat bolalari milliy liboslarda Turk Respublikasi asoschisi Mustafo Kamol Otaturk maqbarasini ziyorat qilishadi va davlat arbobi poyiga gullar qo‘yishadi. Shu bilan birgalikda, ushbu kunda mamlakatdagi barcha bolalar uchun teatr sahna ko‘rinishlari va konsert dasturlari namoyish etiladi. Ilk marotaba bolalar kuni 1920 yilda Anqaradagi Buyuk Milliy Majlisning birinchi chaqirig‘i sharafiga bag‘ishlab o‘tkazilgan bo‘lib, bugungacha tantanavor tarzda nishonlanib kelinadi. 

Kelajak umidi - o‘sib kelayotgan bolalarga bog‘liqligini ta’kidlagan Mustafo Kamol Otaturk vasiyatiga binoan, 23-aprel — bolalar kunida kattalar o‘z joylarini vaqtinchalik kichiklarga bo‘shatishi odat tusiga kirgan. Xususan, Turkiyaning o‘zida mazkur bayram juda ham yuqori kayfiyatda kutib olinadi va bu festivalga nafaqat Turkiya davlati bolalari, balki dunyoning boshqa mamlakatlaridan bolalar taklif qilinishi bilan ajralib turadi. 

  - Mustafo Kamol Otaturk bu kunni bolalar bayrami deb e’lon qilishining sababi, Turkiya bu kun o‘zining  mustaqilligini qo‘lga kiritgan. Va, shu bilan birgalikda bu bayramni butun dunyo bolalariga Mustafo Kamol Otaturk hadya etdi. O‘zbekistonda esa bayram 2018 yildan beri nishonlanib kelinmoqda. Bu bayramga nafaqat turk maktabi balki O‘zbekistonning Toshkent shahrida joylashgan 12 ta musiqa va san’at maktablari, Haydar Aliyev nomli Ozarbayjon madaniyat markazi va Toshkentda faoliyat ko‘rsatayotgan Xalqaro maktablardagi vakillar qatnashmokda, deydi Turkiyaning O‘zbekistondagi elchixonasi vakili — Ali Aybkocha. 

- Shuningdek, pandemiya davrini ham O‘zbekistonda qiyinchiliklarsiz o‘tkazdik. O‘zbekiston hukumati har masalada, har tomonlama bizni qo‘llab-quvvatlab kelmokda, deydi u mamnuniyat bilan. 

Bayramda turk va o‘zbek milliy qo‘shiq-raqslari ijro etildi. Turk xalqi xushovoz xonandalari tomonidan kuylangan diltortar taronalar mehmonlarni bevosita raqsga chorlab yubordi. Ayniqsa, o‘zbek va turk bolalarining qo‘llarida har ikki davlat milliy bayroqlarini ko‘rib, o‘zaro hamdo‘stlik rishtalarining nechog‘lik mustahkam ekanligini his etish bilan birga, Turkiya davlatining O‘zbekiston mamlakatiga bo‘lgan yuksak hurmatini ham ko‘rish mumkin.  



Aloqador xabarlar